«Namozdan keyin jamoat bilan duo qilish bid’at»mi?

Men bu yerda ushbu buyuk dinning aniq ko‘zga tashlanib turgan haqiqatlarini eslab o‘tishimga ehtiyoj bor deb o‘ylagan emasman.
Lekin bu asrga kelib odamlar ajoyib va g‘aroyib ishlarga duchor bo‘lmoqda.
Men o‘ylaymanki, ibodatning mag‘zi bo‘lgan duoni Allohga yaqinlashtiruvchi qurbat ekanini, balki Mustafo sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, duoning o‘zi aynan ibodat ekanini bilmaydigan musulmon kishi bo‘lmasa kerak.
Lekin men ushbu asrda e’tibor berib Alloh azza va jallaning dinidagi ushbu ulug‘ asosdan yuz burayotgan kishilar borligini ko‘rayabman. Alloh taologa ibodat qilish ma’nosidagi bu buyuk mohiyatdan yuz o‘girayotgan odamlarni uchratayabman.
Koshki men e’tibor berib masala yuz burish chegarasida to‘xtayotganini ko‘rsam edi.
Yo‘q, insonda ta’jub va hayratni ziyoda qiladigan ushbu masala insonlar orasida duoni pisand qilmay uni yengil sanaydigan, guyoki uni dinning javharidan bo‘lmagan va dinga qo‘shilgan ish deb qaraydigan kishilar borligidir.
Hullas inson ushbu aniq ko‘zga tashlanib turgan haqiqatlarga qaytib uni tushuntirib berishga o‘zida ehtiyoj sezadi.
Ey Allohning bandalari sizlarning ichingizda Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimagan yoki eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Alloh aytadi:
«Robbingiz: «Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar», dedi».
Alloh taolo bir guruh solih bandalarini vasf qilib aytgan ushbu so‘zini ham o‘qimagan yoki eshitmagan odam bo‘lmasa kerak;
«Albatta, ular yaxshiliklarga shoshilishar edi va Bizga rag‘bat ila va qo‘rqib duo qilishar edi. Ular Bizga ta’zim ila bo‘yinsunuvchi edilar». Anbiyo, 90.
Ushbu oyatlar duo qilishga bo‘lgan buyruqning qat’iy ekaniga ishoradir.
Balki bu yerda yana Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan ma’lum va mashhur sahih hadislar ham bor. Ushbu hadislar bizlarga duo inson har doim shoshishi kerak bo‘lgan ibodat ekanini tushuntirib beradi.
No‘’mon ibn Bashir Rasulullohdan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi va sallam: «Duo ibodatdir» – deganlar. Ushbu hadisni ikki shayx hamda imom Nasoiyning shartiga binoan imom Termiziy, imom Bayhaqiy va Xokimlar rivoyat qilgan.
Boshqa bir rivoyatda: «Duo ibodatning iligi (oliy kismi)dir» – deyilgan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Agar Alloh bandaga duo (eshigini) ochsa banda duo qilsin. Albatta Alloh uni ijobat qiladi» – deganlar.
Sizlarning har birlaringiz Allohning Kitobini o‘qigansizlar hamda Anbiyo va Rasullar haqida aytgan so‘zini eshitgansizlar.
Alloh taolo Anbiyo va Rasullar haqida aytganida U zot bizlarga nima degan?
Alloh taolo bizlarni eng muhim narsaning oldiga qo‘yadi. U ham bo‘lsa ushbu Payg‘ambarlarning duolaridir.
Alloh taolo o‘zining Kitobida har bir Payg‘ambarning Alloh azza va jallaga yolvorib duo qilgan jihatlari haqida aytgan:
«Batahqiq, Bizga Nuh nido qildi. Bas, naqadar yaxshi ijobat qilguvchimiz». Soffat, 75.
(Nuhga o‘xshab iltijo etgan bandalarimizning duolarini doimo ijobat qilamiz. Tafsir hilol).
Alloh taolo bu haqida shunday demaganmi?!
«Bas, u (ya’ni Nuh) Robbisiga duo qilib: «Albatta, men mag‘lub bo‘ldim, yordam ber», dedi. Osmon eshiklarini sharros suv bilan ochib yubordik». Qamar. 10.
Alloh taolo bizlarga duo bilan ijobat qilish o‘rtasidagi bog‘liklikni ko‘rsatib bermoqda.
