Onajon – bosgan qadamlaringiz osti men uchun jannatdir…

…Uyga borganimda, darvozadan peshvoz chiqmasangiz, qalbim yayramaydi. Sizni shu hovlida qadam tovushlaringizni eshitmasam, koʼnglimdagi yorugʼlik ham zulmat kabi boʼlib qoladi onajon… Sizni “Keldingmi bolam” degan qarashingizda, bir olam quvonch koʼraman onajon… Qalbimdagi yechimsiz tashvishlarim goʼyoki sizning yuzingizdagi birgina tabassumni koʼrganda, hech tashvishi yoʼqdek bir zumda unut boʼladi onajon. Bu qanday holatki, inson shu qadar yashash uchun betinim tarzda hayot kechiradi-yu, ne-ne orzular ketidan quvib charchamaydi…. gohida ish, roʼzgʼor, yumush, pul topish dardida sarson boʼlib, ishimizni hal boʼlishi uchun beshbegona insonlarni koʼnglidan chiqamizu, ammo oʼzing uchun yaqin boʼlganlarni birgina yoʼqlash kelganda esa vaqt topa olmaymizki, xuddi butun dunyo tashvishi birgina bizning boshimizga tushgandek goʼyo, qaerlargadir shoshamiz… Tirikmiz, yashab qolishimiz kerak deb, kimningdir yashash joyiga havas qilib, pul topish dardida sarson boʼlamiz, mashina minishim kerak deb, yelib yuguramiz, farzandlarimizni kelajagini taʼminlaymiz deb, kechani kecha, kunduzni kunduz demay chopamizu, lekin oʼylamaymizki, biz yashab turgan osmon ostida yotishga boshponasi yoʼq, ammo yashayotgan kunini qadrini bilib, nolimay shukur qilayotgan insonlar ham borligini unutib qoʼyamiz… Kimlardandir kam boʼlmay deb, qimmatbaho telefonlarni olishga intilamizu, ammo oʼn millionlik telefon ham yuz ming soʼmlik telefon ham aloqa uchun xizmat qilishini his qilmaymiz… Farzandlarimizni kelajagi bizni tashvishlantiradiyu, ammo ularni tarbiyasiga kelganda esa, oqsoqlanib qolamiz… Eh, bu qanday dunyo onajon?! Baʼzan tashvish koʼpligidan yashashni ham xohlamay qolarkanmiz… nega onajon…?! Yashash uchun hamma narsamiz bor yetarliku, lekin qalbimizdagi boʼshliqni toʼldirolmay nimadir baribir yetishmayotgandek tuyulaveradi, koʼngil nimanidir xohlayotganini anglayolmay qolamiz… Qalbimga quloq solganimda, u “mehr”ga muhtoj ekanligini anglayman onajon. Baʼzan tashvish tanamni charchatganida, gʼuborlarimni farzandlarimni erkalatib toʼkaman, ammo vaqti kelganda hech kimni tasallisi, yupatishiga qoniqmayman… Bu qaynoq mehringizni faqatgina sizdan tuyaman onajon. Tizzangizga boshimni qoʼyganimda, roʼzgʼor qilib, mehnat qilib charchamagan bu qadoq qoʼllaringiz yuzlarimni, boshimni silaganda, shunaqangi xotirjamlikni his qilamanki, qoʼllaringiz qadoqlari yuzlarimga qanchalar yoqishini tasvirlab bera olmayman onajon… Koʼzlarimni bir zum yumganimda, koʼz oldimda bolalik xotiralarim yodga tushadi. Eslaysizmi onajon, opa-singillarim, aka-ukalarim bilan dasturxon boshida koʼp quloqsizlik qilib, sizni charchatib tashlar edik, lekin biror marta ham qoʼpol gapingizni eshitmaganmiz onajon… Bizlarga qarab, nimalarnidir pichirlab gapirib quyardingiz hattoki eʼtibor ham qilmas edik, onajon. Аka–ukalarim koʼchadan kuylaklari changi chiqib, baʼzan yirtib kelgan vaqtlarida ham hech yomon gap bilan ranjitmas edingiz. Tobingiz qochganida, farzandlaringiz koʼmagiga muhtoj boʼlib, bizlarni birimizni maktabdan bir kungina qolishimizni soʼrab, mayus boqqaningizda, bahona qilib, “bugun yozma ish boʼladi”, “bizlardan oʼqituvchimiz diktant olishlari kerak, hamma toʼliq boʼlishi kerakda” der edik onajon, lekin Siz kulimsirab, “mayli qizim” deb, orqamizdan duo qilib qolardingiz… Oʼshanda qalbingiz qanchalar ogʼriganini hozir his qilsam, oh… shunchalar sizga mehribonchilik qilolmaganlarimni oʼylasam, oʼzimdan xafa boʼlib ketaman onajon… Yuzlaringizdagi ajinlarni sanagim va har bir chiziqni tarixini yozgim keladi, chunki bu nurli yuzingizdagi ajinlar bizning tashvishlarimiz tufayli tushgandir onajon… Boshingizdagi oq sochlaringiz soni kundan kunga koʼpayayotganligini koʼrib, qaniydi oldingidek uzun, tim qora sochlarinigizni qaytara olsaydik, afsus bunday moʼʼjizani qila olmaymizda Onajon… Bu siymoni satrlarda ifodalasam, qogʼozlarning bardoshi yetmas, toʼkilayotgan siyohning adogʼi koʼrinmasa kerak… Umringizni koʼchirgan satrlarim qiyofangizni chiza olarmikin onajon?! Bilaman mening notavon qalbim yarmiga bormay sinsa kerak… “Tosh kelsa, kemirdim, suv kelsa simirdim” deb gapirib qolasiz baʼzan. “Nega, bu tosh tishlarimni sindirdi demaysiz” deganimda, “Sizlar uchun hayot sinovlariga togʼlarga yelkamni tutaman”, deb javob berasiz-a… “Ogʼriqlaringni olay bolajonim” deya, jon koyitasiz…. “Sizni ogʼriqlaringizni kim oladi Ona?” desam, “Koʼnikkanman qizim, sizlarni baxtingiz badaliga kelgan ogʼriqlardan aylanay” deysiz… Tavba, Buyuk Tangrim Sizni qanday muhabbat bilan yaratdi?! Men ham Sizdek boʼla olarmikinman?! Onajon, qanchalar sizga oʼxshagim keladi….

N. Berdieva Oʼquv-uslubiy boʼlim boshligʼi