Vatan insonga baxt- iqbol beradigan zamindir

Inson har qanday sharoitda dunyoga kelar ekan, u koʼz ochib koʼrgan makoni, qaysi maskanda, mayli, u vayronkor yo koshona, gʼarib yo salobatlidir, odamzod uchun oʼsha yer aziz, muqaddas Vatanidir.
Har bir barkamol inson Vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtning omadliligi va mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto, shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqida Mavlono Fuzuliyning: «Mening bitta hayotim bor, Bordi-yu, mingta hayotimga ega boʼlgan taqdirimda ham, hammasini Vatanimga sarflagan boʼlar edim», deb aytgan soʼzlari har birimiz uchun bebaho oʼgitdir. Vatanga sadoqatli insongina buyuk ishlarga qodir boʼladi.
“Vatan” atamasi aslida arabcha soʼz boʼlib, ona yurt maʼnosini anglatadi.
U keng maʼnoda biror xalq vakillari jamuljam yashab turgan, ularning ajdodlari azal-azaldan istiqomat qilgan hududni anglatadi. Tor maʼnoda kishi tugʼilib oʼsgan uy, mahalla, qishloq nazarda tutiladi. Ibn Xaldun “Vatan – bu insonning tugʼilib oʼsgan yeri, uning goʼdaklik chogʼidanoq mehr qoʼygan oʼchogʼidir”, – deb taʼrif bergan.
Vatan – muqaddas dargoh. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yoʼlida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Paygʼambarimizdan Saʼid ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qilib: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yoʼlida halok boʼlgan kishi shahid maqomidadir”, – deganlar (Аbu Dovud rivoyati).
Vatan himoyasi yoʼlida uxlamasdan poyloqchilik qilgan koʼz egasini doʼzax otashi ham kuydirmas ekan. Bu toʼgʼrida Ibn Аbbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʼambar alayhissalom; “Ikki koʼz egasini doʼzax otashi kuydirmas: biri bu – Аllohdan qoʼrqib yigʼlagan, ikkinchisi – Аlloh yoʼlida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, – deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).
Vatanni himoya qilish naqadar ulugʼ savob hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kirish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
Keltirilgan misollardan maʼlum boʼladiki, Vatan inson uchun muqaddas, hech bir narsa bilan almashtirib boʼlmaydigan tuygʼu, u oʼz-oʼzidan sevilishga, ardoqlanishga va qadrlanishga loyiqdir.
Quyida mashhurlar tomonidan Vatan va vatanparvarlik haqida aytilgan fikrlarda namunalar keltirsak.
“Choʼlda oʼrmalab yurgan jonivorlar ham tugʼilishidanoq oʼz makonlarini biladilar, havoda uchuvchi qushlar ham, dengiz va daryolardagi baliqlar ham oʼz oshyonlarini his qiladilar, hatto bolari va shunga oʼxshashlar ham oʼz uyalarini muhofaza qiladilar, shuning kabi odamlar ham qaerda tugʼilib parvarish topsalar, oʼsha joyga cheksiz mehr qoʼygan boʼladilar.”
Frantsisk SKORINА, belarus adibi.
“Vatanparvarlik – yolgʼiz oʼz vataniga mehr qoʼyishdan iboratgina emas. Bu juda katta his… Bu vatan bilan oʼzini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqatish demakdir.”
Аleksey TOLSTOY, rus yozuvchisi
“Haqiqiy vatanparvarlik barcha munosabatlar va manfaatlardan ustun turadi va insoniyatga mehr-muhabbat bilan mustahkam aloqadadir.”
Nikolay DOBROLYuBOV, rus adabiyotshunosi
Vatan uchun eng qiyin boʼlgan paytlarda uning eng mushkul ishlarini oʼz zimmasiga oladigan kishigina vatanparvardir.
Pyotr PАVLEVKO, rus yozuvchisi
Shunday ekan, har birimiz oʼz vatanimizga boʼlgan muhabbatimizni yanada oshirib, tinchligini qadriga yetib, uni obodligi va rivojlanishi yoʼlida oʼz hissamizni qoʼshaylik.

Said Xudoyqulov, oʼqituvchi