Diniy atamalar (hijrat, jihod, shahidlik)ni noto‘g‘ri talqin qilish.

Islom dini o‘n to‘rt asrdan oshiq vaqtdan buyon musulmonlarning dasturul-amal dini bo‘lib kelmoqda. Lekin bu vaqt mobaynida juda ko‘p sinovlar va fitnalarni boshdan kechirdi. Xavorijlar bilan boshlangan bo‘linishlar, mo‘’tazila, qadariya va jabariya kabi juda ko‘p firqalar bilan davom etdi. Ammo ularga Qur’on va Sunnatni mahkam tutgan ulamolar tomonidan raddiyalar berilib, ahli sunnat aqidasi va yo‘li saqlab qolindi. Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy kabi ulamolar adashganlar g‘oyalarini changdek sochib tashlashdi. Islomning qancha asl qoidalariga hujumlar bo‘lsa ham, Allohning marhamati, so‘ngra ulamolarning sa’y-harakatlari bilan to‘g‘ri yo‘l saqlab qolindi. Bu fitnalar asrlar osha ham susaymadi. Bizning asrimizga kelib fitna o‘choqlari ko‘paydi va fitnachilarning tegirmoniga suv qo‘yadigan manqurtlar to‘dasini hosil qilish uchun zamin yaratila boshlandi. Buning eng oson yo‘li Islom qoidalarini buzib ko‘rsatish va boshqalarni bunga ishontirish edi. Rivojlangan taraqqiyot zamonida internet orqali tashlangan tuzoqlar o‘z natijasini berdi va ko‘plab ilmsiz kishilar, xususan yoshlarni o‘z domiga tortishga erishdi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun g‘araz maqsadli kimsalar hijrat, jihod va shahidlik kabi tushunchalarni teskari va noto‘g‘ri talqinda tarqata boshladilar. Aslida bu atamalarning mazmun-mohiyati qanday edi?

Hijrat – lug‘atda “tark qilish”, “tashlab ketish”, “o‘z vatanidan boshqa joyga ko‘chish” ma’nolarida keladi. Istilohda esa – diniga erkin amal qilish imkoni bo‘lmaganda va yurtida namoz, ro‘za kabi farz ibodatlarni bajarish amri-mahol bo‘lgandagina, qodir kishilarning boshqa yurtga ko‘chishlarini anglatadi.

Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra hijrat tang holat yuzaga kelganida, ya’ni asosiy farz amallarni bajarish imkoni qolmagandagina amalga oshiriladi. Bunga Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga suiqasd qilinganda Madinaga hijrat qilishlari va musulmonlarning Habashiston va Madinaga hijrat qilib jon saqlaganlari misol bo‘ladi. Hatto Rosululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib ketayotganlarida, Qurayshning zulmi bo‘lmasa, Makkani tark etmasliklarini aytadilar. Makka fath etilgandan keyin esa, Madina ahli bilan Madinada qolish bo‘yicha kelishuvlari borligi uchun, Madinaga qaytadilar. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

عن عبد الله بن عمرو يقول: قال النبي صلي الله عليه وسلم: المسلم من سلم المسلمون من لسانه و يده و المهاجر من هجر ما نهي الله عنه

“(Komil) musulmon – uning tilidan va qo‘lidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishi, (haqiqiy) muhojir – Alloh qaytargan narsalarni tark qilgan kishidir”, deyilgan. Ya’ni hijrat shartlari to‘liq topilib hijrat qilganda ham gunohlardan saqlanmasa komil muhojir bo‘lmas ekan. Ulamolar: “Islom arkonlari va shiorlari bajarilib turgan yurtlarni “dorul harb” ya’ni urush diyori deyilmaydi va u yerdan hijrat qilinmaydi”, deyishgan. Fitnachilar esa bunday yurtlarni “dorul harb”, “dorul kufr” deb e’lon qilib,  “biz tomonga hijrat qilib kelmasang, kofir bo‘lasan” deb, g‘o‘r kishilarni domiga ilintirmoqda. Yuqorida zikr qilingani kabi hijrat joni va dinini saqlash uchun tinch-xotirjam bir joyga ko‘chishdir. Hozir esa, asosan ijtimoiy tarmoqlardan turib musulmonlarni hijratga da’vat qilayotganlar yurtimiz kabi tinch-omon joydan na dini, na joni omonda bo‘lmaydigan, kim kimning bayrog‘i ostida jang qilayotgani ma’lum bo‘lmagan, urush maydonlariga kelishni targ‘ib qilmoqdalar. Bu hijratning mazmun-mohiyatiga mutlaqo teskari. Buning ustiga qo‘yni puch yong‘oqlarga to‘ldirilgan “muhojirlar” u yerga borgandan keyin vaziyat butunlay boshqacha ekanini anglaydilar. Borgan joylarida musulmon musulmonni qonini to‘kishdan, zo‘ravonlik va o‘lja to‘plashdan boshqa ish yo‘qligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Lekin kech bo‘lgan, orqaga qaytmoqchi bo‘lishsa, jonlari xavf ostida qoladi, ikki o‘t orasida qoladilar. Agar ular ilm olganlarida, din-diyonatni puxta biladigan ustozlarni, olimlarni so‘zlariga quloq tutganlarida o‘zlariga yaxshi bo‘lardi. Musulmonlarni qonini to‘kmas, balki ularga biror foydasi tegadigan ish bilan shug‘ullanishardi. Bir musulmonni hech sababsiz o‘ldirgan kishi Qiyomatda Alloh taologa qanday hisob beradi, vaholanki, hech bir asossiz odam o‘ldirish eng katta gunohlardan biridir.

