SEHR GUNOHI KABIRADIR

SEHR GUNOHI KABIRADIR

Sehr lug‘atda “qoyil qilmoq”, “shaydo qilmoq” va “aldamoq” ma’nolarida keladi. Hadisda ham shu ma’noda kelgan.
عن عبدالله بن عمر رضي الله عنهما؛ أنَّه قَدِمَ رجُلان مِن المَشْرق، فخَطَبا فعَجِبَ الناسُ لِبيانهما، فقال رسول الله صلَّى الله عليه وسلَّم: إنَّ مِنَ البَيانِ لَسِحْرًا – أوْ إنَّ بَعْضَ البَيانِ سِحْرٌ روى الإمام البخاريُّ
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Mashriq (Bani Tamim aholisi) tomondan ikki kishi (Husayn ibn Badr va Amr ibn Ahtam) kelib, odamlarni lol qoldirib nutq so‘zladilar. Shunda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: “So‘zda sehr bor yoki ba’zi so‘zlarda sehr bor”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni “Odamlarni o‘ziga shaydo qilish va o‘ziga qoyil qoldirish xususiyati bor” degan ma’noda. Sehr istilohda bundan xosroq ma’noda ishlatiladi.
Olimlar sehrning istilohiy ma’nosi borasida bir necha so‘zlarni aytganlar. Bu borada “Al-Mavsu’a al-Fiqhiyya al-Kuvaytiyya” kitobida qo‘yidagicha aytiladi.
“Imom Azhariy aytadi: “Sehr – shayton va uning yordamiga yaqinlik hosil qilingach amalga oshiriladigan amaldir”.
Imom Bayzoviy sehrni qo‘yidagicha ta’riflaganlar. “Sehrdan murod uni hosil qilishda shaytonning yordamiga muhtoj bo‘linadigan amaldir”.
Aslida sehr biror narsani haqiqiy holatidan o‘zga holatga aylantirishdir. Sehr qilayotgan kishi botil narsani haq deb ko‘rsatadi. Biror narsani haqiqiy ko‘rinishidan o‘zga ko‘rinishda ko‘rsatib, uni sehrlab qo‘yadi, ya’ni ko‘rinishini burib qo‘yadi”.
Faxriddin ar-Roziy aytadilar: “Shariat istilohida sehr deb, har bir sababi noma’lum bo‘lgan, haqiqiy ko‘rinishdan boshqa holatga haml qilinayotgan, bezab-tuzash va aldov yo‘lida ishlatiladigan ishlarga aytiladi.
Sehrgar ham, shayton ham Allohga osiylik yo‘lida birlashgan sherikdirlar. Sehr gunohi kabiralardan hisoblanib, islom shariatida qattiq qoralangan amallardan sanaladi.
عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: اجتنبوا السبع الموبقات، قالوا: يا رسول الله وما هن؟ قال: الشرك بالله، والسحر، وقتل النفس التي حرَّم الله إلا بالحق، وأكل الربا، وأكل مال اليتيم، والتولي يوم الزحف، وقذف المحصنات المؤمنات الغافلات رواه البخاري
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasalllam: “Yettita halok qiluvchi (gunoh)lardan chetlaninglar – deb aytdilar. Sahobiylar: “Ular nima? Ey, Rasululloh”, – deb so‘raganlarida. Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, sudxo‘rlik qilish, urush kunida (urushdan) qochish va iffatli, mumina va faxsh ishlardan pok ayollarga zinoda ayblab tuhmat qilish”, dedilar.
Sehrning voqe’likda haqiqati va ta’siri bormi?
Ulamolar sehrning haqiqati yoki xom hayolligi haqida ixtilof qildilar. Ahli sunna val jamoadagi ayrim ulamolar “sehrning haqiqati va ta’sir qilish kuchi bor” degan fikrni bildirganlar. Mo‘’tazila va ahli sunnaning boshqa bir qism ulamolari esa “sehrning hech qanday haqiqati yo‘q, aldamchilik va hom hayollardan iborat” deganlar.
Ahli sunna valjamoaning dalillari:
قَالَ أَلْقُوا فَلَمَّا أَلْقَوْا سَحَرُوا أَعْيُنَ النَّاسِ وَاسْتَرْهَبُوهُمْ وَجَاءُوا بِسِحْرٍ عَظِيمٍ
1. “(Muso): «Tashlangiz!» – dedi. Bas, tashlagan edilar, odamlarning ko‘zlarini sehrlab, ularni cho‘chitib yubordilar – ulkan sehr keltirdilar” (Al-A’rof surasi, 116-oyat)
فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ
2. “Bas, ikkovlaridan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganishar edi. Ular Allohning iznisiz hech kimga zarar keltira olmaydilar”. (Baqara, 102-oyat)
وَمِنْ شَرِّ النَّفَّاثَاتِ فِي الْعُقَدِ
4. “Tugunlarga dam soluvchi ayollarning (yomonligidan) yovuzligidan Alloh panohini so‘rayman” (Falaq, 4-oyat).
Shariatning sehrgarga nisbatan belgilagan jazosi qanday?
Abu Hanifa (r.a) sehrgarning sehrgarligi oshkora qilinsa o‘ldiriladi. U sehrgarligini tan olsa, uning qonini to‘kish haloldir. Xuddi shuningdek, musulmon qul, hur va zimmiy qaysi biri sehrgarligini tan olsa, ularni qonini to‘kish joizdir.
Ibn Shujo’ sehrgarga murtad hukmini bergan. Chunki u kufri bilan yer yuzida fasodni tarqatadi.
Imom Shofeiy (r.a) sehrgarlik bilan kofir bo‘lmaydi. Agarchi birovni o‘ldirsa ham”, deb aytgan.
Imom Ahmad (r.a) “Sehrgarlik bilan kofir bo‘ladi, o‘ldirsa ham o‘ldirmasa ham”, deb aytgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, sehr-jodu jamiyatda katta xatarlardan hisoblanadi. Jamiyat hayotiga, oila, do‘st-birodarlar orasiga gina-kudurat, ko‘rolmaslik, adovat soladi. Natijada insonlar o‘rtasida kelishmovchilik va dushmanchilik kelib chiqadi. Demak mo‘min inson bunday salbiy-xatarli ishlardan uzoq bo‘lishi kerak. U jamiyatga faqat manfaat keltiradigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi shartdir.

O‘. Mahmudov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code