FIQHIY QOIDALAR

Islom shariati kishilarning farovon hayot kechirishini ta’minlovchi oliymaqom dindir. Shu ma’noda mo’’tabar manbaalarda kelgan fiqhiy qoidalar borki ularni bilish kishining moddiy va ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

BIRINCHI QOIDA. ZARAR DAF QILINADI.[1]

Qoidaning ma’nosi: Zarar yuzaga chiqqan paytda uni ketkazish zarur bo’ladi. Uning o’zi bilan birga insonlarga etkazadigan zararli ta’sirlarini ham ketkazish lozim.[2]

Qoidaning tibbiy tatbiqi:

Davolanish va muolaja qilish orqali kishidagi kasallik ketib, bemor  aziyat chekib turgan og’riq, holsizlik va bundan boshqa alomatlar ham yo’qoladi. Kasallik Allohning izni ila U Zotning O’zi yaratgan dori ne’mati orqali ketkazilib, zarar daf qilinadi.[3]

Ehtiyoj sezilganda kasalga qon quyish ham zararni ketkazishdir.

Inson a’zosining  bir bo’lagini uning bir  joyidan boshqa joyiga yoki shu kabi terisi va suyagini ham inson ta’nasining ma’lum joyiga ko’chirishga ruxsat berilgan. Faqat bunda jarrohlik amaliyotidan keladigan foyda avvaldagi zarrardan kattaroq bo’lishi muhimdir.[4]

Mayyitning biror a’zosini bemorga ko’chirish ham mumkin. (Bunda ham zararni daf qilish bor). Bu holatda mayyitning o’zi tiriklik paytida yoki uning vafotidan keyin merosxo’rlari bu amaliyotga rozilik bergan bo’lishi shart.[5]

Insonning Alloh yaratgan a’zolaridan birortasiga zarar etib, ishdan chiqqanda unga protez a’zolarni o’rnatishga ruxsat berilishi ham zararni ketkazish uchundir.[6]

IKKINCHI QOIDA. IMKON BORICHA ZARAR DAF QILINADI.

Qoidaning ma’nosi:

Bu qoida zarar yuzaga chiqmasidan yoki paydo bo’lmasidan ilgari uni barcha imkoniyatlarni qo’llab daf qilish zarur ekanini ifoda etadi. Zarar etishidan saqlanish zararlangandan keyingi muolajadan ko’ra yaxshiroqdir.[7]

Qoidaning tibbiy tatbiqi:

Tibbiy profilaktiga shariatda ruxsat berilishi kasallanmasdan turib uning oldini olishni ko’zda tutadi.(Tibbiy profilaktika biz o’rganayotgan qoidaning ayni tibbiy tatbiqidir).

Biror kasalga chalinmasdan ilgari unga qarshi himoyalanish shariatda joizdir. Bezgag,chechak,qizamiq kabi kasalliklarga qarshi emlashga shariatda ruxsat berilgan. Emlov Allohning irodasi ila sog’lom kishilarning kasallanish zararini ketkazadi. Shu orqali imkon boricha zarar daf etiladi.

Sog’lom odamning yuqumli kasallikka chalingan kishi bilan aloqa qilmay turishi lozimligi ham shariatda joriy etilgan. Shu o’rinda bezgag,o’lat,vabo kabi boshqalarga yuqadigan kasalliklar bo’lib, ularga qarshi jang qilishning uslubi faqatgina kasallarga yaqinlashmaslik va ulardan uzoq turishdir. Bu esa bunday kasal kishilarning jamiyatdan ajratilishi bilan bo’ladi. Shunday paytda tibbiyot mutaxassislariga kasallarni qancha muddat yakkalash kerakligin belgilab berish mas’uliyati tushadi.

 

UCHINCHI QOIDA. ZARAR O’Z MISLI BILAN KETKAZILMAYDI.[8]

Qoidaning ma’nosi:

Bu qoida ushbu ma’noni ifodalaydi, ketkazilishi lozim bo’lgan zarar ketkazilish chog’ida xuddi o’zidek boshqa bir ziyonni keltirib chiqarmasligi lozim. Agar yuzaga keladigan zarar ko’proq bo’lsa bunda umuman bezarar yo’l orqali yoki undan engilroq boshqa zarar bilan bunisi ketkaziladi.[9]

Qoidaning tibbiy tatbiqi:

Bemordan zaruriy moslamalarni (oksigenat[10], IVL[11], defibbrilyator[12]) boshqa bemor sababidan olib tashlash joiz emas. (Chunki, zarar o’ziga o’xshagani bilan ketkazilmaydi).[13]

Agar qonini beruvchi kishiga bu tufayli zarar etsa, bunday holatda qonni birovga berishni shariat joiz emasligini ta’kidlaydi. Qon quyish ba’zi holatlarda ayrim zararlarni ko’tarishga yordam bersa-da, ayni holat zararni o’z misli bilan ketkazish deb e’tibor qilinadi.

Amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyoti borasidagi gumonlarga amaliyotning kutilgan natija bermasligi ustunlik qilsa, shariat bunday jarrohlik muolajasini o’tkazishga ruxsat bermaydi. Chunki, ba’zida bunday amaliytlar bemorning halok bo’lishi yoki uning biror a’zosiga talofat etish yoxud bemorning sezgi a’zolarining ishdan chiqishiga etib boradi. Bu esa kasallik tufayli yuzaga kelgan zarar boshqa unga teng keladigan yoki undan kattaroq boshqa zarar bilan ko’tarilmaydi.[14]

(davomi bor)

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Toxtaev Ilhom

[1] Imom Suyutiy “al-ashbohu van nazoir”,83-b.

[2] Nadaviy “Jamharotul qovaid al-fiqhiyya”. 1-jild,156-b.

[3] Imom Marg’inoniy “Hidoya” 10-jild,66-b.

[4] “Al-mavsuatul fiqhiyyatu tibbiyya”,2-jild. 330-b.

[5] “Al-mavsuatul fiqhiyyatu tibbiyya”,2-jild. 331-b.

[6] “Al-mavsuatul fiqhiyyatu tibbiyya”,2-jild. 330-b.

[7] Ahmad ibn Muhammad Zarqo “Sharhu qovaidul fiqhiyya” 207-b.

[8] IbnNujaym “al-ashbohu van nazoir”,87-b.

[9] Imom Subkiy “al-ashbohu van nazoir”,1-jild 53-b.

[10] Kislorod etishmaganda qo’llanadi.

[11] Sun’iy nafas berish uchun qo’llanadi.

[12] Yurak to’xtagan vaqtda qayta ishlatish uchun tashqaridan kuchli elektr impuls uzatiladi.

[13] “Al ifadatush shar’iyya fi ba’zi masailit tibbiyya”, 244-b.

[14] “Al ifadatush shar’iyya fi ba’zi masailit tibbiyya”, 27-b.