Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling!

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar ya’ni: VKontakte, Odnoklassniki, Faysbuk, Tvitter, Vatsap, Telegram, Instagram, kabi tarmoqlar insoniyatga bir qancha imkoniyatlar berish bilan bir qatorda afsuski, turli g‘iybatu haqoratlarni, riyokorlikni tarqatishda ham asosiy kanalga aylandi. Ularning ishonchliligi esa shubhalidir. Xususan, aksariyati taniqli shaxslar to‘g‘risidagi suhbatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning atrofida ko‘plab mish-mishlar aylanib yuradi. Musulmonlar bu kabi suhbatlarda ishtirok etmasliklari kerak, chunki bu gunohdir. Alloh subhanu va taolo Hujurot surasining 12-oyatida: «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar» deya marhamat qiladi.

Shuningdek, musulmon kishi har qanday jamoat ichida odamlardan o‘zini ustun va ajratib ko‘rsatishga urinmasligi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin”.

Demak, musulmonlar boshqalarga nisbatan kibr qilmasligi shartdir. Siz boshqalardan yaxshi tomoningiz bilan, faqat yaxshi o‘rnak ko‘rsatib ajralib turishingiz mumkin. Bundan tashqari, siz o‘zingizning ma’lum afzalliklaringiz va boyliklaringiz bilan maqtana olmaysiz. Agar Alloh bandasiga dunyoda biron narsa bergan bo‘lsa, demak uni olib qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun musulmonlar berilgan barcha narsalar uchun olamlarning Parvardigoriga shukr qilib, kamtarlikni izhor qilishlari, manmanlik va kibrdan uzoq bo‘lishlari kerak.

Sufyon ibn Uyayna (r.h): “Kimning gunoh-ma’siyati nafsining xohishi tufayli bo‘lsa, uning tavbasi qabul bo‘lishidan umid qil. Axir Odam alayhissalom ham nafsining xohishi bilan gunoh qilgan. Keyin mag‘firat so‘ragan va Alloh kechirgan. Lekin, kimning gunohi kibr tufayli bo‘lsa, unga la’nat tushishidan qo‘rqqin. Zero, iblisning gunohi kibr tufayli edi, la’natga duchor bo‘ldi” – degan ekanlar.

Musulmon kishi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda gunohlarni oshkor qilishdan ham tiyilish lozim.

Ko‘pgina internet foydalanuvchilari o‘zlarining sahifalarida video va fotosuratlari orqali qilgan gunohlarini oshkor qilmoqdalar. Musulmon odamning yomonliklarini boshqalarga xabar qilishi joiz emas. Har birimizning gunohlarimiz faqat o‘zimizga va Allohga ma’lum bo‘lishi kerak. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadislarning birida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ummatimning mujohirlaridan boshqa barchasi afv etilgan. Mujohir kishi tunda bir gunoh amal qiladi va Alloh uning gunohini berkitgan bo‘ladi. U esa tong ottirganda: “Ey falonchi, kecha men falon va falon amallarni qildim”, deydi. Vaholanki, Alloh uning gunohini berkitganda, u o‘z gunohini oshkor qildi”.

Agar bir kishi boshqaning gunohini bilsa, uni ham sir tutishi kerak. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam: «Kim mo‘minning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi» deganlar.

Alloh taolo bandalarini gunoh va ma’siyatdan qaytarib, behuda gapirmaslik va tilni ehtiyot qilish lozimligini ta’kidlab, hadisi qudsiyda: Ey Odam farzandi! Agar qalbingda g‘ashlik, badaningda bemorlik, rizqingda mahrumlik, molingda kamchilik topsang, demak, bilginki, sen befoyda narsani (ko‘p)gapiribsan.

Ey Odam farzandi! Tilingni to‘g‘ri qilmaguningcha, dining to‘g‘ri bo‘lmaydi. Robbingdan hayo qilmaguningcha, tiling to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar o‘z aybingni unutib, odamlarning aybiga nazar solsang, unda sen shaytonni rozi qilib, Rahmonning g‘azabini keltiribsan deya marhamat qiladi.

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlardami yoki jamiyatda yuzma – yuz uchrashganimizdami faqat va faqat manfaatli gaplarni gapirib, bir birimizga mehr oqibatli bo‘laylik.

Albatta kishining odobi, xulqi uning ma’rifati, bilimdonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Inson qanchalik ma’rifatga erishsa, uning xulqi shunchalik yaxshi va mukammal bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni eshitgan har bir ma’lumotni gapiraveradigan, yolg‘onchi, tuhmatchi va mujohirlardan bo‘lib qolishimizdan asrasin! O‘zining amriga itoat etib, birov keltirgan, aytgan xabarlarni tekshirib, o‘rganib ko‘ruvchilardan qilsin!
Manbalar asosida A. Usmonov tayyorladi