Nosix va mansux oyatlarning hukmi

Arab tilida «Nasx» so‘zi bir necha ma’noni anglatadi:
1.O‘chirish, ketkazish. Bunda ma’nosi butunlay yo‘q bo‘lib, o‘rniga hech narsa qoldirilmaydi. Masalan: «Quyosh soyani ketkazdi». Quyidagi oyati karimaning ma’nosi ham shunga o‘xshash: «Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani bekor qilur». Haj-52
2. Ko‘chirish, nusxa olish. Masalan: «Kitobdan nusxa ko‘chirdim». Quyidagi oyati karimada shunday ma’no istalgan: «Albatta, biz sizlar qilayotgan narsadan ko‘chirma oluvchi edik». Josiya-29
3. Burish, aylantirish. Masalan Ya’ni «Bir odamning merosini boshqasiga burish» Bu yerda meros o‘zgargani yo‘q, balki uning egasi o‘zgardi.
4. O‘zgartirish. Masalan: Ya’ni «Qozi hukmini o‘zgartirdi». Qur’oni Karimdagi nasx shu ma’noni bildiradi.
Demak, shari’atda bir shar’iy hukmni bekor qilib, uning o‘rniga boshqa hukmni joriy qilishga «nasx» deyiladi.Nasx haqidagi oyati karimaning nozil bo‘lishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Yahudiylar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning ustilaridan kulishib: «Muhammadning qilgan ishini ko‘ringlar, axir ummatlariga bugun bir ishni buyurib, ertaga undan qaytarib, o‘rniga boshqa ishni buyurishi, bugun bir gapni aytib ertaga undan qaytishi ajablanarli emasmi?! Bu Qur’on Muhammadning o‘z ichidan to‘qib chiqarib, yozayotgan narsadan boshqa emas. Shuning uchun bir oyatning ma’nosi ikkinchisiga mos kelmaydi», deyishardi. Alloh taolo ularning gaplariga rad javob sifatida quyidagi nasx oyatini nozil qildi. «(Ey Muhammad) biror oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqartirsak, undan yaxshirog‘ini (ummatingizga munosibrog‘ini) yoki o‘shaning (aynan) o‘ziga teng (boshqa oyatni) keltiraveramiz». (Baqara-106) . Yahudiylar shariatda nasx bo‘lishini butunlay inkor qiladilar. Holbuki, nasx barcha samoviy kitoblar va shariatlarda bo‘lgan. Tavrotda yozilishicha, Odam (alayhissalom)ning shariatlarida aka-singilning nikohiga ijozat berilgan edi. Keyingi payg‘ambarlardan birining shariatiga muvofiq, bunday nikoh harom qilingan. Qur’oni Karimda xabar berilishicha, Iso (alayhissalom)ga payg‘ambarlik maqomi berilgandan so‘ng, o‘z ummatlari bo‘lgan yahudiylarga: «Men o‘zimdan oldingi (nozil etilgan) Tavrotni tasdiqlash va sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilib berish uchun keldim», deb o‘zlarini tanishtirganlar.Islom ulamolaridan Abu Muslim al- Isfahoniy Qur’oni Karimdagi nasxni inkor qiladi va so‘zining isboti sifatida dalillar keltiradi.
1. Alloh taolo Qur’oni Karim haqida shunday degan:
«Shubhasiz, u aziz kitobdir. Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas». Fussilat 41-42. Agar nasx joiz bo‘lsa, unga botil kelganligi ma’lum bo‘ladi.
2. Nasx haqidagi oyati karima avvalgi kitoblar: Tavrot va Injil shariatlarining nasx qilinganligiga dalolat qiladi. Yoki «Lavhul mahfuz»dan nusxa ko‘chirish ma’nosini beradi.
3. Oyati karimaning ma’nosi nasx sodir bo‘lganligi haqidagi xabar emas, balki agar nasx sodir bo‘lsa, avvalgsidan yaxshirog‘iga bo‘lardi, degan farazni ifoda qiladi.
Abu Muslimning fikriga qarshi Jassos o‘zining «Ahkom al-Qur’on» nomli tafsirida shunday yozadi: «Fiqh ilmidan bexabar bo‘lgan ba’zi mutaaxxir ulamolar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning shariatlarida nasx yo‘q, Qur’oni Karimda nasx haqida kelgan oyatlarning hammasi avvalgi payg‘ambarlar shariatlarining nasx etilishi haqida edi, deb da’vo qiladilar. Bunday gaplari bilan ular o‘zlarining tavfiqdan yiroq kishilar ekanligini izhor qiladilar. Chunki Islom shariatida nasx bo‘lganligini mutaqaddim olimlar ham, mutaaxxir olimlar ham ochiq-oydin e’tirof etadilar. Islomda bunga misollar keragidan ham ko‘proqdir. Qur’onda nasx yo‘q, degan kimsa, nosix va mansux oyatlarinig tafsirida Islom ummatiga qarshi turib, o‘zining taxminiy fikrlarini aytadi va shu sababdan katta gunohni sodir qiladi.Musulmonlarning jumhur ulamolari Qur’oni Karimda nasx sodir bo‘lganiga va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning nubuvvatlari ham nasx orqali o‘z tasdig‘ini topganligiga ittifoq qiladilar. Zero, Payg‘ambar o‘zidan oldingi Payg‘ambarning shariatini butunlay yoki qisman o‘zgartirishi uchun Payg‘ambar etib yuboriladi.Jumhur ulamolar Qur’oni Karimda nasx borligiga hujjat va Abu Muslim al-Isfahoniyning dalillariga raddiya sifatida bir necha dalillarni keltiradilar. Masalan: Alloh taoloning oyati karimasida shunday deyilgan: «(Ey Muhammad) Biror oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqartirsak, undan yaxshirog‘ini (ummatingizga munosibrog‘ini) yoki o‘shaning (aynan) o‘ziga teng (boshqa oyatni) keltiramiz». Ushbu oyatning ma’nosi nasxning sodir bo‘lganiga ochiq-oydin dalildir. Qur’oni Karimda esa qibla, idda, jihod va boshqa hukmlarda nasx mavjud.Qur’onda nasxning mavjudligiga ulamolar ittifoq qilgan holda, uni uch qismga bo‘ladilar:
1. Tilovati ham hukmi ham nasx qilingan oyatlar.
2. Tilovati nasx qilingan, hukmi qoldirilgan oyatlar.
3. Tilovati qoldirilgan, hukmi nasx qilingan oyatlar.
Birinchi qismga kiruvchi oyatlar Qur’onda deyarli ko‘p emas. Oisha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Qur’onda nozil qilingan narsalardan o‘n ma’lum emizish harom qilishi edi, so‘ngra ular besh ma’lum bilan nasx qilindi. Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlarida ular Qur’onda o‘qilayotgan narsalar ichida edi». Al-Faxr ar-Roziy aytadilar: «Mazkur hadisning birinchi yarmi «tilovati ham, hukmi ham nasx qilingan», ikkinchi yarmi, ya’ni «besh marta…» esa imom Shofeiy (rahmatullohi alayh) nazdilarida «tilovati nasx qilingan, hukmi qoldirilgan». Ikkinchi qism (tilovati nasx qilingan, hukmi qoldirilgan)ga kiruvchi oyatlar ham sanoqlidir. Az-Zarkashiy «al-Burhon»da yozishlaricha, «Nur» surasida shunday oyat bo‘lgan: «Chol va kampir agar zino qilishsa, ikkovini ham toshbo‘ron qilinglar, bu Allohning qat’iy jazosidir. Alloh aziz va hakimdir».Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu): «Agar odamlar Umar Allohning kitobiga qo‘shimcha qildi», deyishmaganda edi, men ushbu oyatni o‘z qo‘llarim bilan yozib qo‘yardim», deganlar.Uchinchi qismga kiruvchi (tilovati qoldirilgan, hukmi nasx qilingan) oyatlarning qanchaligi haqida ulamolar turli fikrlarni aytganlar. Ba’zilar yigirmata, ba’zilar beshta deganlar. Az-Zarkashiyning yozishlaricha, Qur’oni Karimning oltmish uchta surasida «Hukmi nasx qilingan, ammo tilovati qoldirilgan» oyatlar mavjud. Bular jumlasiga «Vasiyat» oyati, «idda» oyati, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)dan savol so‘rovchi odamning avval «sadaqa berishi» haqidagi oyat, «Mushriklar bilan jang qilmaslik» oyati va boshqa oyatlar kiradi. Bunday ixtiloflarning kelib chiqishi ularning nosix va mansuxga bergan ta’riflari e’tiboridan va ba’zi qaydlarni ham nasxga qo‘shib yuborganliklaridandir.Shayx Hibatulloh ibn Saloma «nosix va mansux» risolalarida nasx oyatlari tartibini shunday belgilaganlar: «Bilingki, shariatimizda birinchi nasx namozda, ikkinchisi qiblada, keyin ro‘za, mushriklardan yuz o‘girish, jihod, ahli kitoblardan jizya olish, meros, johiliyat alomatlarini buzish ishlarida bo‘lgan».Qur’on oyatlarini Qur’on bilan nasx qilish, sunnatni Qur’on bilan, sunnatni sunnat bilan nasx qilish borasida ulamolarda hech qanday ixtilof yo‘q. Ammo Qur’on oyatlarini sunnat bilan nasx qilinishi borasida jumhur ulamolar bilan imom Shofeiy (rahmatullohi alayh) o‘rtalarida ixtilof mavjud.Imom Shofeiy (rahmatullohi alayh)ning fikrlariga qaraganda, Qur’on oyatlari oyat bilan nasx qilinadi, biroq uni sunnat bilan nasx qilish mumkin emas. Imom Shofeiy o‘z fikrlarini isboti sifatida bir necha dalillarni keltirganlar:
1. Alloh taolo nasx borasida keltirgan oyati karimada: «Biror oyatni bekor qilsak…» deb, nasxning nisbatini o‘ziga bergan. O‘zining kalomi esa oyatdir, sunnat emas.
2. Alloh oyati karimada: «Undan yaxshirog‘ini… keltiramiz», degan. Sunnat oyatdan yaxshiroq bo‘lmaydi.
3. Alloh taolo nasx oyatining davomida «Allohni har narsaga qodir ekanini bilmadingizmi?!» deb xitob qiladi. Demak, nasx qilish, bir oyatni ikkinchisi bilan almashtirish faqat Allohning qo‘lidan keladi.
4. Alloh taolo yana bir oyatda «Agar bir oyat o‘rniga boshqa bir oyatni almashtirsak», degan. Demak, oyatlarni almashtirish faqat Allohning qudratidandir.Jumhur ulamolar: «Qur’oni Karimni sunnat bilan ham nasx qilinadi», degan fikrlarining isboti uchun imom Shofeiyning qarshilariga quyidagi dalillarni keltiradi:
1.Alloh taoloning ushbu:«Qaysi biringizga o‘lim hozir bo‘lsa va o‘zidan biror yaxshilik (boylik) qoldirayotgan bo‘lsa, ota-ona qarindoshlariga ma’lum miqdorda vasiyat qilish bitildi (farz qilindi)», degan oyati karimasidan chiqadigan «Vasiyatning farzligi» hukmi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning: «Ogoh bo‘linglar merosxo‘rga vasiyat qilinmaydi», degan hadislari bilan nasx qilingan. 2. «Nur» surasining ushbu:«Zinokor ayol va erkakning har birini yuz darradan uringlar!» degan oyatidagi yuz darra urush hukmi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning «Turmush qurgan erkak yoki ayolni toshbo‘ron qilish» to‘g‘risidagi hadislari bilan nasx qilingan.3. Qur’onda kelgan hukmlar ham, sunnatda kelgan hukmlar ham, garchi nomi boshqa-boshqa bo‘lsada, Allohning hukmlaridir. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Allohning iznisiz hech bir so‘zni gapirmaganlar. Alloh aytadi:«(Muammad Qur’onni) o‘z xohishi bilan so‘zlamas, u (Qur’on) faqat Alloh tomonidan vahiy qilinayotgan bir vahiydir».4. Imom Shofeiyning dalillari zaif va mujmaldir. Chunki Alloh aytgan «Xayriyat» sifatini oyatlarga mansub, deb bo‘lmaydi. Oyatlarning birortasi ikkinchisidan yaxshiroq emas, balki barchasi birdir. Biroq nosix hukm mansux hukmdan afzalroq va yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Bandalarning islohi uchun Alloh taolo oyat yoki sunnat bilan hukmlar o‘rnini yaxshirog‘iga almashtirishi mumkin.Demak, jumhur ulamolaring dalillaridan ma’lum bo‘ladiki, Qur’oni Karim oyatlaridagi hukmlar oyatlar va hadislar bilan nasx etilishi mumkin.Ulamolar: «Nasx uchun kelgan hukm mansuxdan yengil va oson bo‘ladimi yoki og‘irroq bo‘lishi mumkinmi?» degan savolga bergan javoblari turlichadir.Imom al-Faxr ar-Roziy shunday yozadilar: «Ba’zi olimlar: «Nosixning mansuxdan og‘irroq bo‘lishi mumkin emas, chunki Alloh taolo Qur’onda: «Undan yaxshirog‘ini…«keltiramiz», – degan. Yaxshiroq hukm og‘irroq bo‘lishi mumkin emas», deydilar. Ularga javob shuki: «Oyatdagi «undan yaxshirog‘i» jumlasi «oxiratda ajru savobi ulug‘rog‘i» degan ma’noni ham bildiradi-ku?!» Holbuki, Qur’ondagi nosix hukmlar mansux hukmlarga nisbatan uch xil darajada kelgan:
1. Zinokor ayolni to o‘lguncha uyga qamab qo‘yish jazosi mansux qilinib, uning o‘rniga darra urish yoki toshbo‘ron qilish hukmi joriy bo‘ldi. Ashuro oyida o‘n kun ro‘za tutish o‘rniga bir oy Ramazon ro‘zasi farz bo‘ldi. Namoz ikki rakatdan farz qilingan edi. Keyin nasx qilinib, safarda bo‘lmagan kishilar uchun to‘rt rakatdan o‘qish farz qilindi. Bu misollarda nosix mansuxga nisbatan qiyinroq va mashaqqatliroqdir.
2. Eri vafot etgan ayolning idda muddati avval uyidan chiqmasdan bir yil o‘tirish edi. Keyin u nasx qilinib, to‘rt oy-yu o‘n kunga qisqartirildi. Kechasi turib namoz o‘qish farz edi, keyin u nasx qilinib, ixtiyoriyga aylantirildi. Bu misollarda nosix mansuxga nisbatan yengildir.
3. Qiblaning Bayt al-Maqdisdan Bayt al-Haromga aylantirilishi esa nosix va mansuxning tengligiga misoldir.
Nasxning hikmati
1. Bandalar foydasining rioyasi.
2. Insonlarning holi va da’vatning rivojlanishiga qarab shariatning taraqqiy etishi.
3. Mukallaflarni Allohning amriga bo‘ysunish yoki bo‘ysunmasligini imtihon qilish.
4. Ummatga yaxshilik va yengillikni iroda qilish. Chunki nasx agar mashaqqatliroq narsaga bo‘lsa, savobning ziyodasi bordir. Agar yengilroq narsaga bo‘lsa, yengillik va osonlik bordir.
Ba’zi oyatlarning hukmi nasx qilinib tilovati boqiy qolishi hikmati
1. Qur’oni Karimning hukmini o‘rganib, unga amal qilish uchun tilovat qilingani kabi Allohning kalomi bo‘lib, uning tilovatiga savob berilgani uchun ham o‘qiladi.
2. Ko‘pincha nasx yengillikka bo‘ladi. Bunda ne’matni, ya’ni mashaqqat ko‘tarilib o‘rniga yengillik berilganini eslatish uchun bo‘ladi.

«Xoja Buxoriy» islom bilim yurti 4-kurs talabasi Qamarov Shoxsuvor