ICHKILIKBOZLIK ILLATDIR…

Alloh taolo insonni yaratgach, uni o‘z holiga tashlab qo‘ymay, balki, bandalariga O‘zini tanitish, yaxshidan yomonni ajratish uchun payg‘ambarlarni yubordi, kitoblarini nozil qildi. Xuddi tabibning bemorning holatiga qarab turli xildagi dorilar berishga o‘xshaydi. Alloh taolo yuborgan payg‘ambarlar ham “qalb tabiblari” bo‘lib, qalbdagi har-xil illatlarga shifo ulashadilar.
Ma’lumki, ichkilikbozlik insonning qalbini qoraytiradigan, uni aqldan begona qiladigan yomon illat. Bu illat o‘z vaqtida davolanmasa uning asorati og‘ir oqibatlarga olib borishi aniq. Shuning uchun dinimizda ichkilikbozlikdan qattiq qaytarilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida surasi, 90-91- oyatlar).
Mazkur oyatda may – mast qiluvchi ichimlik qimor o‘ynashga, but-sanamlarga ibodat qilishga, har xil vositalar yordamida folbinlik qilishga tenglashtirilmoqda. Ayni vaqtda bularda shaytonning qo‘li bo‘lib, u odamlarning orasini buzishga, o‘rtasida urush-janjallar chiqarishga harakat qilishi aytilmoqda. Mo‘min-musulmon kishi bunday ishlardan o‘zini saqlamog‘i lozim.
Ibn Umar raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Har bir mast qiluvchi narsa maydir va har bir may haromdir”(Imom Muslim, Imom Nasoiy va Imom Ibn Moja rivoyati).
Ushbu hadisi sharif mast qiluvchi vositalarning har qanday turi haromligini anglatadi. Agar biron mo‘min kishi mayning yoki mast qiluvchi narsalarning haromligiga iymon keltirib, ammo o‘zini tiya bilmasa, ojizlik qilsa, u katta gunoh sodir etgan bo‘ladi va oxirat kuni qattiq azob-uqubatga duchor bo‘ladi.
Ummu Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtirguvchi narsadan qaytarganlar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloma Tayyibiy rahimahulloh: “Ushbu hadis barcha giyohvand moddalarning haromligiga dalolat qiladi, chunki ular tanani bo‘shashtirib, aqlni ketkazadi”, – deganidir.
Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan mehribonligi shu qadar yuksakki, U bandalariga zarari bo‘lgan har qanday narsani harom qilgan, bu narsalardan va ularni iste’mol qilishdan qaytargan. Tibbiyot sohasi rivojlangani sari mayning sihat-salomatlikka o‘ta zararli ekani ma’lum bo‘lmoqda. Hozirga qadar mast qiluvchi ichimliklar miya hujayralariga katta ziyon yetib, uning ish faoliyatini susayishi, oshqozon ichak, jigar kasalliklari kelib chiqishi hamda miyaga qon quyilish xavfi ortishi aniqlangan. Erkaklar o‘limining 7 foizi, ayollar o‘limining 2 foizi aynan spirtli ichimliklar iste’moli bilan bog‘liq ekan. 15-49 yoshdagilarning o‘limiga asosiy sabablardan biri alkogol ekani aniqlangan.
Bugungi kunda jamiyatimizda ichkilikbozlik oqibatida o‘g‘rilik, talonchilik, birovning joniga qasd qilish kabi ko‘plab jinoyatlar sodir etilmoqda. Oilalarda notinchlik va parokandaliklar yuzaga kelmoqda. Biz o‘z uyimizda, mahallamizda bir-birlarimizni yaxshilikka da’vat etib, yomonliklardan ogohlantirib turishimiz lozim bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni haromdan uzoq qilsin, haloli bilan serob qilsin, ichkilik balosiga mubtalo bo‘lgan azizlarimizni bu ofatdan tezda qutilishni nasib aylasin..

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari