Buyuk fidoiylik (Alisher Navoiy)

Yurtimiz o‘zining shavkatli tarixi, olamga dong‘i ketgan, butun dunyo ilm ahliga ta’lim bergan buyuk farzandlari bilan mashhur. Uning bag‘ridan olimlar, shoirlar, muhaddis-u lug‘at bilimdonlari, iste’dodli amirlaru, lashkarboshilar yetishib, nufuzini yuqori ko‘tarib kelgan.
Bu xalq vakillari shoirman, deb davlat ishlaridan, shohman deb san’at va adabiyotdan chetda bo‘lib qolmay, bil’aks ham din, ham davlat, ham san’at bilan bir vaqtning o‘zida mashg‘ul bo‘lganlar.
Xalqimizning ana shunday vakillaridan biri o‘zbek xalqining buyuk farzandi, yirik mutafakkir, shoir va olim, davlat arbobi Alisher Navoiy hazratlaridir. U milodiy 1441 yil 9 fevral, hijriy 844 yil o‘n yettinchi ramazonda Xuroson davlatining yirik shahri Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida istiqomat qiluvchi ziyoli, xon saroyida xizmatda bo‘lgan G‘iyosiddin Kichkina oilasida dunyoga keladi.
Alisher bolaligidanoq o‘zining o‘tkir zehni, ziyrakligi xushxulqi va xushfahmligi bilan tengdoshlari orasida alohida ajralib turgan. Alisher 3-4-yoshidayoq she’r eshitish she’r o‘qish va yodlashga qiziqadi, she’riyatga qiziqadi. Alisher 12 yoshida otasidan yetim qoladi va Xuroson podshohi Abdulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. Abulqosim Bobur adabiyot va sanatni juda sevar ijodkorlarni qadrlar o‘zi ham o‘zbek va fors tillarida g‘azallar yozar edi . Ma’rifatparvar hukmdor Alisher o‘z tarbiyasiga oladi. She’riyat ahli unga “zullisonayn – ikki til egasi “ laqabini berdilar. Navoiy taxminan 18 – 19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Navoiyning bilim saviyasi, qobilyati va she’riy iqtidoridan xursand bo‘lgan Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi.Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasida shogird va ustozlik munosabatlari yanada mustahkamlaydi.
Alisher 1466-Samarqandga keladi va u yerda dastlab moddiy qiyinchilikda yashaydi. Shunga qaramay, Samarqand madrasalarida tahsil oladi, ilm fan, adabiyot va san’at ahli bilan tanishadi. O‘zining iqtidori, qobiliyati bilan tez orada obro‘ va e’tibor qozonadi.
1469-yil Husayn Boyqaro taxtni egallagach, Alisher Navoiyni Hirotga o‘z yoniga taklif qiladi. Navoiy Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan “Hiloliya” qasidasini bitadi.
Husayn Boyqaro uni muhrdorlik vazifasini tayinladi. Keyinchalik (1472) bosh vazir lavozimiga ko‘taradi, unga “Amiri kabir” unvonini beradi. Navoiy o‘zining olijanob va eng yuksak orzulari- xalqqa xizmat qilish, mamlakat osoishtaligini saqlash , hokimiyatni mustahkamlash, fan va adabiyot, obodonchilik madaniyatini rivojlantirishdek ulkan ishlar qanchalik og‘ir va mas’uliyatli bulmasin ularni katta mehr-muhabbat va ulug‘vorlik bilan amalga oshirdi.
Alisher Navoiy yurt uchun, raiyat manfaatini ko‘zlab o‘z orzulari, shaxsiy manfaatlarining baridan kechgan. Alloh taologa muhabbati cheksiz, Uning Ka’basini ko‘rishga orzumand shoir umri armon bilan o‘tadi. U Ka’bani ziyorat qilish, haj amalini bajarib kelish uchun Husayn Boyqarodan uch marta izn so‘raydi. Ammo, toj-u taxt uchun doimiy kurashlar bilan ovora shoh agar Siz bu yurtdan ketsangiz, o‘g‘illarim menga qarshi isyon qiladilar. Siz shu yerda ekansiz, ular bu ishga botinmagay, deb, Navoiyga ruxsat bermaydi. Shoh amrini vojib bilgan, yurti uchun jonini fido aylagan hassos shoir, o‘zining eng katta orzusini xalq uchun, behuda qon to‘kilmsligi yo‘lida qurbon qiladi. U “Ixlosiya” madrasasi “Xulosiya” xonaqohi, “Shifohiya” tabobatxonasi, Jome’ masjidi, “Dorul hoffoz” Qiroatxona va shunga o‘xshash boshqa o‘nlab binolar qurdirdi.
1476 yili ig‘volardan qattiq charchagan Alisher Navoiy vazirlikdan iste’foga chiqishga podshodan izn so‘raydi. Uning birdan bir orzusi – tamoman ijod bilan shug‘ullanish edi. Sulton noiloj uning iltimosini qondiradi.
1483-1485 yil davomida “ Xamsa” asarini yozib tugatadi.1491-1492 yillarda u o‘zbek tilida yozgan hamma she’rlaridan yaxlit bir devon tuzishga kirishdi. Alisher Navoiy “Tarixi muluki ajam”, “Tarixi hukamo”, 1491 yilda “ Majolis un- nafois” tazkirasini yaratdi.
Alishnr Navoiy 1501 yil 3 yanvarda og‘ir betoblikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumdi.
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi X Mardonov.