Harakat, davomiylik va himmat haqida

Harakat, davomiylik va himmat haqida

 

Tolibi ilm tirishqoq, darsda bardavom va mulozamatli bo’lishi kerak. Bunga Qur’on karimda ham ishora bor. Alloh taolo Maryam surasining 12 oyatida: “(Biz unga): “Ey, Yahyo! Kitobni (ya’ni Tavrotni) jiddiylik bilan qo’lga ol!” – (dedik) va unga go’daklik chog’idayoq hikmat (va ilm) ato etdik”deb, marhamat qilgan.Shuningdek, Ankabut surasining 69 oyatida “Bizning to’g’rimizda (yo’limizda) jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O’z yo’llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!”, degan.

She’r:

Baxt iqbol boisi emas sa’y harakat,

Beharakat baxtu iqbol ham bebarakat.

Qancha qulkim bo’lgay bunda hurga misol,

Qancha hurkim bo’lgay bunda qulga timsol.

Aytilishicha, qiyinchilikning miqdoriga qarab ko’zlagan maqsadlarga etilar ekan. Ta’lim olishda uch kishiga ehtiyoj seziladi.

  1. Tolibi ilm. 2. Ustoz. 3. Ota (agar tirik bo’lsa).

Shayx, buyuk imom, ustoz Sadiduddin She’roziy menga Imom Shofeyning she’rlarini o’qib berdi.

She’r:

Yaqinlatar olis ishni jiddu jahd,

Ochar yopiq eshiklarni jiddu jahd.

Maxluqotning haqlirog’i g’am alamga,

Oliy himmat bir kishi mubtalo tor hayotga.

Dalil bo’lar uning hukmi ila qazosiga,

Yaxshi yashar ahmoq ila qiynalgan bir donogina.

Aql ila ne’matlangan boyliklardan mahrum bo’lar,

Bu ikki zid hamisha bir biridan ayro yurar.

She’r:

Nazari o’tkir faqihga aylanishni istaysan,

Qiyinchilik chekmasdan unda majnun bo’lib san.

Mashaqqatsiz hatto kasb qilinmaydi mol,

Endi ilm qanday bo’lar hosil.

Abu Tiyb Mutanabbiy: «Odamlarning ayblari ichida, biror narsani mukammal qilishga qodir bo’la turib, chala yarim holda qoldirishi kabi aybli ishni ko’rmadim», degan.

Tolibi ilm tunlarini bedor o’tkazishi juda ham zarur. Bu haqda shunday she’r bor.

She’r:

Beriladi oliylik mashaqqat miqdoricha,

Uni istar kishi bedor bo’lsin har kecha.

Azizlikni istaysan lek uxlaysan tunda yotib,

Sho’ng’imaysan dengizga durru gavhar axtarib.

Shonu sharaf oliy himmatga qaram,

Kim tunda bedor ul topg’usi karam.

Tunda Robbim uyquni man tark ayladim,

Rozi qilmok chun sani Robbim Mavloyim.

Har kishikim mashaqqatsiz izzat talab,

Ketgay umri zoe qilgani chun muholni talab.

Ilmu irfon tahsiliga tavfiqi ato,

Ham etkur mani istaklarima intiho.

Bir nazm keltiray, tunlarni tuyaga aylantir shu orqali maqsadingga etasan. Musannifning ushbu ma’noga yaqin bir she’ri ham bor.

She’r:

Istar kishi orzulariga etmakni butkul,

Anga etmakka tunlarin aylasin duldul.

Oz emak birla saharlarda bo’lib san bedor,

Gar istasang kamolatni ey sohibi dildor.

Kim tunlari bedor bo’lsa,kunduzi ham qalbi quvonchga to’la bo’ladi. Tolibi ilm darsda bardavom bo’lish bilan birga kechaning avvali va oxirgi qismida ko’p takror qilishi kerak. Chunki shom va xufton namozlari orasidagi vaqt va sahar pallasi barakalidir.

She’r:

Ey tolibi ilm aylagin taqvoni lozim,

Uyqu birla to’qlikdan kechgaydir olim.

Darsingdan ayrilma, bo’l u bilan doim,

Ilm dars bilan yuksalar va bo’lar qoim.

Tolibi ilm yoshlik chog’lari va yigitlik pallalarini g’animat bilishi kerak.

She’r:

Beriladi istaklar mashaqqat miqdoricha,

Maqsudiga etgay, kim qoim bo’lsa har kecha.

Yoshlik chog’laring bilgin uni g’animat,

Ogoh bo’l davomiymas yoshlik va boshqa ne’mat.

Tolibi ilm o’zini juda qiynab yubormasligi kerak. Aks holda sustlashib o’qishdan to’xtab qoladi. Shuning uchun ham, bu borada muloyim va mo’’tadil bo’lish kerak. Aslini olganda muloyimlik barcha narsalarda asos vazifasini bajaradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh bo’linglar!. Bu din mustahkamdir. Shunday ekan unda muloyimlik ila yuringlar va o’zingizni Alloh taoloning ibodatiga majburlamanglar. Chunki yo’ldan kesilgan odamning na yurishga yo’li va na minishga ulovi bo’ladi» , deganlar.

Yana bir boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nafsing sening ulovingdir. Unga yumshoqlik bilan muomala qilgin», deganlar.

Tolibi ilm himmatni baland qilishi kerak. Qush osmonga ikki qanoti yordamida ko’tarilgani kabi inson ham himmati tufayli yuksaklikka ko’tariladi. Abu Tiyb rahmatullohi alayhidan to’rtlik bor.

She’r:

Hosil bo’lar maqsadlar azimat miqdoricha,

Ezgulikka etilar, kimda karam boricha.

Ulkan bo’lib ko’rinar himmati past ko’ziga ezgulikning ozi ham,

Kichik bo’lib ko’rinar oliy himmat ko’ziga ezgulikning ko’pi ham.

Ilm tahsilida eng avvalo jiddi jahd va oliy himmatli bo’lishtalab etiladi. Kimda himmat bo’lsa, Muhammad ibn Hasanning barcha kitoblarini yod olsin. Bunda jiddi jahd va bardavomlik himmatga qo’shilib ketadi. Natijada kitoblarning aksarini, hech bo’lmasa, yarmini yod oladi. Ammo kimda himmat bo’lsayu harakat bo’lmasa yoki aksincha harakat bo’lib, himmat bo’lmasa bunday odam ilm hosil qilolmaydi.

Shayx, buyuk imom, ustoz Roziddin Naysaburiy “Makorimul axloq” kitobida quyidagi hikoyani keltiradi. Iskandar Zulqarnay mag’ribu mashriqni egallash maqsadida yo’lga otlanar ekan hukamolar bilan mashvarat o’tkazdi. U: “Bir qadar podshohlik deb, safarga chiqamanmi. Axir dunyo o’tkinchi bir matoh bo’lsa, unga egalik qilish ham arzimas ish-ku! Bu oliy himmatlik alomati emas”, dedi. Hukamolar: “Siz dunyo va oxirat mulkiga ega bo’lish uchun yo’lga otlaning”, dedi. U: “Bu yaxshi fikr”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh oliy maqom ishlarni yaxshi ko’radi. Haqir ishlarni esa yomon ko’radi”, dedilar.

She’r:

Oshiqma ishlaringda bardavom ayla uni,

To’g’ri qilmas asoying davomiy kas singari.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi Abu Yusufga: “Sen esi past eding. Seni undan (darsdagi) bardavomlik qutqardi”, degan edi.

Dangasalikdan hazir bo’l. Chunki uning turgan bitgani zarardir.

Quyidagi she’r shayx, imom Abu Nasr Saffor Ansoriydan naql qilinadi.

She’r:

Ey nafsim nafsim sustlashma amalda,

Muloyim bo’l yaxshilik adolat ham ehsonda.

Jumla axyor omiliga qilingay havas,

Balo birla ofatga qolar dangasa kimsa.

O’z o’rnida musannif ham mazkur ma’nolarga uyg’un bir she’r keltiradi.

She’r:

Yalqovlikla dangasalik tashla uni ey nafsim,

Magar xorlik ila haqoratga sobitim.

Yalqovlar chun berilajak nasibadan ko’rmadim,

Murodiga etolmas nadomatmi bilmadim.

She’r:

Qancha qancha nadomat ojizligu hayolar,

Tug’iladi insonda yalqovlikdek balolar.

Ishtibohlarni bartaraf etmoqqa yalqovlik aylama,

Ham ma’lumu ham mashkuk ashyolardan san so’ra.

Aytilishicha, dangasalik ilmning darajasi va fazilatlari haqida fikr yuritib ko’rmaslikdan paydo bo’ladi.Tolibi ilm o’zini ilmning fazilatlari borasida taammul qilaroq, ilm tahsiliga, jiddi jahd qilish va davomiylikka majburlashi kerak. Ilm ma’lumotlarning saqlanib qolishi ila boqiydir. Mol esa yo’q bo’lishga mahkumdir.

Mo’minlar amiri Ali ibn Abi Tolib karramallohu vajhahu bu haqda shunday she’r aytganlar.

She’r:

Rozimizbiz Jabbor qismatiga,

Ilmu donish bizgayu dushmanga mol.

Mana yaqinda foniy bo’lg’usidir mol,

Oriy ilm boqiydir va bezavol.

Manfaatli ilm tufayli yaxshilik ila yod etish qo’lga kiritiladi va bu o’limdan keyin ham davom etadi. Shu jihatdan olim abadiy yashaydi.

Shayx, buyuk imom, din ustuni, ummat muftisi Hasan ibn Ali Marg’inoniy aytgan she’rlar.

She’r:

Johillar o’likdir o’lmasdan burin,

Olimlarchi tirikdir o’lgandan keyin.

She’r:

Jaholat ahli o’likdir o’lmasdan burun,

Jismlari qabrda anga kirmasdan burun.

O’likdir kimki ilmsiz kechirsa hayot,

Emas uning hayoti tark etgach g’aflat.

She’r:

O’lsada boqiy, tirikdir ilmga oshno,

Suyaklar chirik bo’lsa ham, tuproq aro.