Jihod – lug‘atda “jiddu-jahd bilan harakat qilish” ,  “bor imkoniyatni ishga solib, qattiq harakat qilish”  kabi ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa – dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.  Bu ta’rifga ko‘ra, qachon dushman bostirib kelsa, hammaga dushmanga qarshi kurashish lozim bo‘ladi. Fitnachilar da’vo qilganidek, Suriya yoki Afg‘oniston kabi mamlakatlarga musulmon davlatining chegaralarini buzib kirib, musulmonlarni o‘ldirish jihod emas, balki katta gunohdir. Bazi qora kuchlarning geosiyosiy maqsadlari tufayli tashkil qilingan urush o‘choqlariga borib jang qilish, hech qanday jihod emas, balki dunyo hamjamiyati oldida Islomni vahshiy va johil qilib ko‘rsatishdir. O‘sha g‘arazli uchinchi tomonning ishini rivojlantirish, yordam berishdir.  Vaholanki, Alloh taolo odamzotni yerni vayron qilish uchun emas, obod qilish uchun yaratgan, Rosululloh  sollallohu alayhi vasallamni insoniyatga azob qilib emas, rahmat qilib yuborgan. Alloh taolo Anbiyo surasi 107-oyatida shunday deydi:

«و ما ارسلناك الا رحمة للعالمين»

“Biz seni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”

Ha, U zot keltirgan  Qur’on va Sunnat butun koinotga; jonli va jonsiz mavjudodlarga ham rahm-shafqat o‘laroq yuborilgan. Insoniyatni jaholatdan, zalolatdan ma’rifat va hidoyatga chiqarish uchun yuborilgan. Islomning asl mohiyatini buzib ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q.

Jihod so‘zi faqat qurolli urush ma’nosida kelmaydi, balki ma’naviy kurashni ham ifodalaydi. Imom Termiziy Fazola ibn Abiddan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

المجاهد من جاهد نفسه

“Mujohid – o‘z nafsu-havosiga qarshi kurashgan kishidir”, deyilgan. Inson o‘z nafsini yengib yo‘lga solmasdan oldin, qanday qilib boshqalarni yo‘lga sola oladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rosululloh  sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojeali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik   darajasini topishligi xabar berilgan. Bugungi kunda ba’zi buzg‘unchilar o‘zini portlatib, o‘zini ham, tinch aholini ham o‘ldirgan kishilarni shahid deb atashmoqda. Misol tarzida Rosululloh  sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi g‘azotlardagi holatlarni keltirishadi. Ammo ushbu rivoyatlarda dushman bilan yuzma-yuz turgan paytda jangga kirgandan keyin halok bo‘lishni rivoyatlarning zohiri ko‘rsatib turibdi. Bu rivoyatlarning birortasi tinch aholi ustiga portlovchi modda bilan kirib borishga qiyosiy dalil bo‘lolmaydi. Hatto sahobalar biror yurtga jang uchun borgan bo‘lsalar ham, bir kishi azon aytganini eshitib qolsalar jangsiz ortlariga qaytishgan. G‘azotlarda qurolsiz kishilar, qariyalar, bolalar, ayollar va ibodatxonalardagi rohiblarga umuman tegishmagan. Tinch aholi orasiga kirib o‘zini portlatgan shaxs, ham o‘z joniga va ham o‘zgalar joniga tajovuz qilgan bo‘ladi. Bu holatda unga shahidlik emas, balki gunohkorlik maqomi beriladi. Alloh taolo Moida surasi 32-oyatida:

«من قتل نفسا بغير نفس او فساد في الارض فكأنما قتل الناس جميعا»

“Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi”, deb ogohlantirgan.

Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi,

Abu Hafs Kabir masjidi imom xatibi A. Abdullayev