Ilm — yorugʼlik, jaholat — zulmatdir

Insoniylikning eng muhim shartlaridan biri, bu maʼnaviy va maʼrifiy bilim olish hamda kasb-hunar egallash boʼlib, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, voyaga yetkazishda muhim omillardan hisoblanadi.
Har bir inson yoshlik vaqtida ilm va maʼrifat, hunar va sanʼatga ega boʼlishga harakat qilmasa, hayoti davomida koʼplab qiyinchiliklarga duchor boʼlishi tayin. Xalqimizda “Gʼayratlikdan imon qutilmas” degan naql bor. Gʼayrat qilishlik imonga, vijdonning pokligiga dalolat etadi. Hazrati Umar eshik oldida bekor oʼtirgan bir kishini koʼrib, “Gʼayratsiz kishilardan Xudo bezor…” degan ekan.
Аql idroksiz, ilmu hunarsiz kishi hamisha foydasiz boʼlib, hech kimga manfaat yetkazmaydi. Goʼyoki tikanli buta kabi tanasi bor ammo soyasi yoʼq. Xalqimizda “Idrok soʼqir boʼlsa, koʼrar koʼzdan ne foyda” degan naql bejizga aytilmagan boʼlsa kerak.
Demak, har bir ota-ona farzandiga molu dunyo emas, balki aqlli, idrokli, didli, farosatli qilib tarbiyalab, odob-axloq, ilmu hunarni meros qilib, qoldirishi lozim. Rivoyat qilinishicha: “Misr hukmdori bilan Rum hukmdori oʼzaro kelishib, doʼstlik ahdini tuzdilar va oradagi adovatga barham berdilar. Hatto Misr hukmdori Rum hukmdorining qizini oʼgʼliga nikohlab, qizini esa Rum shahzodasiga uzatdi. Ularning doʼstlik va qarindoshlik aloqalari uzoq davom etdi. Bir kuni Rum hukmdori qudasiga bu mazmundagi maktubni yoʼlladi: Koʼzlarimizning nurlari boʼlmish aziz farzandlarimizning bizlardan keyin ham farogʼatda yashamoqliklari uchun hozirdan chora-tadbir koʼrishimiz kerak. Men oʼgʼlim uchun juda koʼp oltin jamladim. Chiroyli bogʼ va saroy barpo ettirdim. Siz ham shunday qilgandirsiz? Misr hukmdori maktubni oʼqib tabassum qildi va bu javobni yoʼlladi: Аzizim, men sizdan koʼra sal boshqacharoq yoʼl tutdim. Vafosiz mol-dunyo va matohlariga iltifot etmaganim tufayli oʼgʼlimga oltinu javharlar emas, ilm, hunar, odob, axloqni meros etib qoldirishni istadim. Uni ilmli, hunarli, xushaxloqli qilib tarbiyaladim. Uni yaxshi adab libosi bilan bezadim. Mol-dunyoga qachondir zavol yetadi, ammo men qoldirayotgan merosga hech zamon zavol yetmaydi. Bu meros farzandimni har qanday balo-ofatlardan omon saqlagay.” degan ekan.
Bugungi kunda oʼz ilmu hunari, odob-axloqi bilan halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar son – sanoqsiz topiladi. Lekin, oramizda shunday badnafs, tekintomoq kimsalar ham bor ekanki, ular oʼtkinchi mol – dunyo uchun vatanini, hamyurtlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmaydilar. Bunday razillik, tubanlik botqogʼiga botgan kishilarni ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz koʼrib, bilib turibmiz.
Oyat va hadislardan maʼlumki, qaysi bir bandaning eng asosiy maqsadi va tashvishi dunyo boʼlsa, garchi u boy-badavlat boʼlsa-da, Аlloh uning koʼzi oldiga faqirligini keltiradi. Kelajagi haqida yomon va tashvishli fikrlar girdobiga soladi. Hirsi va ochkoʼzligini ziyoda qiladi. Bunday banda qalb xotirjamligi, sokinlik neʼmatidan bebahra qoladi. Doimo biron-bir oʼtkinchi muammolar ustida sarson-sargardon holida kezadi. Vaqtini faqat dunyoning oʼtkinchi muammolari bilan oʼtkazadi. Unga taqdirida yozilgan rizqidan boshqa nasiba yetmaydi va unga xayr-baraka ham berilmaydi.
Dinimiz mol-mulkning eng yaxshisi va yoqimlisi peshona teri bilan topilganini taʼkidlash barobarida ishyoqmaslik, tanballik, bekorchilik, tilanchilik, oʼzgalarga yuk boʼlish kabi illatlar girdobiga tushib qolishdan ogohlantirib, bu kabi zararli odatlardan qaytargan.
Rasululloh (s.a.v): “Kim odamlarning qoʼliga qaram boʼlmaslik va iffatini saqlash uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi toʼlin oy kechasidagi oy kabi (porlagan holda) boʼlib Аllohga yoʼliqadi”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa: “Kim mol dunyoni maqtanish va boshqalardan koʼpligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Аlloh taoloni oʼziga gʼazab qilgan holda uchratadi”, deb marhamat qilganlar.
Bilimli, dono, ilmiga amal qilgan insonlar johillik, befarqlik, yalqovlik kabi illatlardan xalos boʼladi, tinmay mehnat qiladi, kishilar oʼrtasida hurmat-eʼtibor qozonadi. Ota ham, ona ham yaxshi niyat bilan farzandlar salohiyatini bosh maqsad deb bilishsa va ularni odob-axloqli, ilmu hunarli qilib tarbiyalasalar, albatta goʼzal oqibatga erishiladi.

Аzamat USMONOV