Dunyoda eng kuchli zahar…

Rivoyat qilishlaricha, Luqmoni hakim yo‘lda ketayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. O‘sha uyga kirsalar og‘riqlariga chiday olmayotgan bir xasta odam dod deb yotar ekan. Uning davolanishidan hech qanday naf yo‘qligi va ikki kun ichida joni uzilishi tabiblar tomonidan aytilgan bo‘lsada, lekin Luqmoni Hakim bemorning bilak tomirini ushlab, “dardingga davo bor, ilon zahri davo bo‘lgay” deydilar. Bemor kishi “ilon zahrini qanday topaman, axir ahvolim bedavo bo‘lsa, turishga madorim bo‘lmasa…. Alloh mening zorimni eshitib, Luqmoni Hakimga ro‘baro‘ qilganida edi, u muhtaram zot meni tashlamas edilar” deydi. Luqmoni Hakim bu nolani eshitib, zinhor tashlamasman debdilaru ilonzorga borib, yoshroq bir ilonni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib tutibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kirib debdiki: “Ey Inson farzandi, sen nechun meni bo‘g‘ayotirsan? Allohning menga bergan jabrlari kammidi?” “Alloh senga qanday jabrlar qildi?”- deb so‘rabdilar Luqmoni Hakim. “Meni ko‘rimsiz qilib yaratdi, odamlar ko‘rsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qo‘ydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni bo‘g‘ib jonimni olarsanmi” deydi. Luqmoni Hakim debdilarkim: “Shunday qilmasam, bir inson hayotdan ko‘z yumar”. Ilon deydikim: “Ajab! Bir odamni saqlab qolmoq uchun meni o‘ldirasanmi? Axir u ham Allohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey Inson bolasi, sen ayt: “men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olarmisan?” “Ha” – deydilar Luqmoni Hakim – “daf eta olarman”. “Unda mening zahrim kuchli emas ekan”- deydi ilon. “Dunyoda shunday kuchli zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan”. “Qanday zahar? Qora qurtnikimi?” deb so‘raydilar Luqmoni Hakim. “E, yo‘q” – deydi ilon, “dunyoda eng kuchli zahar — ODAMNING zahri. Bunga davo yo‘qdir. Odam odamni chaqsa — albatta o‘lim haqdir! Alloh biz ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz Odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘layotgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘zining ishongan do‘sti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, o‘laversin, azoblaridan qutula qolsin…” O‘shanda hazrat Luqmoni Hakim chorasiz qolgan ekanlar…
Nega bu rivoyatni keltirdik, sababi ikki gap orasida odamlardan “zamon buzilayapti”da, “zamon o‘zgarayapti” deb qolishlari qulog‘imizga chalinib qoladi. Yo‘q, zamon hech qachon buzilib, o‘zgarib qolmaydi, aslo… Balki insonlarning ongi buzilib, o‘zgarmoqdadirlar. Zamonni o‘zgartirib, buzayotgan odamlardir. Bir insonni ozgina yoqtirmasak, darrov birovga kichik sababni bahona qilib, bitta gapni orqasidan o‘ntasini qo‘shib gapiramiz. Hech narsadan xabari yo‘q u kishi birodaridan eshitib, qalbi yaralanishini hatto o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Haqiqatdan ham, agarda tanamizning biror bir a’zosiga o‘tkir tig‘li narsa chuqur va ayanchli jarohat yetkazsa, vaqtinchalik og‘rig‘iga chiday olamiz. Malham bilan davolasa, bitib ketib, vaqt o‘tgani sayin o‘rni bilinmay ham ketadi. Hattoki, o‘sha a’zomizga jarohat yetganligi hayolimizdan ham ko‘tarilib ketadi. Ammo, bir narsa borki, undan yetkazilgan jarohat aslo bitmagay. Undan yetkazilgan jarohat tanamizga ziyon yetkazmasada, ammo qalbga yetganini hech bir malham bilan davolab bo‘lmas. Ha, birodarlar bu “til”dir. Tildan kelgan bir yomon “o‘q”ni ba’zan bila turib, ba’zan o‘ylamay, mo‘ljalga uramizki, tekkan joyni teshib tashlashini hayol ham qilmaymiz. Til orqali jarohatlangan qalblar xuddiki, butun ko‘zguni sindirib, uni yamab qo‘ygan shisha kabidir. Hattoki, kimyoviy unsulari o‘tkir bo‘lgan “kley” bilan yamasa ham, darz ketgan joyini bilintirmay yamab qo‘yish imkoni yo‘q. Ilon zahrini davolash mumkinu, odam zahrini davosi afsuski, yo‘qdir.
Darhaqiqat, Hayot – kitoblarda bitilgan rivoyatlarga o‘xshaydi… Har kuni yangi saxifa… Bir beti mahzun kechsa… Keyingi sahifasi quvonchga to‘la bo‘ladi… Insonlar borki, tillari bilan qalbni yaralashdan qo‘rqishmaydi ham… Alloh tilni shunday mustahkam himoya qilganki, uning oldi qismini tishlar bilan, undan keyin lablar ila mustahkamlagandir. Tilning to‘ridan uni xalqum bilan, undan keyin qalb bilan qo‘rg‘onga olib qo‘ygandir. Alloh taolo bandasiga aql berganki, qalbdan chiqadigan gapini tiliga chiqarguniga qadar, aql bilan tafakkur qilishga undab qo‘yishi uchundir. Avvallari odamlar achchiq gapni ham qog‘ozga o‘rab gapirishardi. Hozir esa to‘pponchasiga o‘qlab qo‘ygandek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmoqdalar. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ham, hayot tarzimizda ham juda ko‘p guvohi bo‘lmoqdamiz. Bugun mamlakatimizdagi din peshvolari va ulamolari tomonidan juda chiroyli ma’ruzalar hamda ibratli so‘zlari bilan xalqimizni oqibatga, mehr-muruvatga, yaxshilik qilishga, har xil yod g‘oyalardan saqlanib, unga ergashib ketmaslikka da’vat qilmoqdalar.
Har tong quyosh zamin uzra nurlarini sochar ekan, solih, muxlis bandalar bu kunning g‘animat ekanligini, oxirat uchun ozuqa to‘plash imkoni ekanligini juda yaxshi biladilar! Har birimiz uchun g‘animat bo‘lgan bu omonat dunyoda bir-birimizni qadrimizga yetib, tilimiz bilan ozor yetkazmay yashaylik azizlar.
Berdiyeva Nilufar
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i