Ajdodlarimiz merosini o‘rganamiz

Shu muqaddas zaminimizda yashagan ulug‘ ajdodlarimiz bundan ko‘p asrlar ilgari islom dini rivojiga ko‘plab asarlar bitgan va hozirgi zamonaviy ilm-fanga poydevor qo‘yib, uni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shishgan. Xususan, ular Hadis, aqoid, tafsir, islom tarixi matematika, astronomiya, geografiya, tarix, tibbiyot, falsafa va tilshunoslik sohalaridagi qomusiy ishlari, ixtirolari bilan islom va jahon sivilizatsiyasi ravnaqida o‘chmas iz qoldirganlar.
Albatta ushbu nodir asarlar o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Bizning davrimizgacha yetib kelgan bu boy merosdan butun bashariyat ravnaqi yo‘lida oqilona va samarali foydalanish — har bir olimning vazifasi, ta’bir joiz bo‘lsa, vijdon burchidir. Zotan, ana shu tengsiz asarlar va ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulki hisoblanadi.
Joriy yilning 15 fevral kuni “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining 1 va 2 kurs talabalari ishtirokida “Ajdodlarimiz merosini o‘rganamiz” mavzusida davra suhbati tashkil etildi va axborot-resurs markazida mavjud buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub qo‘lyozma va toshbosma asarlar haqida ma’lumotlar berildi.
Davra suhbati davomida ko‘hna va boy tariximiz, uzoq moziyda yashab barhayot asarlar yaratib ketgan buyuk allomalarimizning hayoti va ijodini chuqur o‘rganish hamda ularni keng xalq ommasiga yetkazish – oldimizdagi asosiy vazifalardan ekanligi ta’kidlandi.

Azamat Usmonov