Yursa ham er yuzida johilga o’lim,

O’ylaysan tirik deb, lekin u ma’dum.

She’r:

G’animat bil ilmni udir qalblar hayoti,

Chetda bo’lgin jaholat asli qalblar mamoti.

She’r:

Eng oliy martabalar ilm chun esla,

Bo’lak azizlik bor jamoat birla.

Olim uchun azizlik qolgusi ko’proq,

Johilchi o’liboq tortilar tuproq.

Hayhot izzatu ilm g’oyasin etmagay orzu,

Askaru sohibi mulk izzatiga erishgan kishi.

Quloq tuting xabar beray man siza fazli ilmdan,

Hasr bordir bunda hama manoqibning zikridan.

U nur ustiga nurdir, jaholatdan najot bergusi,

Jaholatchi o’tarkan zamon, zulmat aro qolgusi.

Ilm o’rnashganni, tog’ singari himoya etgay,

Mashaqqatdan xotirjam omonda yurgay.

Najot topgay ilm birla, odamlarchi g’aflatda,

Umid qilgay najotni ham ekan joni yurakda.

Kimki osiy erur, shofe bo’lur anga ilmli inson,

Ketar bo’lsa, yomon oqibat jahannam tomon.

Kimki ilm talab, jumla orzuga etmak maqsadi,

Endi kim jamlasa ani, paydo barcha istagi.

Ilm o’zi oliy mansab ey oqil inson,

Etishsangu ilmga ketsa mansab kuydirma jon.

Ketsa dunyo bermay go’zal in’omlarin ham,

Ko’zni yumgil, yaxshi in’om ilm ham.

She’r:

Bo’lsa olim o’z ilmi ila aziz,

Loyiq emas fiqh ilmi e’zozga bejiz.

Bor qancha xushbo’y atir aslo mushkka o’xshamas,

Uchib yurgan qancha qushlar kabboziga etolmas.

She’r:

Fiqh ey uni to’plovchi eng nafis narsa,

Ilm muvaffaqiyatlaridan mahrum bo’lmagay ilm o’qigan kimsa.

Hozirla o’zing uchun bilmagan narsangni har tong,

Ilmning avvali ham, oxiri ham, baxtu iqbol.

Oqil kishiga ilm olishi uchun ilm, fiqh va fahmning lazzati kifoyadir.

Balg’am va rutubatning ko’pligidan dangasalik paydo bo’ladi. Oz eyish balg’amni kamaytiradi. Etmishta tabib unitishga balg’amning ko’pligi sabab ekaniga ittifoq bo’lishgan. Balg’am ko’p suv ichishdan, ko’p suv ichish esa ko’p eyishdan yuzaga keladi. Qotgan non va och qoringa mayiz eyish ham balg’amni yo’qotadi. Mayiz iste’molini chanqashga sabab bo’ladigan darajada ko’paytirib yubormaslik lozim. Aks holda yana balg’am ko’payadi.

Misvok ishlatish ham balg’amni kamaytiruvchi vositalar sirasiga kiradi. Shuningdek, u xotira va fasohatni kuchaytirish bilan birgasunnat hamdir. Qolaversa, unamoz va qur’on qiro’ati savobini ko’paytiruvchi omillardan biridir. Qayd qilish ham, balg’am va rutubatni kamaytiradi. Oz eyishni yo’lga qo’yish uchun uning manfaatlari haqida tafakkur qilish kerak. Salomatlik, iffat va ehson uning manfaatlaridandir.

She’r:

Ordir, so’ngra ordir, so’ngra or,

Taom uchun bo’lsa erkak badkirdor.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uch toifa odamga gunoh qilmasa ham, g’azab bilan qaraydi. Ochofat, baxil va mutakabbir”, dedilar.

Ko’p ovqat eyishda bir qancha zararlar bo’lib, turli kasalliklar va kalta fahmlik shular jumlasidandir. Shuningdek, meshkaylik ham inson zakovatini so’ndiradi.

Jolinus: “Anor (xotirani o’stirishda) juda foydalidir. Baliqning ko’pi zarar. Biroq ko’p anor eyishdan ko’ra bir oz baliq iste’mol qilish foydaliroq”,degan edi.

Molni isrof qilish va to’q qoringa eyish kabi o’ta zararli amallar kishining oxiratda azobga duchor bo’lishiga sabab bo’ladi. Haqiqatda ham ochofat odam o’ta yoqimsiz bo’ladi.

Kam eyishni yo’lga qo’yish uchun taomning yog’lisini va tez hazm bo’ladigani hamda eng shirinini eyish kerak. Qorin to’ygandan so’ng yana taom eyish mumkin emas. Lekin ro’za tutish, namoz o’qish va boshqa mashaqqatli ishlarni amalga oshirish niyati ila ko’p taom eyish bundan mustasno. Xulosa qilib aytganda, niyat to’g’ri bo’lsa, ko’p eyish ham durust bo’ladi.

Arab tilidan Omon Qodirov tarjimasi
Xoja Buxoriy islom bilim yurti o’qituvchisi

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code