Odam o‘ldirish gunohi kabiradir

Allohga hamdu sanolar, payg‘ambarimizga salot va salomlar bo‘lsin.
Hech kimga sir emas keyingi vaqtlarda ijtmoiy tarmoqlarda adashgan oqim va toifalarning vakillari din nomidan gapirib ko‘pgina fitnalarga sabab bo‘lishmoqda. Ming afsuski ularning botil da’volariga aldanib qolayotganlar ham topilmoqda. Eng achinarlisi bundaylarning soni kundan kunga ko‘payib bormoqda. Shuning uchun xalqimizga sof islomiy aqidani to‘g‘ri tushuntirish va adashgan toifalarning botil da’volarini asossiz ekani isbotlash har qachongidan muhim hisoblanadi.
Jonkuyar ustozlardan Rustamjon domla va Rahmatulloh Termiziy domlalar o‘zlariga xos uslub bilan vatandoshlarimizga muqaddas islom dinining asl mohiyati, dinimizda bajarish lozim bo‘lgan amallar, ibodat va muomalat masalalari kabi mavzulardagi chiqishlari bilan ko‘pchilikning diqqat e’tiboriga tushib ulgirdilar.
O‘tgan hafta “facebook”da Ahmad Muhammad nomli profilda ushbu ikki ustozga o‘lim bilan tahdid qilishga qaratilgan quyidagi “…O‘ldirish kerak. Jiddiy aytyapman, o‘ldirish kerak uni. Bir hamla qilib, bir kechada Termiziy, Rustam, uni bir yoqlik qivorilsa, qolganlari biroz sergak tortib, o‘ziga kelardi. Albatta planni pishiq qilib, xolis Allohning rizoligini maqsad qilgan holda kirishilsa” – degan satrlar paydo bo‘ldi.
Aftidan Allohning rizosini topish musulmonning qonini to‘kishda deb hisoblaydigan bu kabi nobakor nusxalar odam o‘ldirishning qanchalar og‘ir gunoh ekanini bilmaydilar shekilli. Yoxud bilsalar-da maqsadalari yo‘lida har qanday pastkashlikdan va jinoyatdan tap tortmaydilar. Zero bundan bir necha yil muqaddam shunga o‘xshash diniy soha vakillarini o‘ldirishga qaratilgan xunrezlikka qo‘l ham urgan edilar.
Xo‘sh! Dinimizda qasddan odam o‘ldirish haqida nimalar deyilgan?
قال الله تعالى: وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا
Alloh taolo aytadi: «Kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir» (Niso surasi, 93).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh nazdidagi eng ulkan gunoh qaysi?» deb so‘ragan edim, «Allohga boshqani teng deb bilishing, holbuki, U seni yaratgan», deya javob berdilar. «Bu rostdan ham ulkan gunoh, so‘ng qaysi?» degan edim, «Ovqatingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib, farzandingni o‘ldirishing!» dedilar. «Keyin-chi?» deb so‘ragan edim, «Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing», deya javob berdilar» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki musulmon qilichlari bilan to‘qnashsalar, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxda», dedilar. «Yo Rasululloh, bu-ku qotil, biroq maqtulning gunohi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «U ham birodarini o‘ldirishga ishtiyoqmand edi», dedilar (Muttafaqun alayh).
Imom Abu Sulaymon Xitobiy aytadilar: «Bu hukm biron ta’vil sabab bilan emas, balki o‘zaro adovat, tarafkashlik yoki dunyo, obro‘, mansab tufayli urushganlarga taalluqlidir. Biroq, kimda-kim bog‘iylarga qarshi jang qilsa yoki o‘zini yo oilasini mudofaa qilsa, bu tahdidning unga daxli yo‘q. Chunki u o‘zini himoya etish uchun jang qilishga buyurilgan bo‘lib, maqsadi birodarini o‘ldirish emas. Axir u zot sollallohu alayhi vasallam: «U ham birodarini o‘ldirishga haris – ishtiyoqmand edi», deganlar!»
Kimki bog‘iy yoki yo‘lto‘sar musulmonga qarshi jang qilsa, uni o‘ldirishga haris ishtiyoqmand bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zini mudofaa qiladi, xolos. Agar tajovuzkor o‘z ishini to‘xtatsa, unga tegmaydi, ta’qib etmaydi. Hadis bunday kishilar haqida vorid bo‘lmagan, ularning daxli yo‘q. Aksincha, hadisda bunday (shar’iy) sabab bo‘lmay turib, jang qilganlar iroda qilingandir. Vallohu a’lam.
Ibn Umar roziyallohu anhu aytganlarki: «Nohaq qon to‘kish sira qutulib bo‘lmaydigan halokatli ishlardandir» (Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni insonlar orasida birinchi bo‘lib qonlar xususida hukm qilinadi» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohga dunyoning zavol topishi musulmon kishining qatl etilishidan ko‘ra yengilroqdir» (Muslim va boshqalar rivoyati).
Xulosa o‘rnida Rustamjon domlaning yuqoridagi tahdidga bergan javoblarini aytib o‘tsak, “hamma zamonda odamlar xalq va din g‘amida xizmat qilguvchilarni jinni, sehrgar va yolg‘onchiga chiqarib ularga o‘lim bilan tahdid qilib kelgan”.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Qodirov Omon