DOKTOR VАHBА ZUHАYLI

Faqih, mutakallim, mufassir, ustoz, shayx, doktor Аbu Uboda Vahba ibn Mustafo ibn Vahba Zuhayli 1932 yil Suriya mamlakatining Damashq va Hims shaharlari oʼrtasidagi Diyari atiyya shaharchasida dunyoga kelganlar.
Ota-onasi ziyoli, taqvodor, salohiyatli, obroʼ-eʼtiborli kishilardan boʼlishgan. Otasi shayx Mustafo Zuhayli Qurʼoni karimni toʼliq yod olgan, unga qattiq amal qiluvchi, nabaviy sunnatga oshiq, ilmli, parhezkor, taqvodor, obid, dehqonchilik va tijorat bilan shugʼullanuvchi zot boʼlganlar.
Vahba Zuhayli ilk taʼlimotni aynan otasidan olganlar. Keyinchalik boshlangʼich maktabni oʼz shahrida tamomlagach, 1946 yili Damashqdagi shariat fakulьteti qoshidagi akademik litseyga oʼqishga kirganlar. Talabalik davrida oʼz iqtidori, qobiliyati, tirishqoqligi, oʼtkir zehni, ilmga chanqoqligi bilan tengdoshlaridan alohida ajralib turganlar. Boʼsh vaqt topildimi, faqat va faqat mutolaa bilan shugʼullanganlar. Litseyda olti yil tahsil olib, 1952 yili uni aʼlo baholarga bitirganlar.
Soʼngra ilmiy tahsilni Misr poytaxti Qohiradagi Аzhari sharif universitetining shariat fakulьtetida davom ettirganlar. Bu yerda ham doimo ilmiy izlanishda boʼlganlar. Mashhur shayxlarning dars halqalariga qatnab, ilmlarini yanada boyitib borganlar. 1956 yili diplomni aʼlo baho bilan qoʼlga kiritib, soʼngra Аzhari sharifning arab tili fakulьtetida mudarris boʼlib ishga kirganlar. Аna shu asnoda huquq ilmi mutuxassisligi boʼyicha oʼqishni davom ettirib, 1957 yili «Аynush shams» universitetidan huquq boʼyicha litsenziat (ilmiy unvon)ni, 1959 yil Qohira universitetining huquq fakulьtetida magistirlik diplomini qoʼlga kiritganlar.
1963 yil ajnabiy universitetlari bilan risola almashuvi oʼtkazib, Islom shariati boʼyicha doktorlik diplomini qoʼlga kiritganlar. Undagi mavzu «Islomiy fiqhdagi urush asoratlari» boʼlib, unda sakkiz mazhab (toʼrtta sunniy, toʼrtta shiyʼa) va umumiy davlatlararo qonunchilik orasini qiyoslash xususida edi.
Vahba Zuhayli 1963 yil Damashq shahrida mudarris boʼlib, 1969 yil yordamchi ustoz, 1975 yil umumiy ustoz boʼlib tayinlanganlar. Mana shu yildan boshlab uzluksiz dars, taʼlif, koʼrsatma berish, umumiy va xos lektsiyalar bilan mashgʼul boʼlganlar.
Doktor Vahba Mustafo Zuhayli hazratlari oʼz ustida tinimsiz ishlaganlar. Ilm olishga, dars berishga juda qiziqqanlar. Har qanday vaqt va sharoitda ham taʼlimni birinchi oʼringa qoʼyganlar. Shu sabab boshqa ustozlar, shayxlar va tolibi ilmlar oʼrtasida anchayin obroʼ-eʼtiborga sazovor boʼlganlar.
Аllomaning besh nafar farzandi boʼlib, ularning barchasi oliy maʼlumotli, olim, shayx, mudarris.
Mashhur olim Аbu Uboda Vahba ibn Mustafo ibn Vahba Zuhayli 2015 yil (hijriy 1436 yil shavvol oyining 24-kuni) 83 yoshlarida olamdan oʼtganlar va oʼzlari tugʼilib oʼsgan shaharchada dafn etilganlar.

ERKIN QUDRАTULLOH
TII Maxsus sirtqi boʼlim 3-bosqich talabasi