«To‘ylardagi isrofdan ko‘ra, pullarni farzandlarning ilm olishlariga sarflaylik»

O‘zbekistonliklar topgan pulini endi dabdabali to‘y o‘tkazishga emas, farzandining ilm olishiga sarflashi maqsadga muvofiqdir. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.
Pandemiya davrida joriy etilgan karantin choralari doirasida O‘zbekistonda to‘y-marosimlarni mehmonlar soni cheklangan holda — 30 kishi bilan o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tartibga to‘laqonli amal qilinmayotgan (va unga amal qilinishi ustidan to‘laqonli nazorat ham yo‘q) bo‘lsa-da, umuman olganda, jamoatchilik to‘ylarning ko‘lami, unga ketadigan sarf-xarajat bir qadar qisqarganidan mamnun.
Vazir Ozodbek Nazarbekov ham to‘ylarning ixchamlashganini fuqaro sifatida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Katta-katta to‘yxonalar kafe yoki restoranga aylantirilib, faoliyatini bemalol davom ettirsa ham bo‘ladi. Shaxsan men fuqaro sifatida ixcham to‘ylarni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki o‘zim bu sohada ancha vaqt yurganman, juda ko‘p holatlarda odamlarga rahmim kelgan. Besh yil Rossiyada yurib, qora mehnat qilib, o‘sha yerda kasal orttirib, lekin topganini bir kunlik to‘yda yo‘q qilish va ishlagani yana xorijga ketish holatlariga shaxsan guvoh bo‘lganman. Xalqimiz orasida katta to‘y qilish bir majburiyatdek qabul qilinib, allaqachon shakllanib bo‘lgan. Aqlan olib qaralsa, bu majburiyat emas. Qurbi yetmasa ham qarz olib, dabdabali to‘y qilgandan ko‘ra, odamlar topgan pulini farzandlarini o‘qitishga, ilm olishiga va shu kabi narsalarga yo‘naltirsa, o‘ylaymanki, o‘zlari uchun ham, jamiyatimiz uchun ham foydali bo‘ladi. Milliy g‘oyani shakllantirish birgina davlatning o‘zini qo‘lidan kelmaydi. Milliy g‘oyani xalq, aniqrog‘i, davlat va jamiyat birgalikda shakllantiradi. Buning uchun esa faqatgina ilm olishimiz kerak, nazarimda. Rosa o‘ynab-kuldik, katta-katta to‘ylar qildik, to‘ylarimizda hatto vertolyot ham ishlatib ko‘rdik — hamma narsa qilib ko‘rdik. Bizda qilingan to‘ylarni dunyoda hali hech kim qilgani yo‘q, eng yuqorilarini ham qildik. Bundan buyog‘iga faqat dabdabali to‘y o‘tkazishga emas, balki ilm-fanga ko‘proq ahamiyat bersak, xalqimiz ham buni to‘g‘ri tushunib, topgan ortiqcha sarmoyasini farzandining ilmi uchun sarflasa, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi», – dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code