Hasad – yaxshilikni dushmanidir…

Jamiyatimizda mo‘min-musulmonlar amal qiladigan turli xil yaxshi xislatlar bilan birga zararli xulqlar ham, afsuski, mavjud. Shulardan biri hasaddir. Birinchi gunoh Iblis tomonidan Odam alayhissalomga kibr va hasad qilishidan kelib chiqdi. Yer yuzidagi birinchi qotillik ham hasad sababli sodir bo‘ldi. Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil o‘z ukasi Xobilga hasad qildi va uning qotiliga aylandi. Hasad – bandalar ichidagi Allohning taqsimotiga e’tirozdir. Allohning biror ne’matni o‘z bandasiga ato etishi yoki bermasligiga e’tiroz qilgan kishining holati og‘ir bo‘ladi. Zero, Alloh o‘z hikmatiga binoan xohlagan bandasiga xohlagan ne’matini beradi, xohlamasa – yo‘q. Alloh taolo har narsani bilguvchi va hikmat sohibi bo‘lsa, unga qanday e’tiroz qilish mumkin?!
Hasad – bir kishiga berilgan ne’matni undan ketishini xohlashdir. Hasadning bundan ham yomonrog‘i – bir insonga berilgan ne’matning yo‘q bo‘lishini orzu qilish bilan, o‘sha ne’mat o‘zida hosil bo‘lishini ta’ma qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda hasadning yomonligi to‘g‘risida shunday deydi: “Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku!” (Niso surasi, 54-oyat).
O‘z o‘rnida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarda hasadning davosini aytib o‘tadilar: “Uchta xislat ummatimda doim bo‘ladi: yomon gumon, hasad va shumlanish. Gumon qilsang, yuzaga chiqarma; hasad qilsang, istig‘for ayt; shumlansang, yo‘lingda davom et” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Xulosa o‘rinda aytib o‘tish joizki, kun sayin dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan JONAJON Vatanimiz va vatandoshlarimizga hasad ko‘zi bilan emas, balki havas ko‘zi bilan qarash kerak. Davlatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlarni faqat yomon gumon va hasad bilan tahlil qiladiganlar ham, afsuski, topiladi. Biz ularga tahlilda xolis bo‘lish va jamiyatga foydali bo‘lgan islohotlarga xayrihoh bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lardik. Zero, hasad bilan biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Vatandoshlarimizning ham davlatimiz hukumatining xayrli islohotlarida hamfikr bo‘lib, qo‘llab quvvatlab turishlari, mustajob duolarida esga olishlaridan umidvormiz.
Alloh taolo barchamizni hasaddan asrasin, o‘zaro do‘stu yor bo‘lib O‘zining hidoyatida bardavom aylab, iymon va islomda sobit qadam qilsin!

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari