Inson umri davomida ko’p narsalarga ehtiyoj sezadi. Shulardan biri dindir. Din azaldan odamlarni ezgu g’oyaviy maqsadli birlashtirishga xizmat qilgan. U barchani soflikka, to’g’rilikka, haqiqat va adolatga, umuman, bunyodkorlikka targ’ib qilgan.
Hozirgi kunda jahonda ba’zi g’alamislar tomonidan islom dini haqida turli noto’g’ri fikrlar tarqatilayotgani, terrorchilik kabi illatlarni ayni paytda bevosita islomga bog’lab, muborak dinimiz va musulmonlarga nisbatan nafrat o’tini yoqishga urinayotgani hech kimga sir emas, vaholanki muqaddas dinimiz har qanday yovuzlikni inkor etadi. U sof insoniy fazilatlar, go’zal axloq odob, ma’naviy komillik kabi fazilatlarga da’vat etadi.
Shu bilan birga biz yashab turgan dunyoda g’alamis niyatli to’dalar, tashkilotlar, din niqobi ostida to’r tashlaganlar bor ekan doim hushyor bo’lishimiz, sof islom aqidasini o’rganishimiz va yovuz kuchlarning qora niyatlaridan ogoh bo’lishimiz lozim bo’ladi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Islom faqat nurli hayotga, ilm-ma’rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo’ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g’oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo’lish – bu O’zbekiston xalqiga mutlaqo to’g’ri kelmaydi”.
Keling endi mavzuga oid atamalar, yovuz kuchlarning maqsad vazifalari haqida o’raganamiz. Chunki yovuz kuchlar ayyor bo’lib, har bir narsadan va imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qiladi. Biz ularning maqsadini va qanday harakat qilishini oldindan bilsak, bizda ularga qarshi immunitet paydo bo’ladi.
EKSTREMIZM (ekstremizm – frantsuzcha «extremisme», lotincha «extremus» – keskin, so’nggi) ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, Davlatning joriy tuzumini zo’rlik bilan o’zgartirishga, hokimiyatni zo’rlik ishlatib egallab yoki diniy adovat qo’zg’atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllarini ifodalaydi
TERRORIZM – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog’lig’iga xavf tug’diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy ob’ektlarning yo’q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko’zlab ig’vogarliklar qilishga, aholini qo’rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, zo’rlik, zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish yoki boshqa jinoiy qilmishlardir.
DINIY MUTAASSIBLIK – o’z diniy qarashlarini mutlaq haqiqat sifatida e’tirof etgan holda boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo’lish. Mutaassiblikka berilgan odamlar va ularning guruhlari tarqatayotgan g’oyalari va amaliy faoliyati jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikka tahdid hisoblanadi.
DINIY NIZO – turli din vakillari orasidagi munosabatlarning muayyan tarafning qonuniy huquqlari haqiqatdan yoki xayoliy poymol etilishi oqibatida keskinlashuvi.
So’nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini kengaytirish maqsadida asosiy yo’nalish hisoblangan internet orqali targ’ibotni kuchaytirish va ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko’rinishda tarqatish, shu bilan birga mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, ular asosida “hujralar” tashkil etish, kabi usullarda amalga oshirmoqda.
Bundan kelib chiqadi internetdan foydalanishda, chetdan turib mutaassib kimsalarning yuborgan diniy mazmundagi har xil fatvolari ta’siriga tushib qolishdan va chet elga borganimizda hushyorligimizni yanada kuchaytirishmiz kerak bo’ladi.
Mutaassib oqim a’zolarining maqsadlari – musulmonlar uchun o’ta ahamiyatli bo’lgan nozik tushunchalar – “kofirga chiqarish”, “hijrat”, “jihod”, “shahidlik”, kabilarni buzib talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va o’z yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o’qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to’qnashuvlar kechayotgan mamlakatlarga jo’natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat.
Jihodiy jamoalarning mafkurasida «takfir», ya’ni «kofirga chiqarish» tamoyili muhim o’rin tutadi. «Takfir» – musulmonni iymonsizlikda ayblash demakdir. Jihodchilar o’ziga ergashmagan musulmonlarni «kofir», ya’ni «dinsiz» deb asossiz hukm chiqaradi. Hadisda «Kimki mo’min kishini «kofirsan» deb haqoratlasa, go’yoki uning qonini to’kkanchalik gunoh qilgan bo’ladi» deyiladi. Ya’ni, musulmonman, degan insonga «kofir», deb hukm chiqarish huquqi hech bir insonga berilmagan.
Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasulullohu sollallohu alayhi vasal-lam: «Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilmog’ingdir», deyilgan.
«JIHOD» so’zi “Jiddu-jahd”, ya’ni inson o’z maqsadiga erishish yo’lida bor imkoniyatlarini ishga solib, harakat kilishi ma’nosini anglatadi. Shundan kelib chiqadigan bo’lsak, musulmon odam jihod qilmoqchi bo’lsa, o’zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo’lida, Uning dini uchun sarflashi kerak bo’ladi. Alohida ta’kidlab aytish lozimki, jihod so’zi lug’atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so’zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida «qitol» so’zi ishlatiladi.
Jihod deganda, avvalo, noto’g’ri yo’ldan qaytarib, to’g’ri yo’lga boshlash tushuniladi, deyish mumkin. Bu qoida kecha yoki bugun paydo bo’lib qolgan emas. Balki ilk islom davrida yuzaga kelgan bo’lib, Qur’oni karim oyatlariga asoslangandir. Rasululloh (alayhissalom): “Tili va qo’lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy muslmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan hijrat qilgan inson haqiqiy muhojirdir”, deganlar.(Imom Buxoriy rivoyati). Ulamolar ushbu hadislarni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa, Ummu Anas (raziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi Rasululloh (alayhissalom): “Gunohlardan tiyilgin, o’sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o’sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko’paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo’ladi”. deganlar.
“HIJRAT” so’zi lug’atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Payg’ambarimiz alayhissalomning tarixiy-joriy vaziyatdan kelib chiqib Makkani tark etib, Madinaga borishlariga qiyosan, Islom dini yo’lida musulmonlarning yashab turgan yerlarini tashlab, boshqa yurtlarga ko’chib ketishi nazarda tutiladi.
Hozirda Islom dini aqidasini ochiqdan ochiq buzib, shariatga mutlaqo zid ravishda muayyan guruhlarning g’araz maqsadlarni ko’zlayotgan kimsalar “hijrat kilmaganlar kofir”, “kofir yurtda yashash kufr” degan soxta va buzuq da’volar bilan vatandoshlarimizni ayniqsa, yoshlarimizni aldab, xorijdagi jangarilar tayyorlanadigan markazlarga jo’natishga harakat qilmoqda. Aslida esa, islom ta’limotiga muvofiq, O’zbekiston kabi musulmon mamlakatdan “hijrat” qilinmaydi.
Hozirda internet ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Shu jihatdan internetdan foydalanishda quyidagi mazmundagi sayt va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan saqlanish lozim.
1. Jihod, shahidlik, hijrat, kufr kabi istilohlarni noto’g’ri talqin qiluvchi saytlar;
2. Yurtimizdagi kechayotgan barcha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va diniy jarayonlarni keskin va noxolis talqin qiluvchi saytlar;
3. Turli yuklab olish mumkin bo’lgan, ammo, ekstremistik mazmunga ega audio, video va elektron shakldagi kitoblarni saqlovchi saytlar;
4. Ko’rinishdan beozor, biroq, hanafiy mazhabiga zid targ’ibot ishlarini olib boruvchi, yoki mazhabimizga raddiya beruvchi saytlar;
Bundan qanday qilib saqlanamiz, o’zimizda nimalarni shakllantirishmiz kerak bu savollarga quyidagicha javob.
-mustaqil fikrga, sog’lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo’lishlik;
-sog’lom hayot tarzi kechirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur o’rganish va ularga amal qilish;
-turli din niqobidagi oqim va yo’nalishlar ta’siri hamda aqidasiga qarshi o’zida immunitet hosil qilish, buning uchun mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo’lib yashash;
-go’yoki islom dinini o’rgatishni va’da qilayotgan shubhali shaxslar bilan muloqot qilmaslik;
-noqonuniy tarzda chop etilgan yoki tayyorlangan diniy mazmundagi adabiyot, mobil telefonlardagi materiallardan foydalanmaslik va olib yurmaslik;
-internet tizimida ekstremizm, terrorizm va missionerlikni targ’ib qiladigan sayt va ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik.
Ilmsizlik oqibatida ekstremistik oqimga a’zo bo’lgan shaxslarning o’zga yurtlarga ketishi va janglarda asirga tushib xor-zor bo’lishi ham xar bir insonni tafakkur qilishga ogoh va hushyor bo’lishga undashi lozim
Xulosa o’rnida mashhur ulamo, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy bunday buzg’unchi toifalarning qilmishini qoralab aytgan quyidagi so’zini keltiramiz: “Ular bir vaqtning o’zida biror aybi yo’q musulmonlarni kechasi bo’g’izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish”, deydilar. Ular oddiy yo’lovchilar to’la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo’shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish”, deydilar. Har kim ko’zlarini yumib, Rasululloh (sallallohu alayhi vasalam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo’larmidilar?”.

O’tkir G’uzarov,
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti mudiri