​YAXSHILIK QILUVCHILARGA BASHORAT BERING

Alloh taolo bandani bir ishga buyurgan bo‘lsa, albatta, bu shu bandaning o‘ziga manfati yetadi, uni Allohga hech qanday zarari ham foidasi ham yo‘qdir. Qurbonlik qilish ibodati ham, boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da,foydani inson ko‘radi. Qurbonlik qilingan hayvonning go‘shtidan (shu qurbonlikni) so‘ygan odamning o‘zi va faqir-fuqarolar manfatdor bo‘ladi. Lekin bu ishdan yetib boradigani, bandaning Allohga bo‘lgan itoati, Allohga bo‘lgan qulligi, Allohga bo‘lgan taqvosidir. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

﴿لَن يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَآؤُهَا وَلَكِن يَّنَالُهُ التَّقوَى مِنكُم كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُم لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَىكُم وَبَشِّرِ المُحسِنِينَ﴾

“Ularning (qurbonliklar) go‘shtlari ham, qonlari ham zinhor Allohga yetmas. Lekin Unga sizdan taqvo yetadi. Shunday qilib, sizni hidoyat qilgani evaziga Allohga takbir aytishingiz uchun ularni (chorpolarni) sizga bo‘ysindirib qo‘ydi. Yaxshilik qilguvchilarga bashorat ber”. (Haj surasi-37).

Ha, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlarini ham, qonlarini ham Alloh taolo olmaydi. U Zot ularga muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad yuqorida ta’kidlanganidek bandaning Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Allohning yo‘lida so‘ymoqdami, demak, o‘sha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Allohning roziligi uchun borini qurbon qilishga tayyor ekan. Shu bilan birga, qurbonlik qilish banda uchun Allohni ulug‘lashga bir imkon va fursatditdir.

“Shunday qilib, sizni hidoyat qilgani evaziga Allohga takbir aytishingi uchun ularni (chorpolarni) sizga bo‘ysindirib qo‘ydi”.

Banda Allohni qancha ulug‘lasa, shuncha oz. Birgina hidoyatga boshlab qo‘ygani uchun qancha takbir aytsa, oz. Qurbonlik qilish ham, Allohning yo‘lida har qanday qurbonlik berishga tayyor ekanini ko‘rsatish ham o‘sha hidoyat uchun Alloh taoloni ulug‘lashdir.

Mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rohimahulloh moli zakot berish nisobiga yetgan muqim odamga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi, deganlar.

“Yaxshilik qilguvchilarga bashorat ber”.

Ya’ni tasavvurni, e’tiqodni, amalni, ibodatni o‘nglagan va boshqa burchlarni yaxshi ado etadiganlarga xushxabar ber[1].

Bu oyatlarnin tasdig‘i va bayoni sifatida Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar kelgan bo‘lib, ularni bir iktasini keltirib o‘tamiz.

Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: “Qurbonlik kuni Alloh taologa odam bolasining qilgan ishlarning eng suyuklisi qon oqizishdir. Albatta (ushbu qurbonligi) qiyomat kuni shoxiyu, yunlari va tuyoqlari ila keladi. (ushbu qurbonlikning) qoni yerga tushishdan avval Allohning huzuriga qabul qilinadi. Shunday ekan uni ko‘ngildan chiqarib qilinglar”.

Qurbon hayiti kuni mo‘min banda qiladigan eng go‘zal ishlardan va Allohga eng mahbub ishlardan biri bu, jonliq so‘yishdir. Bu qurbonlik birinchi qatra qoni hali yerga tushmasdan avval Alloh uni O‘z huzuriga qabul etar ekan. Uning qoni shunchaki yerga oqib ketdi, deb o‘ylash kerak emas. Chunki bu qurbonlik bir ibodat. Endi shu ibodatni og‘rinmay, hech malollanmay qilish kerak ekan.

Boshqa bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Qurbonlik qilishda qurbonlik qiluvchiga (jonliqning) har bir yungicha hasanot bor”[2], deganlar.

Shunday bashorat kelib turgan bo‘lsa, qaysi oqil banda qurbonlik qilishdan o‘zini olib qochadi, qaysi jannatni istagan banda bu oyatga etibor qaratmaydi, qaysi taqvo istagan banda Allohdan qo‘rqmaydi. Yoki shunday ochiq-oydin hadis kelib qurbonlik qiluvchiga qancha ajr bor ekani aytilib turgan bo‘lsa, bundan bo‘yin tovlab bo‘ladimi, albatta, yo‘q.

Hozirgi bir og‘ir damda ham Allohning ushbu buyrug‘ini chin ko‘ngildan, taqvo va ixlos ila amalga oshirgan hamda oshirmoqchi bo‘lganlarga jannat bo‘lsin. Hamda shunday og‘ir lahzada hayit bayramlarini sabr bilan uydan chiqmay oila bag‘rida nishonlayotganlarga Allohdan buyuk ajrlar bo‘lsin. Albatta har bir ishning bir hikmati bordir. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir. Alloh taolo qurbon hayiti bayramini go‘zal tarzda O‘zining amridan chiqmagan holda nishonlab olishizni muyassar qilsin. Mollarimizga baraka bersin.

Xoja Buxoriy islom bilim yurti mudarrisi

Saidmuhammad Dovudxon o‘g‘li

[1] Tafsiri hilol. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hilol – Nashp” nashriyoti, Toshkent – 2018. 4 – juz. 28, 29 – B.

[2] Al-kavkabu ad-durriy ala jam’ al-Termiziy. Roshid Ahmad Ganguhiy. 4 – juz. 345 – B.