Dinda ixlosning o‘zi kifoya qilmaydi…

Har bir musulmonning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi o‘ta muhimdir. Chunki aqida noto‘g‘ri bo‘lgan holda qilingan amallar qanchalar ko‘p va ixlos bilan bajarilgan bo‘lmasin, uning zarracha foydasi yo‘qdir.

Aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, sof Aqidani bilmagani sababli, qilgan ibodatlari uniga hech qanday naf bermaydi.

Chunki dinda ixlosning o‘zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz, yolg‘iz ixlosning o‘zi bilan najot topaman degan kishilar adashadilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytgan: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo‘lni bilmasdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko‘ra fasodi ko‘proq bo‘ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo‘ldi va ilmni tark qildilar. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko‘tarib chiqdilar. Agar ularda ilm bo‘lganida, ular bu ishni qilmagan bo‘lar edi”.

Hasan Basriy rahmatullohi alayhning ushbu so‘zlari xavorijlarga nisbatan aytilgandir. Ma’lumki, xavorij firqasi o‘zlariga qarshi bo‘lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to‘kishni halol sanaganlar. O‘zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” deb nomlashgan. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (ya’ni, Muoviya roziyallohu anhu bilan qilingan bitimni) qabul qilishini kufr deb hisoblagan. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga jannat bashoratini bergan zotni kofirga chiqarishgan. Ali roziyallohu anhu ularning da’volariga javob berish hamda ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va xavorij yetakchilari o‘rtasida keng bash-munozara bo‘lib o‘tgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ularning xatolarini ilmiy isbotlab berganlaridan so‘ng ulardan ikki mingdan ziyodi xavorijlikdan qaytgan edi.

Ming afsuski, bugungi kunda ham xuddi shu xavorijlar kabi “takfirchi” oqimlar paydo bo‘lib, omma musulmonlarni kufrda ayblab, do‘zaxga hukm qilayotgani achinarli holatdir.

Shuni ta’kidlash lozimki, ba’zilar dinni juda ham yengil olib, Alloh taolo buyurgan amallarni ado qilishni ortga sursalar, yana ba’zilar esa uni haddan oshirib yuborishadi. Bu ikkisi ham noto‘g‘ridir. Hakim zotlardan biri aytgan ekan: “Bandalar Alloh taolo buyurgan ishlarni ado qilishlarida shaytonning ikki hamlasiga uchrashlari bordir: Biri – bandaning shu amalda nuqsonga yo‘l qo‘yishi bo‘lsa, ikkinchisi – bandaning shu amalda haddan oshirib yuborishidir. Shayton bularning qaysi birida g‘olib bo‘lishiga parvo qilmaydi. Ya’ni, qaysi birida bo‘lsa-da, g‘olib bo‘lishi uning uchun kifoyadir”.

Banda shaytondan ustun kelishi uchun amalini shariat mezoniga solib ko‘rsin. Agar amalida nuqson bo‘lmasa va haddan ham oshmasa, yutuq unikidir. Aksincha bo‘lsa, natija ham aksincha bo‘ladi. Buni bilish uchun ilm kerak. Inson to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini bilishi uchun avval to‘g‘ri yo‘l qaysi ekanini bilib olishi lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.

Alloh taolo jannatmakon yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O‘zi asrasin! Xalqimizni ajdodlariga munosib to‘g‘ri aqidada sobit turadigan xalqlardan qilsin!

Asqarov Akbar, o‘qituvchi