«Va Nuh: «Ey Robbim, yer yuzida kofirlardan birorta ham xarakatlanuvchini qo‘ymagin. Albatta sen ularni tek qo‘ysang, bandalaringni adashtirurlar va fojiru kofirdan boshqa tug‘maslar», dedi». Nuh, 26-27.
Alloh taolo bizlarga Payg‘ambarlarning otasi Ibrohim alayhis-salom haqida aytdi.
U kishi haqida Rahmonning aytgan so‘zi nima edi?
U kishi haqida aytgan so‘zlarining hammasi uning duosi va yolvorib qilgan iltijosi haqida edi. Shunday emasmi ey do‘stlarim?!
«Ibrohim bilan Ismoil: «Ey Robbimiz, bizdan qabul et, albatta, Sening O‘zing eshituvchi, biluvchi zotsan», deb, baytning poydevorlarini ko‘tarayotganini esla. «Robbimiz, ikkovimizni O‘zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O‘zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sening O‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahmli zotsan». Baqara, 127.
Robbimiz subxanahu va taolo bizlarga bobomiz Ibrohim bilan qavmi o‘rtasida bo‘lgan suhbat haqida gapirib keyin ularning ushbu suhbati Ibrohimning o‘z Robbisiga yolvorib qilgan duosi bilan yakunlangani haqida aytib bergan emasmi?!
«U: «Nimaga ibodat qilayotganingizni bildingizmi?! Siz va qadimgi otalaringiz?! Albatta, Robbul Olamiyndan boshqa ularning barchasi menga dushmandir», dedi. U meni yaratgan zotdir. Bas, meni hidoyat qiladigan ham Uning O‘zi. Va meni taomlantiradigan va sug‘oradigan ham Uning O‘zi. Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi. Meni o‘ldiradigan, so‘ngra tiriltiradigan ham Uning O‘zi. Va mening xatoimni qiyomat kuni mag‘firat qilishidan umidvor bo‘lganim ham Uning O‘zi.
Ey Robbim, menga hikmat hadya et va meni solihlarga qo‘shgin. Va menga keyin kelguvchilar ichida sodiq maqtovlar bo‘ladigan qilgin. (Ya’ni, o‘tib ketganimdan keyin ham odamlar meni qiyomatgacha yaxshilik bilan eslab yuradigan qilgin.) Va meni na’iym jannati vorislaridan qilgin. Va otamni mag‘firat qil. Albatta, u adashganlardan bo‘ldi. Va qayta tiriltiriladigan kunda meni sharmanda qilmagin. U kunda na mol manfaat berar va na bolalar. Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)». Shuaro, 75-89.
Alloh taolo bizlarga Ayyub alayhis-salom haqida gapirib bergan. U haqida Qur’on aytgan so‘zlarning hammasi nima to‘g‘risida edi?
«Va Ayyubning o‘z Robbiga nido qilib: «Albatta, meni zarar tutdi. Sening O‘zing rahmlilarning rahmligisan!» deganini esla». Anbiyo, 83.
(Ayyub alayhissalomga juda katta zarar yetgani ma’lum. Lekin o‘sha zararning aynan nomini Qur’oni Karim aniq aytmaydi. Ushbu oyatda ham Ayyubning alayhissalom Allohga yolborib nido qilayotganlari kelyapti, xolos.Tafsir hilol).
Robbimiz subxanahu va taolo bizlarga Muso alayhis-salom haqida gapirib bergan. U haqida Qur’on aytgan so‘zlar nima to‘g‘risida edi? Uning turli munosabatlarda Allohga yolvorib qilgan duolari haqida edi.
Anbiyolarning sayyidi va ularning Alloh taologa eng ko‘p duo qilgani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bo‘ladilar.
Agar biz Rasulullohning o‘z Robbisiga ertalab va kechqurun, uydan chiqayotganlarida, safardalik chog‘larida, uylariga qaytib kelgan paytlarida, masjidga kirganlarida, farz namozlarining so‘ngida, kechasining yarmida va bulardan boshqa vaqtlarda qilgan hamma duolarini jamlasak ushbu duolar Rasulullohdan bizlarga yetib kelgan sahih hadislarning to‘rtdan birini tashkil etadi.
Bu ishlarni biror musulmon qanday qilib unutadi, xatto ular dinning asosi bo‘lgan ibodatning ushbu oliy qismidan yuz o‘girmoqda, ey do‘stlarim?
Balki ushbu duodan qanday qilib jirkanadi? Balki u, qanday qilib Allohga duo qilayotgan bir guruh musulmonlar jamoasiga betartiblik qiladi? Ushbu holatda bu inson qanday qilib Alloh subxanahu va taologa mo‘min musulmon bo‘ladi? Va holangki ular musulmonlarku.
Ularning biri aytadi: «Ushbu vaqtda duo qilishni shariat qonunchiligiga kiritilishi qayerdan sobit bo‘lgan? Namozdan keyin duo qilishning qonuniy ekani qayerda aytilgan?..
U o‘zining ushbu ishidan keyin; «Choshgoh vaqtida duo qilish, quyoshning chiqishi oldidan yoki botgandan keyin, peshin vaqtida duo qilishlar qayerdan sobit bo‘lgan»? – deb savol berishga ham haqli.
Javob shu; Agar «Bunday duo qonununiy sanalmaydi», degan so‘zni aytayotgan kishilar ilm hididan baxra olganlarida edi bu kabi tanqidiy savoldan iborat ushbu so‘zlarni aytishdan uyalishgan bo‘lardi.
Alloh taolo bizlarni duo qilishga buyurganida mutlaq iboralar bilan buyurgan.
Ulamolarning barchalari: «Mutlaq (qatiy) lafz o‘zining mutlaqligicha ishlatiladi» – deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar Alloh bandaga duo (eshigini) ochsa banda duo qilsin. Albatta Alloh uni ijobat qiladi» – degan so‘laridagi (iza) kalimasi umumiylik yuklamasidir. Ya’ni; Qachon his tuyg‘ulari duoga yo‘nalganini sezsa fursatni g‘animat bilib duo qilsin – degan ma’no chiqadi.
Umumiylikni ifoda etuvchi lafz umumiylikka ishlaydi.
Ulamolar; «Umumiy lafzlar, umumiy holatlar, umumiy vaqtlar va makonlar umumiylik zaruratini keltirib chiqaradi» – deganlar.
Lekin insonlar orasida, jaholat botqog‘iga botganlari ham bor.
Keyin ular ushbu ummatga va bu ummatning o‘tganlariga xurmatsizlik qilish bekatiga to‘xtaydilar. «Ummatning oxirgisi uning avvalgisini la’natlashi (ayblashi) qiyomatning alomatlaridandir» – degan zotga Allohning solavot va salomlari bo‘lsin.
Ha… Menga ko‘p marta; «Namozdan keyin duo qilishning mustahab ekanligi to‘g‘risidagi dalil nima»? – deb savol berilgan.
Birinchidan bu yerda xos dalilga zarurat yo‘q, chunki Alloh taolodan bizlarga kelgan buyruqlar mutlaq bo‘ladi yoki umumiy bo‘ladi. Mutlaq lafzlar barcha holat va zamonlarga kiradi. Umumiy lafzlar ham barcha zamonlarga kiradi.
No‘’mon ibn Bashir Rasulullohdan rivoyat qilgan sahih hadisda u zot sollallohu alayhi va sallam:«Duo ibodatdir» – dedilar.
Bu yerda ibodat uchun xos vaqtlar bormi? Agar ushbu vaqt ketib qolsa Alloh taoloning ibodatidan qaytish lozim bo‘lib qoladi-ku?!
Ikkinchidan; Imom Buxoriy va imom Termiziylar Sa’d ibn Abi Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisni eshitmaganmisiz?!
U o‘z farzandlariga ushbu duoni muallim o‘quvchilariga kitob o‘rgatgani kabi o‘rgatar edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni har namozning so‘ngida: «Allohim men sendan bahillik va qo‘rqoqlikdan panoh so‘rayman. Men sendan umrning eng zaifligiga qaytib qolishimdan, dunyo fitnasidan va qabr azobidan panoh tilayman» – deb duo qilishga chaqirar edi – derdi.
Bu boshqa bir javob.
Uchinchidan; Imom Termiziyning sahih sanad bilan Abu Umoma al-Bohiliydan rivoyat qilgan ushbu hadisini eshitmaganmisiz?!
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: «Qaysi duo ko‘proq eshitiladi?» – Ya’ni duoning qaysi turi ko‘proq ijobat bo‘ladi, deb savol berdi.
Shunda u zot; «Kechasida qilingan duo va farz namozlaridan keyin qilingan duo (ko‘proq ijobat bo‘ladi), deb javob berdilar.
Musulmon odam bundan keyin yana nimani istaydi?
O‘zini yolg‘ondan islom ahkomlarini ushlayotgan qilib ko‘rsatayotgan musulmon odamni ushbu masjiddagi do‘stlari kabi yoki yolg‘iz bir o‘zi duo qilishdan nafratlantirayotgan narsa nima?!
Ushbu ko‘rinishdan odamning badanlari titrab ketadi, ey Allohning bandalari.
Men ulardagi ajoyib bir g‘alati nafratlanishni his qilaman, balki hayolimga ushbu holatda Alloh taoloning g‘azabi tushayotgandek bo‘lib ko‘rinadi.
Ushbu masjid kabi masjidlarda musulmonlar namozlarini tamomlaganlaridan so‘ng ovozlarini baland ko‘tarib Allohning zikrini qilgach qo‘llarini duoga ochganlarida qarab turib, Alloh taoloning zikridan qochib chiqib ketayotgan odamlarni ham ko‘raman.
Ularning aksariyati ushbu duolardan qochib ketadilar.
Bundan ham ayanchlirog‘i shuki, men ushbu masjidda g‘arazguylik bilan qarab o‘tirgan bir o‘spirin yigitni ko‘rdim. Duo qilish vaqti kelganida, biz hammamiz qo‘llarimizni duoga ochib Rasululloh buyurganlaridek duo qilayotgan, namozxonlar ham birlari duo qilib, qolganlari omiyn deb turgan vaqtimizda haligi yigit o‘rnida qotganicha duo qilayotganlarga g‘azab bilan qarab turardi.
Guyoki u o‘zini bu dinga begonadek tutardi.
Bu holat, ey do‘stlarim, bizning boshimizda aylanayotgan eng yomon ko‘rinishlardan biridir.
Ularning biri o‘zini o‘ta talabchan qilib ko‘rsatib: «Alloh subxanahu va taoloning zikr qilishda nima uchun ovozlar bunday baland ko‘tarilmoqda»?- deydi.
Sen Mustafo sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini o‘qi, imom Navaviy jamlagan ko‘plab hadislarga qara.
U zot sollallohu alayhi va sallam farz namozni o‘qib bo‘lganlaridan keyin, sunnat namozi bo‘lmasa burilib orqasini qiblaga o‘grib yuzini namozxonlarga qaratib o‘tirardilar. Keyin sahobalarga o‘rgatish uchun aytayotgan zikrlarini baland ovozda o‘qirdilar. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan aytilgan ushbu hadis sahih hadislardan sanaladi.
«Alloh taolo «Kim Meni ichida zikr qilsa, Men ham uni ichimda zikr qilaman, kim Meni jamoat ichida zikr qilsa, Men ham uni uning jamoatidan yaxshiroq jamoat ichida zikr qilaman», deydi».
Insonning Allohni jamoat ichida zikr qilishi qanday bo‘ladi? U ana shu shaklda bo‘ladi. Ha shunday.
Ularning yana boshqa biri: «Sizlar duo vaqtida qo‘lni ochib turishni qayerdan oldinglar»? – deydi.
Sen bu haqidagi ko‘plab hadislarga qara. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan turli sanadlar bilan rivoyat qilingan ushbu so‘zga e’tibor ber.
«Albatta Alloh tirikdir, Kariym va sahiydir. Agar banda duo bilan qo‘lini ochsa uni noumid holda quruq qaytarishdan hayo qiladi».
Ha shunday, ey do‘stlarim.
Insonlar salafiylik va o‘tgan salaflarga ergashish nomi bilan Allohning dinga qarshi urush e’lon qilmoqdalar. Ular yolg‘on aytmoqdalar.
Allohga qasamki, ularda o‘tgan salaflarda bor sifatlarning birortasi yo‘q.
Robbimiz subxanahu va taolo bizlarni duo qilishga buyuradi va duo qilishga qarshi chiqishdan qaytarib ogohlantiradi.
«Robbingiz: «Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar», dedi». G‘ofir, 60.
Rasululloh ushbu oyatni tushuntirib: «Duo ibodatdir» – deganlar.
O‘zingiz yaxshi bilasiz, biz har vaqt ibodat bilan rang olishimiz lozim. Uyimizdagi to‘shagimiz ustida, ertayu kech, o‘zimiz yolg‘iz qolganimizda ham, turli hil vazifa va hizmatlarimizda yurgan chog‘imizda ham ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishimiz kerak.
