OILA MUQADDAS DARGOHDIR…

OILA MUQADDAS DARGOHDIR…
Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Chunki, o‘zaro mehrli bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham bir-birlariga mehribon bo‘ladilar. Bu xususda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan: Al-Mug‘ira bin Shu’ba roziyallohu anhu aytadilar: Men bir ayolga sovchi qo‘ydim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Uni ko‘rdingmi?” – dedilar. Men: Yo‘q, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rgin, ko‘rib (bilib) turmush qurishlik o‘rtangizda ulfat va muhabbat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.
Keyingi paytlarda oila mustahkamligi, kelin-kuyovning baxtli, tug‘ilajak zurriyotlarning sog‘lom bo‘lishini o‘ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ham joriy etildi. Avaylab-ardoqlab voyaga yetkazgan qizini ne-ne umidlar va katta xarajatlar bilan turmushga uzatgan, qizlari tufayli kuyovli bo‘lgan, nabiralarni orzu qilgan ota-ona to‘ydan ko‘p o‘tmay kuyovining bedavo dardga yo‘liqqanini bilsa, qay ahvolga tushishini bir o‘ylab ko‘ring. Yoki olgan keliningiz bedavo xastalikka chalingan bo‘lsayu, ota-onasi buni yashirib, uzatib yuborishgan bo‘lsa-chi? Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish, oila va farzandlar iqbolini o‘ylab, sog‘lom oila va turmushni barpo etish maqsadida joriy etilgan bu tadbirning kelin-kuyovga ham, ularning yaqinlariga ham faqat foydasi bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min-mo‘minga firib berishligi, uni aldashi mumkin emasligini ta’kidlab shunday deganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim firib bersa, u mendan emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa, erning mavqesiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi balki, el-yurt, mahalla ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi. Oilani boshqarish mas’uliyatini Alloh taolo Qur’oni karimda erkaklarning zimmasiga yuklagan.
Yana bir muhim masala, bu – qurilgan oilani bus-butun saqlab qolish. Dinimizda oila qurishga targ‘ib etish bilan birga, uni yaxshilik bilan tutishga buyurilgan. Agar er-xotin o‘zaro kelisha olmagan taqdirlarida isloh qilish uchun har ikki tomondan hakamlar jalb etish lozim bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday deyilgan: “Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir” (Niso surasi, 35-oyat). Zero, er-xotinning orasini isloh qilish eng savobli amal sanaladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, farzandlarimizni barkamol bo‘lmoqlarini nasib etsin…

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari