SUV – BEBAHO NE’MATDIR….

Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib yaratgani barobarida, unda suvlarni oqizib qo‘ydi, turli o‘t-o‘lan, dov-daraxtlarni o‘stirib ham qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘pgina suralarida Alloh taolo insonlarga ato etgan ne’matlarini eslatar ekan, suvni ham zikr qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, (shu obihayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?” (Voqea surasi, 68-70 -oyatlari).
Mutaxassislar fikricha, inson taomsiz bir ikki haftagacha yashashi mumkindir, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv agar o‘n besh foizga kamaysa, u halok bo‘ladi. Inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq og‘irligining yetmish besh foizini suv tashkil etadi. Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Bunga yana odamning poklanishi uchun va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suvi ham qo‘shilsa, insonga suv qanchalik zarur va bebaho ne’mat ekani oydinlashadi.
Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va huda-behudaga oqizib qo‘yish kabi holatlarning uchrayotgani o‘ta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng bo‘lib turgan, minglab kishilar, yosh go‘daklar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda, sizu biz Alloh ato etgan shunday buyuk ne’matning qadriga yetmasligimiz noshukrlikdan bo‘lak narsa emas.
Bugungi kunda musulmonlar orasida Alloh taolo o‘zlariga ato etgan turli ne’matlar qatori suvni ham isrof qilayotgan, bu bebaho ne’matga beparvo munosabatda bo‘layotgan kishilarning ham borligi achinarli hol. Hayotimiz uchun eng zarur ne’mat bo‘lgan suv isrofi hammasidan oshib tushyapti. Suvning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay, uni tejab-tergab ishlataylik. Aziz farzandlarimizga ham suvni isrof qilmaslikni o‘rgataylik. Bir dona nosoz jo‘mrakdan tomchilayotgan suv bir soatda qancha bo‘lishini yaxshi tasavvur qilamiz. Suvni isrof qilmaslik barchamizning burch va vazifamiz ekanligini aslo unutmaylik.
So‘nggi yillarda tevarak atrof, yer, suv va havoda sezilarli ifloslanish holatlari kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sog‘lom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir.
Zero, sohaga oid o‘nlab mutasaddi idora va tashkilotlar bu borada doimiy faoliyat olib bormoqda. Ular atrof muhitni ozoda saqlash, ichimlik va oqava suvlaridan oqilona foydalanish borasida ertayu-kech mehnat qilayotgan ekanlar, ularning ham mehnatlarini qadrlaylik.
Agar mana shu pand-nasihatlarga amal qilib, Yaratganning bizga bergan va berayotgan ne’matlariga nisbatan aql bilan ish yuritib, o‘z vaqtida shukronasini bajo keltiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bu ne’matlarini bizga yanada ziyoda qilib beradi.
Suvni tejash haqida hadisi sharifda shunday keladi: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Sa’d roziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida “Ey Sa’ad bu isrof nimasi”, – dedilar. Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning bo‘yida turgan bo‘lsang ham”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
Yurtimiz yildan-yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi borgan sayin ortib bormoqda. Demak, bunga javoban kechayu kunduz bu ne’matlarning shukronasini ado etib borishimiz lozim bo‘ladi. Allohga hamdu sano aytish, ne’matlarining shukrini ado etish banda uchun ham ibodat, ham Allohning unga bergan katta mukofotidir.
Bugungi kunda barcha insonlar avvalo toza suv iste’mol qilib, salomatliklarini muhofaza etishlari naqadar dolzarb ekanligini chuqur his etishlari lozim. Shu bilan birga Alloh taoloning buyuk ne’mati bo‘lmish suvni toza saqlash, tejab ishlatish va iste’molda me’yorga rioya qilishimiz lozimdir….

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari