Yaxshilik qilgan yaxshilik ko’radi

Silhouette of helping hand at sunset,please help me.helping and teamwork concept.

“Yaxshilik qiling! Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi”

(Baqara 195 oyat)

Ba’zan bir narsa haqida kimgadir tushuncha bermoqchi bo’lsang, qanchalar jon ko’ydirib gapir, agar u tushunishni istamas ekan, o’zingni charchatganing bekordir. Ammo shunday payt berilarkanki, qalbing oddiy bir gapni juda keng ma’noda tafakkur qila olarkan. Shuning uchun yaxshilik haqida fikr – tushunchalarimizni ya’ni, dengizga tushib ketgan ikki odamdan birini qutqarilgani va buning sababi haqidagi kichik bir hikoya orqali tushuntirishga harakat qildik.

Bir vaqtlar kemada dengiz sayohatiga chiqqan ikki do’st dengizga tushib ko’rdilar. Shu vaqt to’lqin kuchayib ketdi.

Yo’lovchilar hammasi baqirib – chaqira boshladilar.

Kema darg’asi darhol dengizga o’zini tashlab do’stlardan yoshrog’ini qutqarib qoldi. Boshqasini qutqarishga esa harakat qilmadi, ikkinchi do’st cho’kib ketdi. U erdagilarning bir qanchasi darg’aga:

  • Darg’a, agar tezroq harakat qilganingda ikkinchi odamni ham qutqarsa bo’lardi. Juda imillading, – dedilar.

Darg’a bunday javob berdi:

  • Menga yaxshilab quloq soling. Bu yigitni qutqarishni xohlagan edim, qutqardim. Chunki u menga avvaldan yaxshilik qilib kelgan. Boshqasining cho’kib ketishini xohlagan edim, u cho’kib ketdi. Chunki uning ko’p yomonligini ko’rganman. U meni ranjitgan, ko’nglimni og’ritgan. Shuning uchun uning cho’kib ketishini istagan edim,- dedi.

…ekkaningni o’rasan, deydilar. Yaxshilik qilgan yaxshilikka erishadi. Bu dunyo shunday, hisobli dunyodir.

Aqlli musulmonlar o’zlariga nimani munosib ko’rsalar boshqalarga ham shuni ravo ko’radilar. Yomon ko’rgan ishlarini boshqalarga ham qilmaydilar. Insonlik mezoni shunday. Insonman, degan odamga yaxshilik qilish yarashadi. Yomonlik, yaramas ishlardan o’zini saqlash insoniy qadr-qimmatni bilishdir.

Bu dunyo shunday – qilmishingga yarasha ekan, u dunyo ham xuddi shunday. Zarracha yaxshilik qilgan uning shirin mevasini totadi. Jannatda sollanib yuradi, nash’u namo ko’radi. Zarracha yomonlik qilgan odam ham uning jazosini oladi, jahannamda charsillab yonadi. Jahannamga o’tin bo’ladi.

Bu dunyoda birovga yaxshilik qilmagan odam oxiratda ham yaxshilik ko’rmaydi. Aqlli insonlar hech kimga zarar etkazmaydilar. Hech kimga nisbatan yomon niyatda ham bo’lmaydilar. Hammaga yumshoq va muloyim muomala qiladilar. Yaxshilik qilgan yaxshilik ko’rishini biladilar. Yaxshiga yondashadilar. Yaxshilik qilishni yaxshi ko’radilar.

“Yaxshilik qiling! Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi”

(Baqara 195 oyat)

Izoh: Yaxshilik faqat Alloh uchun bo’lsa, rahmat eshitishlik uchun bo’lmasa, bir kun qaytaradi degan maqsadda bo’lmasa, maqtov eshitishlik uchun bo’lmasa, minnat qilish uchun bo’lmasa Alloh shu yaxshilik qilgan bandasini yaxshi ko’radi. Xursand bo’lsin!

 

“Alloh adolat qiluvchilarni sevadi”

(Moida 42 oyat)

Izoh: Inson begona inson bilan adolat qilishligi osonroq, lekin o’zini yaqinlari, qarindoshlariga kelganda adolat qilishligi nafsiga og’ir keladi. Undan ham og’iri o’ziga bo’lgan adolati. O’zi xato qilganda xatosini bilsa, adolat qilib shu meni xatoimdir deyishi juda og’ir keladi. Ko’pchilik insonlar o’tolmaydigan adolat shudir. Agar ularni Alloh yaxshi ko’rishini xoxlashsa adolat qilishsin.

Yaxshilik qilgan kishini qutlash ham sunnat bo’lgan amallardandir.

Yaxshilik qilgan kishiga “Barakallohu laka fi ahlik va malika va jazakallohu xoyron” (ma’nosi: Alloh seni, ahlingni va molingni marhamatiga sazovor qilsin hamda senga yaxshi mukofotlar bersin), deyish mustahabdir.

Abdulloh ibn Abu Robi’a (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg’ambar (sollallohu alayhi va sallam) mendan qarz so’radilar. Bir muddatdan keyin uni qaytardilar va: “Borakallohu laka fi ahlika va malika”, dedilar” (Imom Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).

Imom Termiziy Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Kimga yaxshilik qilinsa, qiluvchiga “Jazakallohu xoyron” (Alloh yaxshi mukofot bersin) deyilsa, batahqiq, maqtovda etuk qilibdi”, dedilar.

 N.Berdieva

O’quv-uslubiy bo’lim boshlig’i