YOMONLIKLAR ONASI

Alloh taolo O’z payg’ambari Muhammad alayhissalomni olamlarga rahmat o’laroq yubordi. Zulmatga botgan kavmlarni hidoyatga chorlash maqsadida Nabiy alayhissalomga Qur’oni Karimni nozil qildi. Qur’on ko’plab ishlarni aniq, batafsil tarzda bayon etib. O’sha davrda uchragan  mashhur masala va muammolar hamda keyinchalik uchraydigan ishlarga go’zal va adolatli echimini ko’rsatib berdi. Avvalgi o’tgan payg’ambarlarning qavmlari itoatsizlik qilganlari bois ularning boshiga tushgan balolar, beboshlikning kasofatlarini qissa tarzida bayon etib, musulmon jamiyat a’zolarini bundan ibrat olishga chaqirdi.

Ba’zi tarixiy manbalarda kelishicha arablarda Islomdan avvalgi hayot tarzi mast qiluvchi, bo’shashtiruvchi va kayf beruvchi ichimliklar bilan chambarchas bog’liq bo’lgani hattoki, bu sharoblar choyday doimiy ravishda ichilgani haqida ma’lumotlar uchrab turadi. Bunday buzuqlikka mukkasidan ketgan qavmni tarbiya qilish va ularni bu jirkanch odatlaridan qaytarishday ulkan hamda mashaqqatli ishni Islom dini payg’ambarimiz vositasida asta-sekinlik bilan bartaraf etdi va oliymaqom natijalarga erishdi. Xamr ichkiliklarining harom qilinishi bosqichma-bosqich, tadrij ila amalga oshirilgani haqida oyatlarning tafsiri va hadislarda bir qancha mo’tabar ma’lumotlar mavjud. Alloh taolo O’z inoyati va fazli hamda bandalariga muhabbati o’laroq ichkilikbozlik hamda qimorbozlik kabi illatlarni ilohiy yo’sinda muolaja qildi va kishilarni ya’ni, Islom jamiyati a’zolarini shunday iflosliklardan chetda yashash odatiga olib chiqdi. Bu ilohiy tadbirlar asosida jamiyat chirkanchlik va irkinch odatlardan xalos bo’ldi. Islom bu narsalarning zararlarini e’tirof etish hamda undan qaytarish bilan birga uning foydalarini ham tan olgan va uning foydasidan ko’ra zararlari kattaroq ekanini isbotlab bergan va amaliyotda ham kishilar unga o’zlari guvoh bo’lishgan, qolaversa bunga hozirda ham guvoh bo’lish mumkin, bunga oid misollar ham talaygina.

Xamrning harom qilinishida Umar roziyallohu anhu ko’p jonbozlik ko’rsatidlar va bu haqda oyatlar nozil bo’lishini so’rab astoydil duo qilib turdilar. Shu o’rinda sahoba roziyallohu anhumlarning go’zal fazilatlaridan yana birini ko’rish mumkin edi. Boisi, buyuk sahobiy Umar roziyallohu anhu o’zlari xamrni ichmaganlari holda boshqa birodarlarining iste’moliga jim qarab o’tirmaganlar. Ha, bu baquvvat iymon nishonasi edi. Ayniqsa, oxirgi bosqich ya’ni, xamr harom qilinishi borasidagi to’rtinchi bosqichda nozil bo’lgan oyat u zotga o’qib berilganida oyatga javoban, o’zlari xamrni iste’mol qilmagani hollarida “To’xtadik, to’xtadik” deya javob berganlari ham Muhammadiyya madrasasida ta’lim olgan zotlarning go’zal xulqlaridan bir qismidir, xolos.

Ichkilikbozlik hamda qimorbozlikning jamiyat a’zolariga keltiradigan zararlari ulkan ekani ulamolarimiz tarafidan ta’kidlab kelinadi. Islom ulamolari ummatni doimo jamiyatga zarar beruvchi bu va boshqa illatlarga hamjihat bo’lib birgalikda kurashish lozimshligini uqtiradilar.

 

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Umbarov Nuriislom