MUFTIY G‘ULOM QODIR NU’MONIYNING HAYOTI VA IJODI

G‘ulomqodir ibn Sayyid Mahmud ibn Sayyid G‘ulomrosul hijriy 1380 milodiy 1964 sanada Pokistondagi Sarxad viloyati Mahmandayojunsiy tumanidagi Xuldaj Xuvayziy qishlog‘ida tug‘ilganlar. U kishining nasablari hazrati Ali roziyallohu anhuga borib taqaladi.  U kishining yoshlik chog‘larida ota-onasi olamdan o‘tib amakisi Fazlma’bud ibn Sayyid Mahmudning qaramog‘ida voyaga yetadi. Fazlma’bud Go‘rihatkadagi “Hoqoniyya” jome’asini tamomlagan edi.

G‘ulomqodir ibn Sayyid Mahmud ibn Sayyid G‘ulomrosul boshlang‘ich kitoblarni ushbu amakisining qo‘l ostida o‘qiydi hamda islomyi ilmlarni tahsil olish maqsadida “Hoqoniyya” jome’asiga o‘qishga kiradilar. U yerda turli fanlar bilan birgalikda zamonaviy ilmlarning barchasini o‘qib o‘rganadilar hamda jome’adagi jonkuyar ustozi shayx, muftiy G‘ulomurrohman Hazoraviyning qo‘l ostida fiqh bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishadilar va “Haqoniyya fatvolaridan tahorat kitobining tahqiqi” mavzuida ilk mutaxassislik ishini yozadilar. Bu ilmiy ish hozirda “Fatavo al-haqoniyya” matbaasi tomonidan chop etilgan. Keyinchalik Qarachidagi jome’ada bir yildayoq “Da’vat va irshod” yo‘nalishida mutaxassis bo‘lib yetishadilar.

So‘ngra Shovurdagi jome’ada “Islomiy va arabiy ilmlar” yo‘nalishida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunlaydilar hamda huddi shu universitetning doktorantura bosqichiga hujjat topshirib, o‘qishga qabul qilinadi va ikki yil mobaynida talab etilgan rejadagi fanlar bo‘yicha darsliklarni o‘qib tugutadi. Biroq qo‘llari band bo‘lgani, tashvishlarning ko‘pligi bois doktorlik dessertatsiyasini yoza olmaganlar. 1409-hijriy sanada “Haqoniyya” jome’asida dars berishni boshlagan va hijriy 1417 yili ushbu dargohning “Fatvo va fiqxiy mutuxassisislik” bo‘limiga mudir etib tayinlanadilar.

Muftiy  G‘ulom Qodir Nu’moniyning o‘z zamonasining yetuk ustozlaridan ta’lim oladilar. Jumladan, Muhaddis, alloma, Shayx Abdulhaq, (“Hoqoniyya” jomeasi asoschisi) muhaddis, muftiy, Shayx Muhammad Farid Zarubiy, Shayx Alloma Muhammad Hasanjon madaniy, muhaddis, shayx Muhammad Molik Lohuriy va boshqalar.

Ilmiy faoliyati davomida bir qator kitoblar yozganlar. “Tarjihi rojih bi rivoyati fi masaili hidoya”, “Ziyoratu haramayni sharifayni”, “Masoilus safar”, “Alafyun fi zov’i shariatil Islamiyyati”, “Siatu al-fiqhil hanafiyati”.

Bu kishining yozgan asarlari orasida “Qavlur rojih” asarining  “Al-Hidoya” kitobidagi ixtilofli masalalarni o‘rganishda tutgan o‘rni” kitoblari mashhurdir. Muftiy G‘ulomqodir No‘’moniy “Qavlur rojih”ning muqaddimasida ushbu kitobni sharhlashga undagan sabab borasida to‘xtalib: “… Shayx Burhoniddin al-Marg‘inoniyning “al-Hidoya” nomli kitobi hanafiy mazhabidagi far’iy masalalar borasida bitilgan matn kitoblarga yozilgan sharhlarning eng yaxshilaridan biridir. Asarga katta ulamo-yu muhaqqiqlar bir qancha sharhlar yozganlar. Mazkur sharhlar “al-Hidoya”ning iboralarini izohlash, ulardan ko‘zlangan maqsadni yoritishda kifoya qiladi. Lekin, shu bilan birga asarda keltirilgan ixtilofiy masalalar qarshisida ko‘plab muallim-u talabalarning ojiz qolib, turli fikrlar orasidan rojihini ajrata olmayotganlarini, qay biri sahih-u, qay biri zaif ekanligini bilmay turganlarini ko‘rdim. Shu sababdan ixtilofli masalalar borasida fatvo berilgan rojih fikrlarni bayon qilishni maqsad qildik, toki, muallim va talabalarga ushbu ish oson bo‘lsin …”. deganlar.

Manba: “Muftiy  G‘ulom Qodir Nu’moniyning “Qavlur rojih” asarining  “Al-Hidoya” kitobidagi ixtilofli masalalarni o‘rganishda tutgan o‘rni” kitobining 1- jildi.

O‘. Mahmudov

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi