OTA-ONAGA EHTIROM KO‘RSATISH VOJIB AMAL

Islom dini insonning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketmasligi uchun har bir ishda o‘z ko‘rsatmalarini berib boradi. Shu jumladan, ota-ona haqlarini farzandlar zimmasiga yuklab, ularga doimo hurmatda bo‘lishga buyuradi. Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi. Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zlariyu fe’llarini hech malol olmaslikka buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Isro surasida shunday marhamat qiladi: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt” (Isro surasi, 23 oyat).

Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amridan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olishga targ‘ib qilganlar. Jumladan: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?”, – deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”, – dedilar. “Keyin nima?”, – dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onadan yetim qolgan bo‘lsalar ham, emizgan onalariga nisbatan yuksak hurmat namunalarini ko‘rsatganlar. Ibn Sa’dning “Tabaqot” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Xadicha onamizga uylanib, Makkada yashab turganlarida yonlariga Halimai Sa’diya kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda” – deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib unga qirqta qo‘y va bitta tuya beradilar.
Hatto bir kuni Halimai Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib:“Onajon!, onajon!”, – deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tqazganlari ham naql qilingan. Halimai Sa’diya roziyallohu anho Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.
Dono xalqimizda “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, “Ota rozi – Xudo rozi” kabi ajoyib hikmatlar bor. Har bir erkak va ayol bu hikmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zini o‘nglashi, xato qilgan bo‘lsa, darrov ota-onalaridan uzr so‘rab, ularning ko‘nglini topish, dillaridan ozorni ketkazish payida bo‘lishi darkor!
Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o‘ting va mening yuzlarimni do‘zaxdan qutqaring”, – der ekan.
Ota-onasi vafot etganlaridan keyin ham yaxshilik qilishni istagan farzandlar ota-onalari nomidan xayru sadaqa va ehsonlar qilsinlar. Qilgan sadaqalari savobini ota-onalariga bag‘ishlasalar, manfaati ularga yetadi. Ota-onadan so‘ng ularning qarindoshlariga, do‘st va dugonalariga yaxshilik qilgan farzand xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgan bilan barobar bo‘lib, umriga ham baraka beriladi.
Farzand ota-onaning roziligini olish uchun quyidagi amallarni bajarishi tavsiya etiladi.

• Avvalo, barcha ishlarda ota-onadan maslahat olish;
• Ota-onaning nasihatlarini jonu dili bilan qabul qilish;
• Gaplashganda muloyim, yoqimli so‘zlar bilan muomala qilish;
• Biror xizmat buyursalar, “labbay”, deb uni bajarish;
• O‘ziga xush ko‘rgan narsalarni ularga ham ravo ko‘rish;
• Ularning oldida baland ovozda gapirmaslik;
• Ularga “uf” yoki “uh” demaslik;
• Ota-onadan oldin taomga qo‘l uzatmaslik;
• Ota-ona kirib kelganda o‘rnidan turish va ulardan oldin o‘tirmaslik;
• Ota-ona huzurida oyoqlarini cho‘zmaslik, yonboshlamaslik;
• Ulardan yuqorida o‘tirmaslik;
• Ota-ona dam olayotganda ularni bezovta qilmaslik, oldilariga ruxsatsiz kirmaslik;
• Ota-onaning ko‘ngillarini topib, roziligini olish;
• Ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sog‘lig‘idan o‘z vaqtida xabar olish;
• Duo qilganda ota-onasining haqlariga alohida duo qilish.
Alloh taolo barchamizni imon va islomda sobitqadam qilsin, bizni tarbiya qilgan ota-onalarimizni hamisha duogo‘y bo‘lishlarini nasib qilsin..

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code