Qurʼon oyatlaridan gʼarazli manfaatlarda foydalanmang!

Jihod bu – ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan baʼzi bir “daʼvatchilar” daʼvo qilayotganidek islomni kuch bilan yoyish, qurol yordamida tarqatish vositasi emas. Аksincha, dushmanlikni ketkazish, zulmni bartaraf etish va zaiflarni himoya qilish yoʼlidir.

Tarixdan maʼlumki Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarni iloji boricha qoʼlni tiyishga va mushriklarni kechirishga chaqirar edilar. Hatto oʼzini himoya qilish uchun ham kofirlarga qarshi jang qilishga ruxsat yoʼq edi. Аlloh taolo: “Oʼzlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun ularga (urush uchun) izn berildi. Аlloh ularga nusrat berishga oʼta qodirdir” (Haj 39) oyatini nozil qildi va bu musulmonlar uchun kofirlarga qarshi urush qilishga izn beruvchi birinchi oyat boʼldi. Eʼtibor bering! Аlloh taolo “Oʼzlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun…” demoqda. Demak, Quraysh kofirlari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va u zotning sahobai kiromlariga istaganlaricha ozor berishgan, zulm qilishgan va musulmonlarga qarshi urush ochishgan. Va nihoyat mazkur oyat karima bilan musulmonlarga mazlum boʼlganlari, azob-uqubatga qolganlari uchun kofirlarga qarshi urush qilishga ruxsat berilgan. Shuni ham taʼkidlash joizki, jihod – hech qachon hukumat barpo qilish yoki yoʼq joydan qoʼzgʼolon koʼtarish uchun joriy etilmagan.

Bugungi tinchlik va musulmonlar ibodatlarini emin-erkin bajarayotgan zamonda ijtimoiy tarmoqlar orqali jihod oyatlaridan oʼz manfaatlari yoʼlida foydalanishga urinayotganlarga aytamizki, Аllohdan qoʼrqing!,    Sizlar oʼz nafsingizga qarshi katta jihod qiling!, Qurʼon oyatlaridan gʼarazli manfaatlarda foydalanmang!, Qurʼoni karimda jihod va qitoldan koʼra juda koʼp uchraydigan va takror-takror keladigan “afv”, “kechirim”, “lutf”, “adolat” kabi soʼzlarni ham borligini unutmang! Yoshlarning umrini xazon qilmang! .

Shu oʼrinda aziz vatandoshlarimizga ham shuni taʼkidlab oʼtamizki, haq yoʼlda barqaror boʼlib, ahli sunnat va jamoatdan toyilmang! Har kimning gapiga kiravermang! Koʼp va xoʼp gaplariga aldanib qolmang! Jang maydonlarida halok boʼlayotganlar Аlloh yoʼlida shahid emas, balki gʼarazli kuchlarning “rahnamolari” yoʼlida murdasi bekafan, bejanoza, xor boʼlayotganlar ekanini unutmang!!!

Аzamat Usmonov