Mazhabsizlik – xatarli yo‘l

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda Qur’on, sunnat va salaflarga ergashish da’vosi bilan chiqib, mujtahid imomlarga ergashib birdamlikda ibodatini qilib yurgan musulmonlar jamoasini bo‘linib, turli xil qarama-qarshiliklarni kelib chiqashiga sabab bo‘lgan kimsalar paydo bo‘ldi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Odamlarning yaxshilari men bilan yashaganlar, so‘ng ulardan keyingilar, so‘ng ulardan keyingilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Mazkur davr sahobalar, tobe’inlar va tabaa tobe’inlar davridir. Ana shu davr salaflarning davridir. Bu haqiqatni o‘zlarini “salafiylar”, deb atayotgan soxta oqim a’zolari ham yaxshi biladi.Agar teranroq o‘rganib chiqilsa, bugungi “Soxta salafiylar” Islomning dastlabki uch asrida chiqarilgan hukmlardan boshqasi bid’at deyishadi-yu, biroq ularning o‘zlari buning teskarisini qilishadi. Holbuki, ular Ibn Taymiyya, Ibn Qayyum kabi rahnamolarining so‘zlaridan boshqasini tan olmaydi va to‘rt nafar mujtahid imom: Imomi A’zam, Imom Shofi’iy, Imom Molik va Imom Ahmad Hanbaliy (rahmatullohi alayhim)ga ergashganlarni esa qoralaydi. Aslida ular ergashayotgan “mujtahid”lar solih salaflar qatoriga kirmaydi.
Aslida bu oqimning tarixiga nazar tashlasak, ular hijriy to‘rtinchi, melodiy o‘ninchi asrda paydo bo‘lgan. Bu haqida muhaqqiq olim Abu Zahro rahmutullohi alayh asarida shunday yozadi: «Salafiyya deganda to‘rtinchi hijriy asrda paydo bo‘lgan toifa tushuniladi. Ular hanbaliy mazhabida bo‘lib, «Bizning qarash va fikrlarimiz Ahmad ibn Hanbalning fikriga borib taqaladi», deya da’vo qilishardi. So‘ng oradan vaqt o‘tib, aniqrog‘i yettinchi hijriy asrda bu da’voni Ibn Taymiya yana qayta jonlantirdi va ko‘p masalalarda yangliklar kiritdi. So‘ng o‘n ikkinchi hijriy asrda Arab yarim orolida bu qarashlar yana qayta jonlantirildi. Bu ishni Muhammad ibn Abdulvahhob amalga oshirdi».
Demak, salafiylar uch bosqichli marhaladan so‘ng arab yarim orolida o‘z fikr va qarashlarini rivojdantirgan. Bu fikr va g‘oyalarni 1970-1980 yillarda asli kasbi soatsoz bo‘lgan, tayinli ustozda tahsil olmagan Nosiriddin Alboniy ismli kishi yanada ommalashtirgan va vahobiy degan nomni salafiy degan nomga o‘zgartirgan.
Agar salafiylarning asoschilari yashab o‘tgan davrni ko‘rsak, o‘sha davrning buyuk olimlari salafiylik g‘oyasini tarqatayotgan oqim asoschilariga ilmiy raddiyalar berib, ularning yo‘llari xatoligini isbot qilishgan. Jumladan, Ibni Taymiyani o‘z davridagi ko‘plab olim, qozi va faqihlar tanqid ostiga olgan. U o‘zining noto‘g‘ri e’tiqodi sababli bir necha bor qamalgan. Hatto Ibn Taymiyaning shogirdi bo‘lgan imom Zahabiy rahmutullohi alayh ustozining noto‘g‘ri e’tiqoddan qaytishini so‘rab unga maktub yozgan.
Salafiylik g‘oyasini keng ko‘lamda yoyishga harakat qilgan hijriy o‘n ikkinchi asrda yashab o‘tgan Muhammad ibn Abdulvahhob ham u bilan ham asr bo‘lgan olimlardan tanbeh eshitgan. O‘zining otasi va akasi uning yo‘li noto‘g‘riligini bayon qilib unga qarshi kitob yozgan.
Alloma Anvarshoh Kashmiriy rahmutullohi alayh o‘zining mashhur «Fayzul Boriy» asarida Muhammad ibn Abdulvahhob haqida shunday yozadi:
«Muhammad ibn Abdulvahhob Najdiy esa ilmi oz ahmoq odam bo‘lgan. U birovga kufrni hukm qilishga intilgan. Kufrga chiqarish ilmiga kufr va uning sabablarini yaxshi bilgan va ilmini chuqur o‘zlashtirgan kishigina kirishishi mumkin» .
Hozirgi kunda butun islom ummati 1300 yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G‘azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg‘iloniy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashganlar.
Shu o‘rinda aytayotgan so‘zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da’volarining asossiz ekanligi aniq bo‘lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid’atdir”, degan so‘zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”, degan so‘zi ayni haqiqatdir.
Fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o‘rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba’zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid’at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o‘girishdir” kabi da’volari puch ekanini ko‘ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug‘ tobeinlar asos solgan yo‘l ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Sirdaryo viloyati vakil o‘rinbosari A. Yorbekov