Mutakallimlar imomi

Ma’lumki, yurtimizdan azal-azaldan ko‘plab buyuk Allomalar yetishib chiqanlar. Ayniqsa bu tabarruk zaminda o‘rta (IX-XII) asrlarda o‘z kashfiyotlari va ta’limotlari bilan jumlai jahonni lol qoldirgan yuzlab ulug‘ zotlar samarali faoliyat ko‘rsatganlar. Shunday zotlardan biri Abu Mansur Moturidiydir.

Abu Mansur Moturidiy 870 yilda tug‘ilgan, Samarqandda 945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga dafn etilgan.

Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan.

Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida quyidagi asarlar yozib qoldirgan:

“Kitoab at-Tavhid” (“Allohni yagona deb bilish haqidagi kitob”), “Kitob al-Maqomat”, “Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”, “Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur’on ta’vili kitobi”.

Abu Mansur al-Moturidiyning “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob” kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asari ham ma’lum.

Moturidiyning yana bir asari “Ta’vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta’vilot al-Qur’on” deb nomlanadi. Moturidiy bu asarda sunniy aqidaga (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko‘radi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.

Moturidiyning mazkur asari tarix jarayonida ko‘p allomalar asarlariga asos solgan, ular ijodiga turtki bo‘lgan.

Shulardan biri Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning sharhidir. U “Sharh ta’vilot ahli as-sunna” deb nomlangan.

Shu bilan birga, Moturidiy nomi ostida yozilgan bir necha soxta asarlar ham ma’lumdir. Masalan: “Favoid” (qoidalar), boshqa nomi “Pandnoma”, “Kitob al-Usul”, “Sharh al-Fiqh al-Akbar” asarlari shular jumlasidandir. Bu Moturidiyning diniy ilmlar namoyandalari orasida qanchalik mashhur bo‘lganligidan dalolat beradi. Moturidiy ko‘p shogirdlar yetishtirdi, ular orasida islom olamiga mashhur allomalar Abul Hasan Rustug‘faniy, Ishoq ibn Muhammad Samarqandiy va Abdul Karim Pazdaviy, Abu Ahmad Iyoziy kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishgani natijasida moturidiya ta’limoti vujudga kelgan.

Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qo‘shdi.

Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.

Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar.

Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta o‘zgarishlar va islohotlar bo‘lyapti. Buni biz so‘ngi uch yarim yil ichida muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan ilm-ma’rifat maskanlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ular qatoriga Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazlarini kiritishimiz mumkin.

Bugun ham ana shu ezgu ishlar davom etmoqda. 2020 yil 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Albatta, bu kabi islohotlar Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida ulug‘ alloma ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmi merosini chuqur tadqiq etish, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy g‘oyalar, muqaddas dinimizning ilm-ma’rifat, halol-poklik, yuksak axloq va ezgulik ta’limoti asosida tarbiyalash imkonini beradi.

Internet ma’lumotlari asosida  Akbarxon Asqarov tayyorladi