O’z joniga qasd qilish – gunohi kabira

Alloh taolo odamzotni azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha’nini ulug’lab, yer yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha’niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo’ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O’zimiz yaratgan ko’p jonzotlardan afzal qilib qo’ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Islom dini ta’limotlarida, xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o’rinlarida insonning o’z joniga qasd qilishidan qat’iy qaytarilgan. Sobit ibn Zahhok roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bu dunyoda o’zini biror narsa bilan o’ldirsa, qiyomatda ham unga o’sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, Alloh taolo aziz qilgan insonning o’z joniga qasd qilishi, o’z qonini to’kishi xuddi boshqalarning joniga qasd qilish kabi eng og’ir gunoh sanaladi. Qur’oni karimda aytiladiki: “Biror jonni o’ldirmagan yoki Yerda (buzg’unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o’ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o’ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o’limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).
Dinimizda nafaqat o’zini qasddan o’ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo’lish ham qattiq qoralanadi. Bu haqda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo’lgan: Ali ibn Shaybon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim uyning atrofi o’ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o’lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho’kib o’lsa, unga ham hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati).
Ayni damda, Islom dinida o’zini o’zi o’ldirishga olib keladigan, inson umriga zomin bo’ladigan ishlarda hech kimga itoat etish lozim emasligi ta’kidlangan. Quyidagi rivoyat shunga dalolat qiladi: Ali roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir joyga qo’shin yuborib, ularga ansorlardan birini rahbar etib tayinladilar. Yo’lga chiqishgach, rahbar ularni sinamoqchi bo’lib: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlarni menga itoat etmog’ingizga buyurganlar, shunday emas-mi? – dedi. Ular: Huddi shunday, deyishdi. Shunday ekan, o’tin to’planglar, dedi va olov keltirib, unga o’t yoqdi, so’ngra: mana shu otash ichiga kirishinglarga buyuraman, dedi. Ular otash ichiga kirishga shaylanib turganlarida oralaridan bir yigit: Rasulullohning huzurlariga aynan otashdan qochib kelgan edingiz-ku, bas shoshilmang, avval Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boring, agar otashga kirishingizga U zot ham buyursalar kirasizlar, dedi. Shundan keyin Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bo’lgan voqeaning xabarini berdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar otashga kirganingizda undan abadiy chiqa olmas edingiz. Itoat faqat shariatga muvofiq ishlardadir”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Afsuski, bugungi kunda ba’zi adashganlar turli rahnamolarning buyruqlari va fatvolariga tayanib, o’zlarini portlatib shirin jonlariga qasd qilishni halol sanamoqdalar. Yuqorida keltirilgan hadis, aynan mana shunday toifadagi kishilarning qilayotgan ishlari xato ekaniga yorqin dalil bo’ladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch va osoyishta saqlab, hayotimizni O’zi rozi bo’ladigan xayrli va savobli amallar bilan o’tkazmog’imizni barchalarimizga muvaffaq qilsin..

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari