BIR HADIS SHARHI

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: (من حسن إسلام المرء: تركُه ما لا يعنيه) رواه الترمذي وغيره
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Bekorchi narsalarni tark qilish kishi islomining go’zalligidandir”, dedilar. Imom Termiziy va boshqalar rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharif kishi nafsini tarbiyalash va unga odob berish hamda nafsni turli kamchilik va nuqsonlardan saqlashda ulkan asos bo’lib xizmat qiladi.
Ulamolarning ushbu hadis borasida bildirgan fikrlari:
1. Ibn Rajab rahmatullohi alayh: “Ushbu hadis odob asoslaridan biri hisoblanadi”, deganlar.
2. Hamza Kinoniy rahmatullohi alayh: “Bu hadis islomning uchdan biridir”, deganlar.
3. Ibn Abdul Barr rahmatullohi alayh: “Payg’ambarimizning ushbu muborak hadislari o’zining qisqa lafzlari bilan ko’p ma’nolarni aks ettirgan so’zlaridan biridir”, deganlar.
4. Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh: “Ushbu hadisni mashhur muhaddis Abu Dovud rahmatullohi alayh islom dininng to’rtdan biri degan bo’lsa, men uni islomning yarmi, balki uning hammasi deb aytaman”, deganlar.
Hadisning sharhi.
Ushbu hadis kishining xoh so’zda bo’lsin, xoh amalda dunyo ishlaridan inson uchun muhim bo’lmagan va foydasiz narsalarni tark qilishi, uning iymoni komil va islomi go’zal ekanligidan dalolat beradi. Demak, inson foydasiz ishlardan o’zini tiysa yomonlikdan salomat bo’lar ekan. Yomonlikdan salomat bo’lish esa yaxshilikdir.
Ibn Qayyum rahmatullohi alayh: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamning bir og’iz so’zlarida vara’ (taqvo) ning hammasi jo bo’lgan. Ushbu hadisi sharifning tag zamirida so’zlash, nazar solish, eshitish, yurish turish, fikr yuritish va boshqa zohiriy hamda botiniy harakatlardagi foydasiz narsalarni tark qilish yotadi. U zotning so’zlari qanchalar shifobaxsh”, deganlar.

Ushbu hadisdan salaf ulamolarimiz olgan foydalar.
1. Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh: “Amalidan ko’ra gapining hisobini olgan odam foydasiz narsalarni kamroq gapiradi”, deganlar.
2. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Alloh taoloning bandani foydasiz ishlar bilan mashg’ul qilib qo’yishi U zotning shu bandadan yuz o’girganining alomatidir”, deganlar.
3. Ma’ruf Karxiy rahmatullohi alayh: “Bandaning huda-behuda gaplar bilan mashg’ul bo’lib qolishi Alloh taoloning uni xor qilib qo’yishidir”, deganlar.
4. Imom Shofeiy rahmatullohi alayh: “Uch narsa aqlni ziyoda qiladi. Ulamolar bilan suhbatdosh bo’lish, solihlar davrasida o’tirish va foydasiz gaplarni tark qilish”, deganlar.
5. Muhammad ibn Ajlon rahmatullohi alayh: “Kalom to’rt xil bo’ladi. Allohni zikr qilishing, Qur’on o’qishing, xabar berish uchun biror ilm haqida savol so’rashing va dunyo ishlari ichida foydali bo’lganlari haqida gapirishing mumkin”, deganlar.
6. Luqmon hakimdan o’zingizdagi bu fazilatga qanday erishgansiz deb so’ralganda, u to’g’ri so’zlash, omonatni ado etish va foydasiz gaplarni tark qilish orqali deb, javob bergan ekan.

Hadisdan olinadigan foydalar.
1. Insonning foydasiz narsalarni tark etishi lozim ekani. Chunki bu vaqt muhofazasi va din salomatligi uchun kerak.
2. Ortiqcha va keraksiz narsalarni tark etish kishi islomining komilligiga dalil ekani.
3. Kishiga manfaatli bo’lgan ishlarda vaqtdan samarali foydalanishga qiziqtirish.
4. Bema’ni ishlardan va pastkashliklardan yiroq bo’lish.
5. Foydasiz ishlarga kirishish odamlar o’rtasida dushmanchilik paydo bo’lishiga olib kelishi.

Internet manbalari asosida tayyorlandi.

O’tkir Mahmudov
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus
islom bilim yurti o’qituvchisi