Dinsizlik boshga falokat keltiradi

Dinsizlik boshga falokat keltiradi

Ikki dinsiz bir xalta oltin bilan borar edilar. Qanday niyat bilan bormoqdalar, ular o‘g‘irlik yo‘lidamilar yoki qaroqchilik yo‘lidamilar? Biz ishning so‘ngiga e’tibor qarataylik:
Ular oltinni biror kimsa bilib qolmasin deb, qo‘rqib toqqa chiqdilar. Ma’lumki jinoyatchi doimo shubhada bo‘ladi, pashsha uchsa ham cho‘chiydi. Bir-ikki kun o‘tganidan so‘ng ovqat tugagach qur’a tashladilar. Biri shaharga borib ovqat olib keladi, biri esa oltinlarni berkitib qo‘riqlaydi.
Shaharchadan ovqat olib kelgani kegan odam qaytarkan, dinsizligidan bunday deb o‘ylaydi: borib biroz zahar olayinda shu ovqatga solay, keyin hamrohimga uni beray. U ovqatni yeb zaharlanib o‘lsin. Bir xalta oltin menga qolsin. Oltinlarni bir yerga ko‘mib, oz-ozdan olib yurayin.
Oltinlarning oldida qolgan odam bunday deb fikr yuritadi: shu qoya orqasiga o‘tirib hamrohim kelayotganida bir urib o‘ldirsam oltinlarning hammasi menga qoladi.
Oltinlarning oldida qolgan odam hamrohi kelishi bilan uni urib o‘ldirdi. So‘ngra o‘zi o‘tirib zaharli ovqatni yedi… Bir xalta oltin esa hayvonlarga qoldi.
Ushbu hikoyani juda ko‘p marotaba o‘qigan, eshitgan bo‘lishimiz mumkin, ammo uni mohiyatini tushunish kelganda esa, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yish kerak emas. Hirsning tovoni yo‘qdir. Dinsizlik aslida, juda og‘ir bir dard hisoblanadi. Dinsiz odamning qo‘liga amal tegsa, birovga kun bermaydi. Dinsizlik bag‘ri toshlikdir. Insonni inson etuvchi dindir, imondir. Insonga mehr-shafqat hissini beruvchi rahmdillikdir.
Bir narsaga e’tibor bering: din o‘z holicha yashay olmaydi. U xalq bilan tirik. Alloh taolo o‘zi yaratgan xalqning to‘g‘ri, imon-islomda, halol-pok yashashi uchun ham dinni tushirdi. Shunday ekan uni asrab-avaylab avlodlarga yetkazish har bir musulmonning ishi bo‘lishi kerak. O‘zini tanigan odam uchun dinsiz hayot jahannamning o‘zi desam ba’zilar xafa bo‘lishlari mumkin, ammo tuzsiz taomday gap. Yashayverasan, ammo unda yeb-ichish, bola-chaqa orttirish, bir so‘z bilan aytganda, o‘tkinchi hoyu-havaslardan boshqa hayotning tub ma’nosini anglamay o‘tadi kishi.
Alloh taolo o‘z Qur’onida shunday deydi:

فَفِرُّوا إِلَى اللَّهِ ۖ إِنِّي لَكُمْ مِنْهُ نَذِيرٌ مُبِينٌ

Bas, faqat Allohgagina qoching. Albatta, men sizlarga Undan (kelgan) ochiq-oydin ogohlantiruvchiman. (Odatda inson xavfu xatardan, balo-ofatdan qochadi. Bu oyatda tilga olingan xavf-xatar – dinsizlik, g‘aflat va osiylikdir, undan qochish gunoh va harom ishlarni tark etib, Allohga iltijo etish bilan bo‘ladi. Allohga qochishda inson uchun ulug‘ saodat va martaba bordir.) Zariyat surasi 50-oyat.

Dinsizlardan, dinsizlikdan naf ko‘rmoqchi bo‘lganlarning boshiga avval-oxir faqat falokat keladir. Alloh taolo millatimizni dinsizlik balosidan saqlasin. Omin…! vatan, millat uchun, dini, iymoni uchun fidoyi jon etuvchi nasllar yetishtirishda aziz millatimizga Alloh taolo lutf etsin. Omin!

Nilufar Berdiyeva,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code