“Bu Amin, bu Muhammad! Biz uning hukmiga rozimiz!”

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun dunyo­ning eng munosib o‘lkasi Arabiston yarim orolini tanladi. Bu o‘lka qadimiy payg‘ambarlardan ko‘plariga vatan bo‘lgan o‘lka edi. Idris, Nuh, Hud, Solih alayhissalom shu o‘lkada o‘tgan edilar. Eng muhimi, bu shaharda anbiyolarning otasi bo‘lmish Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomning yordamlarida Alloh taoloning amri ila qurgan Ka’bai Muazzama bor edi.

Makkadan bir nur zohir bo‘lib, Shomdagi qasrlarni yoritib yubordi. Chunki butun dunyoga iymon nurini eltuvchi zot dunyoga kelgan edi. Butlar larzaga tushdi. Ba’zilari yuztuban yerga yiqildi. Chunki ularni yo‘q etguvchi zot dunyoga kelgan edi. Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxt­ga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun rabiul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, dushanba kuni edi. U zotni bobolari Abdulmutollib «Muhammad» deb nomladi.

Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg‘ambarlarning oxirgisi va mukammali bo‘lmish Muhammad alayhissalomning aqllarini mukammal, muborak hayotlarini barcha insoniyat uchun o‘rnak qildi. Buni birgina quyidagi voqea orqali bilsak ham bo‘ladi. “Quraysh ahli Ka’bani qayta qurib bo‘lganidan so‘ng qora toshni o‘rniga kim qo‘yishi xususida tortishib qoladilar. Har bir qabila o‘zi qora toshni ko‘tarib, o‘rniga qo‘yishni xohlar edi. Bu bilan qora toshni o‘z o‘rniga biz qo‘yganmiz degan g‘urur va iftixorga ega bo‘lgan bo‘lardilar. Ularning ixtilofi kuchayib, orada urush chiqish xavfi ham paydo bo‘lib qoldi. Shunda barchalari ularning oldiga birinchi kirib kelgan kishi nima desa, shuni qilishga kelishib oldilar. O‘shanda Muhammad sollallohu alayhi va sallam birinchi bo‘lib ularning odiga kirib bordilar. Bundan hammalari hursand bo‘lib, bir ovozdan: “Bu Amin, bu Muhammad! Biz uning hukmiga rozimiz!” dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ularning oldiga yetib kelganlarida, bo‘lgan voqea aytib berildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir mato keltirilishini so‘radilar. Muborak qo‘llari bilan qora toshni olib matoga qo‘ydilar va har bir qabilaning rahbari matoning bir uchidan ushlab ko‘tarishni so‘radilar. Ular qora toshni o‘z o‘rniga olib borishdi. Shundan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana toshni o‘z qo‘llari bilan olib, uni o‘z o‘rniga qo‘ydilar. Shu bilan hammaning ko‘ngli xotirjam bo‘ldi va fitna olovi ham o‘chdi. Bu Payg‘ambar alayhissalomning butun dunyo xalqlarini sulhga va tinchlikka boshlashlarining muqaddimasi edi”.

Muhammad alayhissalom islom dini orqali bashariyatni isloh qilish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, uyg‘otish va rivojlantirishda beqiyos hissa qo‘shdilar.

U zot sollallohu alayhi vasallam insoniyatga pok va ravshan tav­hid aqiydasi tuhfa qildilar. Insonning mukarramligi va ulug‘ligi e’lon qildilar. Umidsizlik va shumlanishga qarshi kurash va insonda orzu-umidni, o‘ziga ishonch ruhini tiriltirdilar. Din va dunyoni jamlash, tarqoq saflarni hamda tijoriy jamoatlarni birlashtirdilar. U zot insonni o‘ziga yarasha joyga qo‘yib, unga kuch-quvvatini va imkoniyatlarini eng to‘g‘ri va foydali ravishda sarflashni o‘rgatdilar. Muhammad alayhissalom Payg‘ambar bo‘lib kelganlaridan keyin, Islom ta’limotlari tufayli olam xuddi ob-havo o‘zgargandek butunlay o‘zgarib ketdi.

Muhammad alayhissalom olamlarga rahmat payg‘ambar bo‘ldilar. U zot insonlarning eng buyugi ham payg‘ambar, ham notiq, ham da’vatchi, siyosatchi, jangchi, qalblar himoyachisi, g‘oyalar targ‘ibotchisi, imom (rahbar), davlat arbobi edilar. U zotga hech qaysi buyuk inson tenglasha olmaydi!

Payg‘ambar alayhissalom butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar. Imom Tabaroniy shunday rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”. “Ana endi ko‘zim quvonchga to‘ldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam”.

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar ashoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga imon keltiradilar!”, dedilar.

Ana shunday ummatiga mehribon zotga salavot aytishda mo‘minlar uchun ulkan najot va Alloh taoloning mislsiz ajru-mukofotlari bor. Zero Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Unga salovot ayting va salom yo‘llang.” (Azhob surasi, 56-oyat).

Allohumma solli a’laa sayyidinaa Muhammad va a’laa aali sayyidinaa Muhammad!

Azamat USMONOV,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi