Giyohvandlik nimasi bilan xatarli?

Bandalariga mehribon va rahmli Zot inson naslini boshqa O‘zi yaratgan barcha maxluqotlaridan afzal, aziz va mukarram qilib qo‘ydi. Unga hayot ne’matini, turli noz-ne’matlarni, hatto minishga ulovlaru dengizdagi kemalargacha muhayyo etib qo‘ydi. Bundan tashqari, yaxshi hayot kechirishi, chiroyli umrguzaronlik qilishi, sog‘lom va baquvvat bo‘lishi uchun foydali, kerakli rizq-ro‘zni ham ato etib qo‘ydi.
Bugungi kunda ba’zi kimsalarning o‘z jonlari, mollari, jamiyatdagi mavqelariga katta zarar keltiruvchi illatlarga mubtalo bo‘lmoqdalar. Bularning eng yomoni, eng xatarlisi “asr vabosi” deya mash’um nom olgan giyohvandlik balosidir. Giyohvandlik shunici bilan xatarliki, u insonni Alloh buyurganiday halol yashashdan mahrum etadi, uning odamlar orasidagi obro‘sini yo‘qotadi, oilasini parokandalik botqog‘iga otadi, sog‘ligiga jiddiy putur yetkazadi, o‘zini esa jinoyat yo‘liga boshlaydi. Eng fojialisi, u o‘ziga Alloh bergan hayot ne’matining zavolga uchrashi, erta o‘lim topishi kabi kulfatlarga uchraydi.
Giyohvandlikning zararlarini sanab adog‘iga yetkazish qiyin. Shunday bo‘lsada uning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
– taryok moddalar inson aqlini zaiflashtiradi.
– inson tanasining turli xastaliklarga chidamliligi, ya’ni immunitetini ketkazadi.
– xotirani pasaytirib, hamma narsaga befarq qilib qo‘yadi.
– kishi yurak, qon-tomir va asab tizimini ishdan chiqaradi.
– hozirgi paytda bedavo sanalgan OITS kasalligiga asosan giyohvandlar chalinishadi. Bulardan tashqari, afyun moddalarni muntazam iste’mol qilish ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni kasallantirib to‘kib yuboradi, oshqozon-ichak, jigar, o‘pka faoliyatini buzadi. Giyoh chekuvchilar o‘ta yalqov, oilasiga, ahli-ayoliga befarq, mutlaqo beparvo bo‘lib qoladi.
Demakki, giyohvandlikning zararlari behisobdir. Giyohvandlik salomatlikka, jamiyatga, uning iqtisodiyotiga, oilalarga va xususan yoshlar tarbiyasiga jiddiy zarar keltirar ekan. Ma’lumki, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning tarqalishi katta yoshdagilar o‘rtasida tarqalishidan ko‘ra xatarliroqdir. Zero, yoshlar kelajakdagi rahbar, olim, mutafakkir, iqtisodchi va shu kabi kishilardir. Aholining bu qatlami giyohvandlikka qancha berilsa, jamiyat kelajagi shuncha xavf-xatar ostida bo‘ladi.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan u kishi Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar:
«Allohning xaddi-chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur’a orqali joy olgan kishilarga o‘xshaydi. Ularning ba’zisi kemaning yuqorisidan, ba’zisi pastidan joy oldilar. Pastdagilar suvga xojatlari tushsa yuqoridagilarning oldidan o‘tar edilar. Ular, yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o‘z ulushimizdan bir joyni teshib olsak qandoq bo‘larkin, dedilar. Agar ularni istaklari ila qo‘yib qo‘ysalar hammalari halok bo‘lurlar. Agar ularning qo‘llaridan tutsalar ular ham boshqalar ham hammalari najot topurlar».
Bugungi kunimizda giyohvandlik qilayotganlar, ul moddalarni yetishtirib, ishlab chiqarayotganlar, tashiyotganlar, sotayotganlar barcha-barchalari hammamizning hayot kemamizni tagidan teshib g‘arq etishga harakat qilayotgan johillardir. Agar ko‘plashib ularning qo‘lidan tutmasak, hammamiz baravariga g‘arq bo‘lib halokatga uchrashimiz turgan gap.
O‘zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir shaxs uchun giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lish zarurdir.
Alloh taolo insonlarning o‘z joniga qacd qilmaslikka, shuningdek o‘zgalarning ham qonlarini nohaq to‘kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxiri o‘limga olib keladigan narsalarni is¬te’mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi.
Imom Buxoriy va Imom Muslimdek buyuk muhaddislarning asarlarida kelgan hadisi sharif¬larning birida: «Har kim o‘zini-o‘zi biror narsa bi¬lan o‘ldirsa, qiyomat kuni do‘zahda unga o‘sha narsa bilan azob beriladi» deyilgan.
Imom Ahmad va Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisi sharifda «Islom dinida o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zarar keltirishlik yo‘q» deyiladi. giyohvandlikning zararlari esa behisobdir.
Giyohvandlikka sarf etiladigan xarajatlar esa shaxsga ham, jamiyatga ham iqtisodiy zarar keltirishi bilan birga u isrofgarchilikka kira¬di. Isrofgarchilik esa Qur’on va hadis bilan harom qilingan.
Davlatimizning dono siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, olijanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan hukumatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytimoqda va keng suratda tushuntirilmoqda.
Alloh taolo barchalarimizning O‘zi buyurganidek halol va pok yashashimizni nasib etsin, farzandlarimizni giyohvandlik, ichikilikbozlik, kashandalik kabi zararli illatlar domiga tushib qolishdan asrasin!

Azamat USMONOV