Oʼtgan ulamolarimizning fatvo berish borasida oʼzlarida qoʼrquv hissini tuyishlari

Bismillahir rohmanir rohiym

Bugungi kunda diniy bilimlarni xoh u aqiydaviy masalalarni yechimlari boʼlsin va xoh sharʼiy masalalarga taalluqli yechimlar boʼlsin diniy bilimga ega boʼlgan yetuk mutaxassislar gapirishi kerakligi toʼgʼrisida ulamolarimiz takror-takror aytishlariga qaramasdan, turli yigʼinlarda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda qoʼrqmasdan oʼzlarini toʼgʼri-notoʼgʼri fikrlarini tiqishtirayotgan holatlar koʼp uchramoqda. Bu achinarli holat, albatta. Shundan kelib chiqib, quyida oldin oʼtgan ulamolarimiz sharʼiy masalalarni yechish va unga munosabat bildirish toʼgʼri kelib qolganda oʼzlarini qanday tutganliklari haqida soʼz yuritamiz.
Imom Navaviy rahimahulloh oʼzlarining “Sharhul-muhazzib” kitobining muqaddimasida quyidagi soʼzlarni keltirgan:
“Bilingki, fatvo berish juda xatarli, shu bilan birga darajasi baland va koʼp fazilatli ishdir. Chunki, fatvo beruvchi kishi paygʼambarlarning merosxoʼri hamda zimmasidagi farzi kifoyani ado etuvchi kishi hisoblanadi, biroq u har doim xatar ichida boʼladi. Shuning uchun ham muftiy Аlloh taoloning nomidan imzo chekuvchi hisoblanadi, deyishgan”.
Bundan tashqari oʼtgan salaflarimiz fatvo berishda oʼzlarida doimo qoʼrquv hissini tuyganliklari va hamda imkon qadar undan saqlanganliklari toʼgʼrisida koʼpgina maʼlumotlar mavjud. Ibn Аbdulbarr rahimahulloh Uqba ibn Muslimdan sanad bilan keltirgan rivoyatda, u: “Men Ibn Umarga oʼttiz toʼrt oy hamrohlik qilganman, undan biror narsa soʼralganda, koʼpincha bilmayman deb javob berar edi va keyin menga yuzlanib, bilasanmi bular nima qilishmoqchi, bular bizni orqamizni oʼzlari uchun jahannamga oʼtadigan koʼprik qilib olishmoqchi”, der edi.
Xatib Bagʼdodiy rahimahulloh “Аlfaqih val-mutafaqqih” asarini “Shoshqaloqlik bilan fatvo berishda toyib ketish ehtimoli borligi uchun undan qaytarish” bobida Аlloh taoloning Zuxruf surasi 19-oyati “Tezda ularni guvohliklari yozib olinur va oʼzlaridan ham soʼralur”, Аhzob surasi 8-oyati “Toʼgʼri soʼzlaganlarni oʼsha gapirgan toʼgʼri soʼzlari haqida soʼraydi ” va hamda Qof surasi 18-oyati “Ogʼzidan nima soʼz chiqsa uning oldida tayyor turgan kuzatib turuvchi mavjuddir”, oyatlarini keltirib, uni ortidan, sahobalar raziyallohu anhum qanday qilib biror fatvo berib qoladigan boʼlsalar ham boʼlib oʼtgan voqea-hodisalargagina fatvo berar edilar, chunki Аlloh taolo bu narsani javobiga ularni muvaffaq qilishiga ishonar edilar. Shuningdek, ularning barchalari oʼrnimdan sherigim fatvo bersaydi deb turar edilar.
Xatib Bagʼdodiy rahimahulloh sanad bilan Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u kishi: “Men uch yuzta Badr jangi qatnashchilarini koʼrganman, ularni barchalari oʼrnimdan sherigim fatvo bersaydi deb turar edilar”, dedilar. Imom Shofeiy rahimahulloh men Ibn Uyaynachalik Аlloh fatvo berish qirralarini jam qilgan biror bir odamni koʼrmaganman, u oʼzidan fatvo berib yuborishdan judayam tiyilar edi, degan ekan. Sufyon ibn Uyayna rahimahullohni oʼzlari odamlar ichida fatvo berishga eng bilimdoni koʼproq jim turadiganidir va fatvo berishdagi eng bilimsizi koʼproq gapiradiganidir degan ekan. Bishr ibn Horis rahimahulloh kim odamlarni oʼzidan savol soʼrab murojaat qilishlarini yaxshi koʼrsa u savol soʼralishga haqli odam emas degan ekan.
Muhammad Taqiy Usmoniyning “Usulul-iftai va adabuhu” kitobidan foydalanildi, (Davomi keyingi sonlarda)

Raximov Abdurauf, o’qituvchi