ISLOMDA MUTAASSIBLIK QORALANGAN AMALDIR…

ISLOMDA MUTAASSIBLIK QORALANGAN AMALDIR…

Mutaassiblik – o‘z fikr-mulohaza va dunyoqarashi to‘g‘riligiga o‘ta qattiq ishonib, boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo‘lish demakdir. Mutaassiblikka yo‘liqqan shaxs yoki guruhlar jamiyatda beqarorlikni vujudga keltirishga urinadilar.
U jamiyat, xalq, qolaversa, bir din vakillari orasida hurmatsizlik, kelishmovchilik, o‘zaro adovat va firqachilik kabi salbiy omillarni keltirib chiqarishi bilan ham o‘ta xavfli xususiyat kasb etadi.
Islom dini mutaassiblikka xayrxohlik bildirmaydi. Aksincha, teran o‘ylashga, boshqalarga nisbatan murosali bo‘lishga chaqiradi.
Islom dini poydevori bag‘rikenglik va yengillik asosiga qurilganini eslashimiz o‘rinlidir. Shu ma’noda, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi-sharifda shunday deyiladi: “Albatta, din yengillikdir. Kim dinda chuqur ketsa, (din) uni yengadi”.
Mutaassiblikning salbiy oqibatlari juda ham ko‘p. Jumladan, o‘zgalarga nisbatan tahqir va malomatlarni yog‘dirish, o‘zganing fikrini eshitmaslik hamda xolislikning yo‘qolishi natijasida haqiqatdan yuz o‘girish, kishilarni dindan bezdirish, musulmonlar orasida kelishmovchilikni chiqarish va bir qancha xatarlari mavjud.
Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi-sharifda Nabiy alayhissalom Muoz roziyallohu anhu va uning sherigini Yamanga jo‘nata turib: “Engil qiling va qiyin qilmang. Xushxabar bering va nafratlantirmang. O‘zaro yordam bering va ixtilof qilmang”, – degan ekanlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo “Josiya” surasi 23-oyatida shunday marhamat qiladi: “(Ey Muhammad), havoyi-nafsni o‘ziga “iloh” qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yo‘ldan ozdirib, quloq va ko‘nglini muhrlab, ko‘z oldiga parda tortib qo‘ygan kimsani ko‘rganmisiz? Bas, uni Alloh (yo‘ldan ozdirgani)dan so‘ng kim hidoyat qila olur?! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!”.
Demak, mutaassiblik ortida havoyi-nafsga ergashish kabi qabih sifat ham mujassam ekanini ko‘ramiz. Biror-bir fikrda taassublik qilish va uni boshqalarga majburlash shar’an man qilingan ishdir. Haqiqatligida shubha bo‘lmagan ishda, agar boshqalarga zarar berilmasa, o‘sha ishga chin dildan kirishish yaxshiroqdir.
Asrimizning ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan Muhammad Sa’id Ramazon Butiy o‘z asarlaridan birida mutaassiblik haqida quyidagi fikrni bildiradi: “Men bu zamonda ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi-nafsidan kelib chiqadigan, hukmlari shar’iy dalillar hukmi bilan birlashmaydigan va ularning hujjatiga bo‘ysinmaydigan yangicha islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman”.
Demakki, dinni o‘zining dunyoqarashi doirasida mahkam tutish, undagi vojib amallarni ado qilishda ularga ergashmagan kishilarni yomon ko‘rish, ular bilan nizo chiqarish, tarqoqlik va fitnaga sababchi bo‘lish ayni mutaasiblikning yorqin ko‘rinishidir.
Xulosa qilib aytganda, islom dini mutaassiblikning har qanday ko‘rinishi, xususan, kishining o‘z fikrida murosasiz bo‘lishini qattiq qoralaydi. Zero, Alloh taolo Kalomi sharifida marhamat qiladi: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og‘ir bo‘lishini istamaydi” (Baqara, 185).

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari