Islomda Vatan tushunchasi bormi?

Islomda Vatanga muhabbat bu – tug‘ilib o‘sgan yurtiga nisbatan e’zozdan iboratdir. Demak, musulmon kishi Vatanini sevadi. Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo‘lsa – xursand, xafalik yetsa – qayg‘uradi.

Afsuski so‘ngi paytlarda Islom nomidan chiqayotgan oqimlar va guruxlar sababli Vatan haqida xato tushuncha va buzuq ko‘rinish paydo bo‘lib qoldi. Buning sababi esa ularning “Vatanga muhabbat”, “Vatanni qadrlash” kabi so‘zlarga Islom shariati asosida ma’no bermasligidir. Ekstremistik oqimlarning talqiniga ko‘ra: “Musulmonni bitta Vatani bor, u ham bo‘lsa Odam alayhissalom tushgan jannat. Vatan – bir hovuch tuproq va u hech qanday qiymatga ega emas. Vatan tushunchasini inkor qilmoq zarur. Bunday tushuncha yo‘q, balki buning aksi o‘laroq xalifalik va jamoat (ummat birligi) tushunchalari bor. Vatan – bosqinchilar tomonidan chizilgan geografik chegara. Shu sababdan biz undan nafratlanamiz va uni tan ham olmaymiz…”.

Yuqoridagi gaplar bir qaraganda to‘g‘ridek tuyulishi mumkin. Aslida esa bular noto‘g‘ri talqinlar hisoblanadi.

Quyida esa dinimizda “Vatan” tushunchasi haqida ma’lumotlar berib o‘tamiz.

Ma’lumki, insonga berilgan eng bebaho ne’matlardan biri – o‘z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan zamindir. Alloh taolo har bir insonga Vatanni sevish va unga muhabbat qo‘yish tabiatini ato etgan.

Shuning uchun ham kishi o‘z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog‘inadi. Bu qumsash biz ummatga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Chunki Islom tarixidan ma’lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O‘z vatanlari Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan U Zotga bir qancha zulm, dushmanchilik va kamsitishlar bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan keyin Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida ko‘zga yosh oldilar, ko‘ngillari bo‘shab, Makkaga qarab shunday dedilar:

«مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ»

(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما)

“(Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo‘lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko‘ngillarini ko‘tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur’oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:

إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ…

“(Ey, Muhammad!)Albatta, Sizga (ushbu) Qur’onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir…” (Qasos surasi 85-oyat).

Shundan keyin Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.

Buyuk mufassir imom Faxriddin Ar-Roziy rahmatullohi alayh fikricha vatanga bo‘lgan muhabbat inson tabiatida bo‘lgan his bo‘lib, bu tuyg‘u insonda mustahkam o‘rnashgan bo‘ladi. Imom bunga misol qilib Qur’onning Niso surasi 66-oyatini keltiradilar:

وَلَوْ أَنَّا كَتَبْنَا عَلَيْهِمْ أَنِ اقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ أَوِ اخْرُجُواْ مِن دِيَارِكُم مَّا فَعَلُوهُ إِلاَّ قَلِيلٌ مِّنْهُم

Agar Biz ularga: «O‘zlaringizni o‘ldiring yoki yurtingizdan chiqib keting», — deb buyurganimizda edi, ozchiligidan boshqasi uni qilmagan bo‘lur edilar.

“Tafsirul-Kabir”da bu oyatda Alloh taolo vatandan ajralishni o‘zini o‘ldirishga tenglashtiryapti deganlar. Ya’ni go‘yoki Alloh: “Agar Men ularga bu ikki sinovdan birini tanlashni yozganimda, ular bu ishni qilmasdilar” demoqda.

Bundan olimlar vatandan ayrilish bu qiyin ish ekanligini va uning alami jonidan ayrilishga tenglashtirilishini hamda Vatan muhabbati inson qalbiga chuqur o‘rnashishini aytishgan.

Buyuk olim Mulla Aliy Qoriy rohimahulloh esa o‘zlarining mashhur “Mirqotul mafotix” kitoblarida Vatandan ayrilish katta sinov ekanligini aytib, bunga misol Allohning quyidagi so‘zidadir: “…va sizlarni chiqargan joydan ularni chiqaringiz!”(so‘zidan keyin) Fitna qotillikdan ham ashaddiyrokdir (Baqara 191-oyat), deganlar.

Imom Buxoriy, ibn Hibbon va Imom Termiziy rohimahumullohlar Anas roziallohu anhudan quyidagi hadisni rivoyat qilishgan: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam har safardan qaytganlarida Madina shahri devorlarini ko‘rishlari bilan Madinaga tezroq kirish uchun tuyalarini tezlatardilar va uni yaxshi ko‘rardilar”.

Ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘z vatanlarini shunchalar qattiq sevganlarki unga kirish uchun safardan qaytishda shoshilganlar.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘z vataniga muhabbat qo‘yish har bir musulmonning burchidir. O‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lish, “hijrat qilish farz” degan soxta da’voni qilib, oilasi bag‘rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o‘zga yurtlarga chiqib ketishga da’vat qilish ayni islom ta’limotiga zid ishdir.

Nodirbek Kenjayev