Abduqodir TOShQULOV: “Yurtimiz oliy ta’lim dargohlarida ham jahonga teng ilg‘or tajribalar bor”

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Akademiya matbuot xizmati.

Ma’lumki, A.Toshqulovning yurtimiz oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishuvining dastlabkilaridan biri aynan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bo‘lgani ham bejiz emas. Zero, mazkur oliy ta’lim dargohi 2018 yil 16 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi maqomida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov hamrohligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning Akademiya faoliyati bilan tanishuvi kunning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgani bois talabalarning to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulotlarini kuzatishdi. Shundan so‘ng talaba-yoshlar bilan uchrashuv Akademiyada faoliyat ko‘rsatayotgan kutubxona, “BOOK-CAFE”da asosiy darslardan so‘ng qo‘shimcha noyob adabiyotlardan foydalanib bilim olayotgan kitobxonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

– Kutubxonamiz doimiy yangidan-yangi kitob va nodir qo‘lyozmalar bilan boyib boradi. Shu bois ushbu maskanga har kuni shoshib boraman, – deydi vazir bilan suhbatda Islomshunoslik fakul’teti 2-kurs talabasi Anvar Mustafoev. – Chunki, Akademiyamizda an’anaga aylangan tashabbusga ko‘ra, ustoz-muallimlarimiz ham o‘zi o‘qigan qadrli kitoblarini kutubxona fondiga sovg‘a qilib kelishadi. Ustozlarimizni ta’sirlantirgan kitoblar esa bizni ham yangi-yangi bilimlarga oshno qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Akademiya huzuridagi boshlang‘ich tashkiloti xonasi va u yerda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan iste’dodli yoshlar bilan uchrashuv ham e’tibor markazida bo‘ldi. Unda oliy ta’lim dargohida tashkil topgan “Dutorchi qizlar” guruhi tomonidan “Farg‘ona tong otguncha” kuyi va qo‘shig‘i mahorat bilan jonli ijro etildi. Ayniqsa, “Navro‘z” – umumxalq bayramida milliy an’analarimizni namoyish etishga hozirlik ko‘rayotgan talaba Jaloliddin Ergashevning chanqovuz sozida ijro etgan kuy olis o‘tmishdan hikoya qilgani bilan katta taassurot qoldirdi.


Shundan so‘ng O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Akademiya hovlisi, mini futbol maydoni, o‘quv xonalari, sport zali hamda Talabalar turar joylarini ko‘zdan kechirib, ularning faoliyatini yanada samarali va qulay tashkil etish, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bunyodkorlik ishlari xususida o‘z fikr-mulohazalari hamda tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Akademiyamizda dono xalqimizning “Ustoz – otangdek ulug‘”, hikmatiga hamohang ravishda “Shogird – farzanddek aziz” naqli shakllangan, – deydi o‘zaro suhbatlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov. – Mehrdan mehr yaraladi, ildiz otib yuksaladi. Shu bois, shogirdiga mehr va bilim ulashgan ustozning qadri ham baland bo‘lib boraveradi. Shogirdining ota-onasi bilan ham yaqin do‘st-birodar bo‘lgan ustozning ularga farzandi haqidagi har bir xushxabari ham talabada yangidan-yangi intilishga rag‘bat bag‘ishlashiga ishonaman.

Akademiya fakul’tet dekanlarining talabalar xonadonlarida bo‘lib uchrashuvdan olgan taassurot va xulosalari haqidagi so‘zlari A.Toshqulovning ham e’tiborini tortdi.

– Ona Vatanimiz qadim tamaddun beshiklaridan bo‘lgani jahonga ma’lum, – deydi uchrashuv yakunida O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. – Buni yurtimizda farzand ta’lim-tarbiyasi, ularni barkamol voyaga yetkazish va albatta, yetuk kadr, zamonaviy nuqtai nazardan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassis kadr sifatida shakllantirishda o‘ziga xos jahonga teng tajribalar borligida ham o‘z isbotini topadi. Ularni tizimli o‘rganib, ommalashtirishimiz kerak, xolos. Faqat xorijiy tajribani o‘rganishimiz kerak, deguvchilarni esa shu bois ham ko‘p ham oqlayvermayman.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan tanishuvi ko‘plab yangi fikrlarga asos bo‘ldi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Axborot xizmati