IMOMI A’ZAM – MAZHABBOSHIMIZ

Hanafiy mazhabining asoschisi Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit ibn Zutiy, ya’ni Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) Iroqning Kufa shahrida 80/699 yilda tavallud topdi. U kishi ahli sunna fiqhiy mazhab boshliqlaridan eng avval tug‘ilgani hisoblanadi. Rivoyat qilishlaricha, Imomi A’zamning otasi Sobitni bolalik chog‘ida bobosi Zutiy hazrat Ali roziyallohu anhu huzurlariga olib kelib, uning haqiga duo qilishlarini so‘raydi. Hazrat Ali roziyallohu anhu Alloh taolo bu bolaning o‘ziga va zurriyotiga barakot bersin, deb duo qiladilar. Alloh taoloning azaliy irodasi va ushbu duo sharofatidan Sobitning zurriyotidan Imomi A’zam (Ulug‘ Imom) mashhurlik kasb etdi va bu zotning mazhablari olamga yoyilib, shogird va ergashuvchilari son-sanoqsiz bo‘ldi.
Abu Hanifa viqor va salobat egasi edi. Ko‘p fikrlab, kam so‘zlar edi. Taqvo sohibi, dunyo ahliga kam aralashar, foydasiz va bekorchi gap-so‘zlarni yoqtirmas, savollarga qisqa va lo‘nda javob beradigan zukko mujtahid edi. Fiqhni tartibli usul holiga keltirib, barcha dunyoviy masalalarning foyda va zararli holatlarini bayon etish natijasida o‘z dunyoqarashini sog‘lom aqida asosida shakllantirgan edi.
Imomi A’zam mazhabi o‘zining mo‘’tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini chuqur ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmokda.
Hanafiy mazhabi II hijriy asrdan yer yuzining turli mamlakatlariga tarqalib, dastlab Abbosiylar davlati undan so‘ng boshqa o‘lkalar tomonidan qabul qilindi. Xususan, Iroq, Eron, Movarounnahr, Xuroson va Turkiya hududlarida turli davrlarda hukm yuritgan Abbosiylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Misrda Ayyubiylar, Mamluklar, Movarounnahrda Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar davlatlari va Usmoniylar saltanati tomonidan rasmiy mazhab sifatida qabul qilinib, barcha hududlarida barcha shar’iy masalalar yechimi va ma’muriy idora ishlari ushbu mazhab asosida olib borilardi.
Hozirgi davrda hanafiylikning jo‘g‘rofiy hududi Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Suriya, Saudiya Arabistoni, Yaman, Misr, Jazoir, Tunis, Marokash, Turkiya, Indoneziya va boshqa musulmon o‘lkalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Abu Hanifa mazhabi aytib o‘tilgan mamlakatlarning ayrimlarida yetakchi o‘rinni tutsa, ayrimlarida ikkinchi yoki uchinchi o‘rinda turadi.
Abu Hanifa – Imom A’zamdek zotning mazhabida bo‘lganimiz va yurtimizdan chiqib, shu mazhabning keng yoyilishi va shar’iy fatvolarning xalqimizga yetkazib berishda bebaho asrlari bilan islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Hafs Kabir va Sag‘ir kabi olimu ulamo, faqihu fuqaholarning bizning zaminimizdan chiqarib qo‘ygani hamda dunyo musulmonlarining 60 foizga yaqini shu mazhabga mansub ekani uchun Haq subhanohu va taologa cheksiz hamdu sanolar va benihoya shukronalar aytishimiz va shunday hidoyat yo‘lini ko‘rsatib beradigan to‘g‘ri yo‘limiz turganda turli zalolat hamda gumrohlikka olib boradigan oqim va toifalarning tuzog‘iga tushib qolmaslikni ham O‘zidan so‘rab turmog‘imiz zarur bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizning mazhabimizga mustahkam bo‘lib amal qilishimizni saodatini muyassar etsin.

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari