YOSHLIK DAVRI – G‘ANIMAT

Insonga berilgan ne’matlar, imkoniyatlarning eng bebahosi va qadri balandi bu – vaqtdir. Vaqtning qiymatini, javobgarligini his qilish uchun ushbu hadis kifoya qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligini nimaga sarflagani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va ilmiga qay darajada amal qilgani haqida” (Imom Termiziy rivoyati)
Hadisga e’tibor bering: qiyomat kunida bandadan eng avval so‘raladigan to‘rt ne’matning avvalgi ikkitasi aynan vaqt haqidadir. Umri va yoshligi. Alloh taoloning bandaga bergan behisob ne’matlar ichida eng avvalo vaqt haqida so‘rashining o‘zi ham, bu ne’matning qadri qanchalar ulug‘ligini namoyon etadi.
Ma’lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o‘tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko‘p foyda keltiradigan g‘animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug‘ilib, vafot etguncha oxirat uchun say-harakat qiladi. Umr bo‘yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o‘spirinlik davri esa hayotning eng jo‘shqin va g‘animat davri hisoblanib, unda tana a’zolari kuch-quvvatga to‘lgan va harakatlar jo‘shqin bo‘lib, kishi ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Yoshlik davri g‘animatligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar:“Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat biling va bo‘sh vaqni biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin g‘animat biling!” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o‘sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ulug‘ hakimlarning mashhur gaplari bor: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”.
Demak, har bir ota-ona farzandlariga yoshlik davrining bo‘sh kunlarini g‘animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o‘rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro‘zida baraka bo‘lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.
Shunday ekan, har bir ota-ona farzandi yoshlik chog‘ini chiroyli, namunali, foydali va savobli ishlar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz” (Tahrim surasi, 6-oyat). Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “o‘zlaringizni va ahl-oilangizni do‘zaxdan saqlanglar!” oyatini tilovat qildilar. Shunda: “Ey Rasululloh, biz oilamizni do‘zaxdan qanday qilib saqlaymiz?” – deyildi. Shunda u zot: “Ularni Alloh yaxshi ko‘radigan narsaga buyurasizlar, Alloh yomon ko‘radigan narsadan qaytarasizlar”, – dedilar” (Imom Ibn Mardavayh rivoyati).
Har bir ota-ona farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma’rifatli, obro‘-e’tiborli bo‘lishini xohlaydi, oxiratda esa jannatiy bo‘lishi orzusida bo‘ladi. Shunday ekan, har birimiz yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma’rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg‘ambari kim, dini nima, kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil oqimlardan qattiq hazar qilish va hokazo zaruriy narsalarni o‘rgatishimiz ham kerak. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining kamchiligi hisoblanadi.
Farzandlarini yomon xulqli kimsalar ta’siridan himoya qilish ota-onaning burchidir. Ota-ona farzandlariga yaxshi, rostgo‘y do‘st tanlashda yordam berishi kerak. Chunki o‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr hisoblanadi. Bunday paytda do‘stlarning ta’siri katta bo‘ladi.
Bu borada hazrati Umar o‘g‘illariga shunday nasihat qildilar: “Imon-e’tiqodli, aqlli va odobli kishi bilan do‘stlashgin. U muhtojligingda yordamching, qiyin kunlaringda qo‘llovching, ma’yusligingda quvonching, xotirjamligingda ziynating bo‘ladi”.

Mirjalil Xudoynazarov, o‘qituvchi