Muftiy hazrat tashriflari siniq ko‘ngillarga shodlik ulashdi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdilar. Mehmonlarga Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov va boshqa mutasaddilar hamrohlik qilmoqda.
Safar davomida muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan Suriya davlatining qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan hududlaridan “Mehr” nomli insonparvalik tadbirlari doirasida ona-Vatanga qaytarilgan Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi ayollar va bolalar istiqomat qilayotgan xonadonlarga tashriflar amalga oshirildi.
Aytish kerakki, ushbu xonadon respublikamizning eng olis va Tojikiston davlati bilan chegaradosh bo‘lgan hududda joylashgan. Mehr insonparvarlik operatsiyasi doirasida yurtimizga olib kelingan Isoqova Umidaxon va uning 3 nafar farzandi uchun hukumatimiz tomonidan barcha shart sharoitlar hozirlangan, o‘qish va ta’lim olish uchun hamma imkoniyatlar yaratib berilgan.
Muftiy hazratlari bilan samimiy bo‘lib o‘tgan suhbatda jabrdiydalarning ko‘ngli iliq so‘zlar orqali ko‘tarildi hamda mehr-muruvvat ishlari amalga oshirildi.
Mana shunday savobli ishlar orqali ushbu insonlarning siniq ko‘ngillari ko‘tarildi, dillariga mamnunlik ulashishildi. O‘z navbatida, mazkur oila esa yuksak e’tibor va katta g‘amxo‘rliklardan cheksiz mamnun bo‘lganlarini izhor etishdi.