G‘azal mulkining sultoni

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida ulug‘ shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning boy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, talaba-yoshlar qalbi va ongiga Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini, badiiy xususiyatini va tarbiyaviy ahamiyatini chuqur singdirish maqsadida hamda shoir tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, “G‘azal mulkining sultoni” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filialining pedagogika fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ahadxon Muhammadiyev ishtirok etib, Navoiy hayoti va ijodi haqida ma’ruza qildilar.
So‘zga chiqqanlar yosh avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda Alisher Navoiy asarlari beqiyos ahamiyatga ega ekanligi, bobokalonimizning o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, asarlaridagi teran ijtimoiy falsafa mohiyati, ulug‘ shoir ijodining yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat va samimiyat tuyg‘ularini mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirishdi. Ayniqsa, bilim yurti talabalari ishtirokida tashkillashtirilgan g‘azalxonlik va sahna ko‘rinishida Alisher Navoiy timsoli gavdalangani barchaning ko‘z o‘ngida o‘sha davr ruhini namoyon etdi.

Bilim yurti matbuot xizmati