Takfir tushunchasi

Takfir iborasi arab tilidagi “kufr” so‘zining o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda inkor qilish, osiy bo‘lish, tan olmaslik kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa ¬ikki xil ma’noda keladi. Biri – dinda, ya’ni, Alloh va Uning Rasuliga itoatsizlik ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishga nisbatan qo‘llanilgan.
Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan.
Xorijiylar qurol ishlatish orqali o‘z e’tiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Ular musulmonlarni o‘ldirishlikni halol sanaydilar. “Jamal voqeasi” ishtirokchilari, Usmon, Ali, Muoviya, Amr ibn Os, Abu Muso kabi sahobalarni ham kufrda ayblaydilar. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularni avlodi, moli va jonini o‘zlariga halol sanashgan. Ta’kidlash o‘rinliki, xorijiylarning mazkur takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, xalifa Alining ham hayotlariga tajovuz qilingan.
Bugungi kunda mutaassiblar musulmonni assossiz kofirga chiqarib g‘uluvga ketmoqdalar.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).
Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir.
Alloh taolo barchamizga o‘z dinimizni yaxshi anglab yetishimizni, oshkora va maxfiy fitnalarning barchasidan panohida asrashini so‘raymiz.

Asqarov Akbar o‘qituvchi