Demak inson har lahzada qalbi duo bilan Alloh taologa bog‘langan bo‘lishi lozim.
Sizlar o‘shalardan Alloh taoloning: «Va Robbingning ismini zikr et va Uning ibodatiga butunlay ajralib chiq» – deb aytgan ushbu so‘zining ma’nosi nima haqida ekanini so‘ranglar.
Buyurilgan ibodatga butunlay ajralib chiqish inson hamma vaqt doimo rang olishi lozim bo‘lgan bo‘yoqdir. Inson unga butunlay ajralib chiqishi lozim. Agar u qolgan boshqa vaqtlarda ajralib chiqmasa va zohidlik undan ajralsa unga shayton takabburlik bilan suqulib kirishi aniq bo‘ladi. Takabburlikdan yiroq bo‘lishingiz uchun zohidlik bilan rang olishingiz lozim.
Zohidlik va ibodatga butunlay ajralib chiqish qanday bo‘ladi? U Alloh taologa duo qilishni ko‘paytirish bilan bo‘ladi.
Siz uyingizdan masjidga chiqayotganingizda Rasululloh qilganlaridek duo qilasiz. Masjiddan uyingizga qaytayotganingizda ham Alloh subxanahu va taologa duo qilasiz.
Agar insonning barcha holatida ne’mat soyasini ko‘rsangiz qo‘lingizni ko‘tarib Allohga duo qilasiz.
Insonga yetgan sinovlarni ko‘rsangiz ham ikki qo‘lingizni ko‘tarib Allohga duo qilasiz.
Endi Rasululloh ushbu vaqtda duo qilganmi yoki qilmaganmi? – sen shuni sobit bo‘lgani haqida surishtirib ko‘r. O‘qib o‘rgan…
Men odamlarga hayron bo‘laman. Ular o‘z shaharlaridan ushbu shaharga ilm o‘rganish uchun keladilar.
Agar sizlar o‘quvchi bo‘lsangiz nima uchun keldingiz? Agar sizlar haqiqatda ilm o‘rganishni istayotgan bo‘lsangiz nima uchun bilimsizligingiz bilan takabburlik qilayabsizlar?
Nima uchun Alloh subxanahu va taologa mutakabbirlik qilayabsizlar?
Ha shunday, do‘stlarim.
Men yo‘ldan adashib yurgan fosiqlar holiga achinaman. Lekin o‘zlarini yolg‘ondan islomda ekanini ko‘rsatib qalblari toshdan ham qattiq bo‘lgan odamlar hollari yana ham qalbimni ezadi.
Ularga Alloh taoloning ushbu so‘zi muvofiq keladi:
«So‘ngra, shundan keyin qalblaringiz qattiq bo‘ldi, ular toshdek yoki toshdan ham qattiq». Baqara,74.
Albatta yo‘ldan adashgan inson o‘z kasalligi orqali taniladi chunki u yanglishishni boshidan o‘tkazmoqda.
Lekin musulmon bo‘la turib va din masalalarini tushuna turib takabburlik qilayotgan inson, yana Alloh taoloning dinidan toyilish bilan shug‘ullanadi hamda Allohning buyruqlariga va Rasulullohning nasihatlariga qarshi xato qilish bilan harakat qiladi.
Mana shu davosi yo‘q darddir.
Musulmonlar ushbu masjidda bo‘lganlarida, Alloh taologa Rasululloh buyurganidek qo‘llarini ochib, Rasululloh duo qilgandek duo qiladilar.
Ushbu majlisga g‘arazgo‘ylik bilan qarayotgan inson hech qachon odob axloqni bilmaydigan, beodobdir. U duo qilayotgan ushbu odamlarga nazar solib go‘yoki hol tili bilan: “Men sizlarni bu duoingizga muhtoj emasman, meni sizlarning bu ilohingizga qo‘l ochib duo qilishimga ehtiyojim yo‘q” – deydi.
Alloh subhanahu va taoloning ibodatiga butunlay ajralib chiqish bilan rang olmaydigan inson Alloh taoloning huzuriga mo‘min holida ketishi bo‘lmag‘ur gapdir.
Ushbu so‘zimni aytib Allohdan mag‘firat so‘rayman.
Muhammad Sa’id Ramazon al-Butiyning juma xutbasidan (31-may 1996-yil).
Abdulloh G‘ulomov tarjimasi.