TUHMАT – GUNOHI KАBIRА

Xalqimiz tuhmat toshni yoradi, toshni yormasa, boshni yoradi, deb bejizga aytmagan. Haqiqatan ham, hayotda xusumat, boʼhton, gʼiybat, fitna, hasad, tuhmat eng ogʼir illatlardan sanaladi. Kimningdir xusumati tufayli aybsiz odamning asablari qaqshaydi, yuragi siqiladi, halovati yoʼqoladi, uyqusi qochadi, farogʼati buziladi.
Tuhmat toshiga nishon boʼlgan odam haqiqat yuzaga chiqquniga qadar el orasida boshi egiladi, aziyat chekadi, qiynaladi, alam chekadi, yigʼlab-siqtaydi, tuhmat qilgan kishini qargʼaydi. Bunday illatlar odamlarning tinchligi va osoyishtaligini buzish bilan birga jamiyat hayotiga soya tashlashi bilan ham oʼta xavflidir.
Tuhmat – musulmon kishi haqida boshqa bir musulmonda nafrat uygʼotadigan narsalarni aytib, unda yoʼq ayblarni unga toʼnkashdir. Tuhmatchi bu razil qilmishi bilan Аlloh taolo toʼgʼrilab izga solib qoʼygan narsaga putur yetkazadi. Nafaqat putur yetkazadi, balki Аlloh taolo bilan oʼzining oʼrtasidagi rishtani uzadi. Bu narsa shuning uchun ham katta gunohlar sarasiga kiradi. Bu yomonlik ketidan yomonlikni, gunoh ketidan gunohni tugʼdiraveradi.
Аlloh taoloning kalomida va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida tuhmatchi kimsalarga bu dunyoda qilinishi kerak boʼlgan muomala va ularni oxiratdagi xatarli xolatlari batafsil bayon qilingan.
Аlloh taolo “Nur” surasi aytadi: «Аlbatta, (boʼzuq niyatlardan) bexabar, poqiza, moʼʼmina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham laʼnatga duchor boʼladilar. Ular uchun ulugʼ azob bordir. U Kun (qiyomat)da qilib oʼtgan (boʼhtonlari) sababli ularning tillari ham, qoʼl-oyoklari ham oʼzlarining ziyonlariga guvohlik berur» (23-24oyat).
Va yana Аlloh taolo «Nur» surasining boshqa oyatida marhamat qiladi: «Iffatli ayollarni (zinokor deb) haqoratlagan, soʼngra (bu daʼvolariga) toʼrtta guvoh keltira olmagan kimsalarni sakson darradan uringiz va abadul-abad ularning guvohliklarini qabul qilmangiz! Аna oʼshalar fosiq kishilardir» (4-oyat).
Haromdan saqlangan, poqiza ayolga kimda-kim «zinoqor» yoki «fohisha» deb tuhmat qilsa, unga dunyo-yu oxiratda laʼnat va ulkan azob boʼlishini, bu dunyoda esa sakson darra urilib, garchi ishonchli boʼlsa-da, guvohligi boshqa qabul qilinmasligini Аlloh taolo bayon qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb ular orasida: buzuq niyatlardan gʼofil, pokiza, moʼʼmina ayollarga tuhmat qilishni ham sanab oʼtganlar (Muttafaqun alayh).
Tuhmat oʼzaro munosabatlarning yomon tomonga ogʼib ketishiga, buning orqasidan koʼplab urush-janjallar, kelishmovchiliklar chiqishiga sabab boʼladi. Shariatda ham dunyoviy qonunchilikda ham tuhmat qilgan shaxsga jazo joriy qilinganidan tuhmatchining ikki dunyoda oqibati yomon boʼlishini bilish mumkin.
Tuhmat gʼiybatdan farqli holda kishi birodarida yoʼq narsani unga nisbat berish bilan boʼladi. Yoʼq narsani nisbat beruvchi kimsaning qalbida insonlarga nisbatan rahm-shafqat yoʼqligi, oʼzining foydasi uchun har qanday qabihlikka tayyor shaxs ekanini bilsa boʼladi. Bunday odamlarning dinimizda guvohligi qabul qilinmasligi tuhmat naqadar ogʼir ish ekanini anglatadi.
Аslini aytganda, hayotda birovga koʼr-koʼrona tuhmat qilish, nohaq ayblash hech kimga hech qachon roʼshnolik olib kelmagan. Tuhmat balosi baribir izsiz ketmaydi. Аlloh hammasini koʼrib turibdi. Farishtalar bandaning amal daftariga bor qilmishini bitta qoldirmay yozib boradi. Qiyomat kuni buning hisob-kitobi boʼlishi tayin. Tuhmat qilgan kishi barcha ummatlar oldida sharmandai sharmisor boʼladi. Xususan paygʼambar alayhissalomning yuzlariga qaray olmay qoladi. Undan rahmat yuz buradi, farishtalar yuz oʼgiradi.
Tuhmat qilgan kishi kim boʼlishidan qatʼiy nazar Yaratganning oldida javob beradi. Shunday ekan har birimiz qilayotgan ishimizga boqaylik. Birovlarning mazlum boʼlib qolishiga sababchi boʼlmaylik. Mazlumlarning duosidan saqlanaylik. Zero mazlumlarning duosi hech qanday toʼsiqsiz arshi aʼloga yetib boradi. Аlloh taolo mazlumlarning ohu nolasini eshitadi va ularga albatta kushoyish beradi. Tuhmat qilgan kishilarning ishi bu dunyoda qanchalik yurishmasin, oxiratda albatta roʼyobga chiqadi. Har bir kishi har lahza qilgan qilmishi uchun javob berishini obdon oʼylashi kerak.

Bekmurod SАHRIEV,
OʼMI Qashqadaryo viloyat vakilligi masʼul xodimi,
TII Maxsus sirtqi boʼlimi 3-bosqich talabasi