“Ogohlik va hushyorlik-davr talabi”

Insoniyat tarixi jarayonida terrorchilarning na diniy va na hayotiy haqiqatga mos bo‘lmagan soxta «g‘oyalari» va bu yo‘ldagi qonli fojealarga sabab bo‘layotgan faoliyat usullari yuz minglab begunoh insonlar umriga zomin bo‘lmoqda. Hozirda bu kuchlar o‘zlarining jangariligi va yuqori darajada ijtimoiy xavfliligi bilan tavsiflanmoqda. E’tiborli jihati shuki, ular tomonidan maqsadga erishish borasidagi faoliyatlari turlicha bo‘lsada, tutayotgan yo‘l yoki qilayotgan ishlari bir xil: odamlarning tinch turmush tarzini izdan chiqarish va ularni qo‘rquvda yashashga majburlash kuzatilmoqda.
XXI asr insoniyat uchun og‘ir sinovlar bilan boshlandi. Ayniqsa, ba’zi shaxs va guruhlar tomonidan o‘zlarining geosiyosiy maqsadlarini islom shiorlariga burkangan holda tashkil qilishga urinishi qator ixtilof va ko‘ngilsizlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, ular tomonidan ko‘tarib chiqilayotgan soxta da’volar musulmonlar ommasi o‘rtasida e’tibor topmayotgani hamda o‘z harakatlarini ommaviy shaklda tashkil etolmayotgani jihatidan aholining ma’lum qatlamlari nomidan kurash taassurotini uyg‘otish maqsadida terror yo‘li tanlanmoqda.
Ana shunday harakatlardan xabardor bo‘lish va sof islom aqidasida mustahkam turish maqsadida 5 fevral kuni “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida talabalar ishtirokida “Ogohlik va hushyorlik-davr talabi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda bilim yurti mudiri O‘. G‘uzarov va Kitob tuman IIB ning tezkor guruh mutaxassisi A. Nazarovlar mavzu yuzasidan ma’ruza qildilar. Ma’ruzachilar yorqin misollar asosida xalqaro terrorizm va ekstremizm, din, millat, elat va chegara tanlamasligi, eng vahshiy, madaniyatsiz va insoniy xislatlarini yo‘qotgan ashaddiy jinoyatchilar qabih ishga qo‘l urishlari hamda terror uzoq o‘tmishga ega bo‘lib, son-sanoqsiz begunoh insonlarning hayotiga zomin bo‘lib kelganligi, hozirgi kunlarda terrorizm yangi shakl olib, eng zamonaviy qurollardan foydalanish orqali qabih niyatlarini amalga oshirayotganliklari haqida gapirdi. Shuningdek, hozirgi vaqtda islom dinini niqob qilib, o‘zlarini musulmonman, deya qo‘poruvchilik, terrochilik harakatlarini olib borish jarayonida begunoh odamlarning o‘limiga sababchi bo‘layotgan manfur kimsalarning qilmishlari haqida slaydlar yordamida talabalarga batafsil tushuntirib berdilar.
Suhbat so‘nggida ma’ruzachilar talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Azamat Usmonov