SOXTA SALAFIYLIK

“Salaf” so‘zi arab tilida “oldin o‘tgan”, “avval yashagan” degan ma’noni beradi. Istilohiy ma’nosi esa Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam va u kishidan keyin taxminan uch yuz yil yashab Islom diniga xizmat ko‘rsatgan olimlar – “salafi solihinlar” tushuniladi.

Ushbu kalimaning qat’iy qaror qilingan istilohiy ma’nosi, islom ummati umrining dastlabki uch asridir. Mazkur istilohiy ma’noning qo‘llanishing (asosiy) masdari Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu orqali rivoyat qilgan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning quyidagi so‘zlaridir: “Insonlarning xayrlisi mening asrim ahli, keyin ularga yaqin bo‘lganlar, so‘ngra ularga yaqin bo‘lganlar. So‘ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi.» (Ya’ni, guvohlik berish va qasam ichish masalasiga shu qadar mas’uliyatsiz yondashadilarki, ular guvohlikni yengil sanab qasam ichaveradilar.)

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ketma-ket, tartib bilan zikr qilib, ularga “xayrli” deya guvohlik bergan uch asr (ahli) dan murod salafi solihinlar davridir.

Birinchi davr – islom aqidasi va asoslarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘zlaridan qabul qilib olganlar ya’ni sahobalar davridir. Islomning rabboniy hukm va odoblari ularning aqllariga mustahkam o‘rnashgan, qalblari esa bid’atchilik dog‘lari va vasvasa hamda turli vahmu gumonlardan musaffo edi.

Ikkinchi davr – tobe’iynlar davri. Ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ashoblariga tobe’ bo‘lganlari, ularning hidoyatiga ergashganliklari hamda sahobalarning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rish, u zot sallallohu alayhi va sallam bilan hammajlis bo‘lish, vasiyat va nasihatlaridan ta’sirlanish orqali kasb qilgan yog‘dulariga yetishish sababli nubuvvat ziyosi ularni chulg‘ab olgan zotlardir.

Uchinchi davr – tobe’iynga ergashgan zotlarning davrasidir. Bu davra, fikriy soflik va islomiy fitratning tashqi qorishmalar ta’siridan xolilik davrini nihoyalanishining ogohlantiruvchisi edi. Aynan mana shu vaqtga kelib bid’atlar paydo bo‘lib, ular keng quloch yoya boshladi. Adashgan firqalar o‘tgan “uch asr”ning to‘g‘ri yo‘lidan birin ketin chetga og‘a boshladilar. Nafsu havo, bid’at va zalolat izg‘irinlari ko‘paygandan ko‘payaverdi, (uning doirasi) kengaygandan kengayaverdi. Bu holat asrlardan asrlarga o‘tib hozirgi kunimizga qadar davom etdi. Bu so‘zning tasdig‘i, Anas ibn Molik roziyallohu anhu orqali Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifdir. Ushbu hadisda shunday deyiladi, “…albatta sizlarning (boshingizga) bir zamonlar keladiki, keyingisi undanda yomonroq bo‘ladi.”

Oxirgi paytlarda “salafi solihlarga ergashish”ni niqob qilib Islomiy jamiyatlarga Islomning ilk davriga qaytishni targ‘ib qiluvchi mutaassib soxta salafiy oqimlar ko‘p kuzatilmoqda.

Bu oqim vakillari o‘zlari uchun 1263 – 1328 yilda yashagan Ibn Taymiyaning fikr va qarashlarini moslashtirib oladilar. Ibn Taymiya ham o‘z navbatida keskin harakatlari tufayli to‘rt marta zindonga tashlangan. O‘zi yashagan davr olimlari tomonidan ko‘p tanqid ostiga olingan.

Ibn Taymiyaning fikriga ko‘ra asrlar o‘tishi bilan Islom diniga turli bid’at va xurofotlar kirgan, ularni tozalash zarur, buning uchun “davlatni shariatsiz boshqargan hukmdorga jihod e’lon qilish kerak” degan g‘oyani ilgari surgan. Bu esa keyingi asrlarda radikal siyosiy oqimlarning paydo bo‘lishiga katta zamin yaratgan.

Ibn Taymiyaning Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam, sahobalar va valiy kishilarning qabrini ziyorat qilish, shuningdek, tavhid, Allohning makoni, takfir (kufr keltirish) va boshqa aqidaviy masalalarda ash’ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o‘sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko‘plab raddiyalar bitilib, keskin kurash olib borilgan. Shunday bo‘lsada, bunday g‘oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar yetakchilari mafkurasiga asos bo‘lib xizmat qilgan.

Buning oqibatida “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shafoatidan hech qanday naf yo‘q”, degan g‘oyalar tarqalib, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilingan.

Keyinchalik Jamoliddin Afg‘oniy, Muhammad Abduh va Abdurahmon Kavkabiylarga o‘xshagan radikal targ‘ibotchilar “Islohotchi salafiylar” nomini olishdi.

Ular XIX asrning o‘rtalarida yashagan, hamda “musulmon xalqlarining diniy siyosiy ittifoqi” nomli g‘oya ishlab chiqishdi. Bundan maqsad urfdagi mazhablarni yo‘qotish, mazhabsizlikka olib borish edi.

Xususan, XVIII asrda har qanday yangilikni inkor qiladigan, tasavvufni aslo tan olmaydigan, vasila ya’ni, vosita orqali Ollohga murojaat qilishni kufr, deb hisoblaydigan, o‘zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e’lon qilgan, tarixiy manbalarda “qonli da’vat” nomini olgan oqimlar paydo bo‘lgan.

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra Islom besh arkondan iborat. Iymon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish va haj amalini bajarish. Salafiylik oqimida oltinchi arkon ham kiritilgan. Bu – jihod. Ularning e’tiqodida har bir musulmon kishi uchun jihod qilishlik farzi ayn. Bu o‘z navbatida “Ixvonul muslimin”, “Takfir val Hijra”, “Jihod al-Islomiy”, “Shabab Muhammad” kabi o‘ta radikal, ekstremistik diniy-siyosiy tashkilot va oqimlarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochib bergan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning xayrlisi (eng yaxshisi) mening davrim (odamlari)dir, keyin ularga yaqin bo‘lganlari, so‘ngra ularga yaqin bo‘lganlaridir”, dedilar.

Ushbu hadisi sharifdagi “mening davrim (odamlari)dir”dan murod sahobai kiromlar, “keyin ularga yaqin bo‘lganlar”dan murod tobeinlar va “so‘ngra ularga yaqin bo‘lganlar”dan murod esa taba’a tobeinlardir.

Islom ulamolari yuqoridagi hadisi sharifdan kelib chiqib, ana shu ilk hijriy uch asrda yashab o‘tgan sahobalar, tobeinlar va taba’a tobeinlardan iborat olimu fozillar hamda mujtahidlar “salaflar” deb atalishini ta’kidlaydilar.

Hijriy to‘rtinchi asrdan boshlab to hozirgi kunimizga qadar yashab o‘tgan birorta olim, fozil yoki avliyoga nisbatan “salafi solih” degan atamani ishlatish mumkin emas. Hatto dastlabki uch asrda yashab o‘tgan bo‘lsalar – da, xorijiylar, mo‘’tazilalar, qadariylar, jahmiyalar va boshqa firqalar vakillari ham “salafi solihlar”ga kirmaydilar.

Keyinchalik Muhammad ibn Abdulvahhob hijriy o‘n ikkinchi asrda ana shu atamani Najd mintaqasida yangidan jonlantirdi. Ushbu oqimning hozirgi zamondagi eng ko‘zga ko‘ringan vakillari Abdulaziz ibn Boz, Muhammad Nosiruddin Alboniy, Muhammad ibn Solih ibn Usaymin, Ya’qub al– Bohisiyn va hokazolardir.

“Hozirgi kunda, — deb yozadi islomshunos olim Aydarbek Tulepov,- soxta salafiylikka mansub deb hisoblanadigan yuzdan ortiq tashkilot faoliyat olib bormoqda”.

Islomning buyuk allomalaridan Muhammad Zakiy Ibrohimning aytishicha:“Zero, qayerda terroristni ko‘rsangiz, ekstremist yoki buzg‘unchini, fitnachi, musulmonlar o‘rtasiga tafriqa solguvchini ko‘rsangiz, albatta u “salafiylik”ka mansub bo‘lib chiqadi. “Salafiylik” maktablarini bitirib chiqqan, uning xohishlariga qul bo‘lgan, musulmonlarning qonlarini to‘kishni halol sanaydiganlar, boyaqish tavhidning va bo‘htonga uchragan sunnatning nomi bilan musulmonlarning jamoalarini parchalaydigan kimsalardan bo‘lib chiqadi”.

“Salafiylar”ning «Faqatgina Qur’on va Sunnatga ergashish kerak» degan chaqirig‘i nazariy jihatdangina yaxshidir, ammo amaliy hayotda, musulmonlarning kundalik muammolariga taalluqli minglab savollarga duch kelinadi. Oxir-oqibat har bir odam uchun «Haqiqiy mujtahid olimga ergashish kerakmi yoki navbatdagi bir firqa «yetakchi»sining ijtihodigami?» degan savol ko‘ndalang bo‘laveradi. Shayx hazrat aytganlaridek: “Ularning ummatning ichidan ixtilof chiqarishdan boshqa tashvishlari ham, ishlari ham yo‘q. Mujtahidlik darajasining yaqiniga ham borganlari yo‘q. Lekin da’volari olamni tutadi. O‘zlaridan boshqa barcha musulmonlarni xatokorlikda, zalolatda, Qur’on va Sunnatni tark qilishda ayblaydilar…”

Ular tomonidan ilgari surilayotgan jihod tushunchasiga kelsak, uning zamirida insonlarni qo‘rqitish, dahshat, vahima uyg‘otish, qirib tashlash, mol-mulkiga ziyon yetkazish, dinlararo ig‘vo, nifoq keltirib chiqarish, oxir oqibatda begunoh insonlarning o‘limiga olib keluvchi terrorchilik kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, faqat siyosiy hokimiyatga ega bo‘lishga intilayotgani sezilmoqda.

Xulosa shuki, din ahkomlaridan va undagi dalil-hujjatlardan bexabar odamlar mujtahid imomlardan birining mazhabiga ergashishi lozim, chunki u imom Allohning Kitobi va Rasuli Muhammad alayhis salomning sunnatini yaxshiroq biladi.

Maxsumov Maqsud

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi