Mazhabni lozim tutaylik!

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda asli noaniq kimsalar tomonidan gʼarazli maqsadlar sari bemazhablikka targʼib qilish keng bahs-munozaraga sabab boʼlmoqda. Keling, iymon koʼzi bilan Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bu borada kelgan hukmlarga qaraylik. Аlloh taolo Аnbiyo surasining 7-oyatida “Аgar bilmasangiz zikr ahllaridan soʼrang” deb marhamat qilgan. Mazkur oyatning mazmunidan kelib chiqib, ulamolar quyidagi fikrga ijmoʼ qilganlar: “Ushbu oyat hukm va uning dalilini bilmaganlar bilganlarga ergashishlariga buyruqdir”. Usul ilmi ulamolari omi inson mujtahid olimga ergashishi vojib ekaniga mazkur oyatni asos qilib olganlar. Shuningdek, toʼrt mazhab imomlari “Zikr ahli”dan ekanliklariga butun ummat olimlari ittifoq qilishgan.
Imom Аli ibn Аbdulloh Samhudiy oʼzlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu toʼrt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz oʼgirishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”. Imom Samhudiy soʼzlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Paygʼambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor, yaʼni: “Аgar ixtilofni koʼrsangiz, oʼzingizga koʼpchilik tomonni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.
Imom ibn Ahmad ash-Shaʼroniy oʼzlarining “Al-Miyzan ash-shaʼroniya” asarlarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan. “Aslida sahoba va tobeinlar davrida mazhablarning soni oʼn sakkizta boʼlgan. Ularning barchasi oʼz vaqtida amalda boʼlgan. Lekin vaqt oʼtishi bilan ular orasida toʼrt yirik: hanafiy, molikiy, shofeʼiy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur toʼrt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning taʼlimotlari boshqa mazhablardan kuchliroq boʼlgani uchun emas, balki toʼrt mazhab boshqa oʼn toʼrt mazhab taʼlimotini ham qamrab olganidir”. Demak, koʼplab mazhablar orasidan faqat toʼrttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos boʼlgan.
Afsuslar boʼlsinki, soʼngi yillarda mana shunday butun ummat olimlari eʼtirof etib, ergashib kelgan mazhabdan baʼzi ilmsiz kimsalar yuz oʼgirib, oʼzlaricha bir nechta hadisni eshitib olib, maʼnosini tushunib-tushunmay: “Men oʼzim Qurʼon va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”, – deb qilgan daʼvolari goʼyoki, kecha tugʼilgan chaqaloq “bugun oʼzim dengizda qayiqsiz suzaman” deb, aytgan gapiga oʼxshaydi. Bilmaydilarki, hadis ilmining sultonlari boʼlgan va minglab hadislarni oʼrganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Xatolarining asosiy sababi – ular mazhab oʼzi nima, mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir.
Demak, bir mazhabni lozim tutish baʼzilar oʼylagandek gumrohlik emas, balki eng haq yoʼl ila Аlloh taoloning roziligiga erishishdir.

“Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus islom bilim yurti Fiqh fani oʼqituvchisi Maxsumov Maqsud