VERTUAL OLAMDAGI FITNALARDAN OGOH BO‘LAYLIK!

Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan kunni ilg‘or texnologiyalarsiz tasavvur etish o‘ta mushkul. Ular hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Butunjahon o‘rgimchak to‘ri deb ataladigan internetning imkoniyatlari, bugungi taraqqiyotning tezligiga tezlik, kuchiga kuch bag‘ishlayotgani isbot talab qilmaydigan haqiqat. Bugungi kunda ana shu buyuk ixtironing imkoniyatlaridan bahramand bo‘lmagan inson topilmasa kerak. Biroq, bashariyatga naf keltirishi ko‘zlangan ushbu vositadan o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish, odamlarni zalolat va qabohatga undash, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish maqsadida foydalanuvchilar ham yo‘q emas.
O‘z a’zolarini televizor, radio singari zamonaviy texnologiyalarni “bid’at” sanab, ulardan ehtiyot bo‘lishga chorlagan diniy ekstremistik, terrorchi tashkilotlar hozirgi kunda o‘zlari zamonaviy kompyuter texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanmoqdalar. Jumladan,
— terrorchilar aholi orasida qo‘rquv va vahima keltirib chiqarish, o‘z g‘oyalariga ergashmaganlarni yoki ularga qarshi chiqqanlarni ta’qib etish va harakatsizlikka chaqirish;
— O‘zaro aloqani ta’minlash ya’ni ekstremistik tashkilotlar internet nafaqt o‘z safdoshlari, balki boshqa shu kabi tashkilotlarning a’zolari bilan ham xabarlar almashish va ma’lumotlarni yetkazish;
— O‘quv-malaka oshirish. Bunda terrorchilar global tarmoq orqali qo‘lbola bombani yasash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish, ko‘proq qurbonlar keltirish uslublarini muttasil o‘rgatib boradilar. Qo‘llanmalar video, audio va kitob shaklida internetga joylashtiradilar va hokazo.
G‘alamislarning internet orqali hujumlari asosan yoshlarga qaratilgan bo‘lib, ular o‘smirlar uchun qiziqarli bo‘lgan vositlardan ustalik bilan foydalanishmoqda. Jumladan, yoshlarning qiziqishiga qarab, ularni turli videolavhalar va fotosuratlarni tomosha qilishga jalb etish orqali yoki tashqi ko‘rinishidan go‘yoki o‘yin, texnika, sportga doir bo‘lsa-da, lekin ichki sahifalarida faqat buzg‘unchilikni singdiruvchi veb-hujjatlarni taqdim etmoqda.
Bundan tashqari terrorchilarga tegishli internet sahifalarida bolalarga xudkushlik amaliyotini targ‘ib etuvchi maxsus multfilm yaratilgan. Filmdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni terrorchilar talqinidagi “jihod” harakatlariga nisbatan moyillik tug‘dirish va o‘z saflarini ayni ana shu yoshlar hisobidan to‘ldirishdir.
Internetni dunyoga qiyoslash mumkin. Undan nimani axtarsangiz, topasiz. Faqat topilgan narsa to‘g‘ri, ishonchli va eng muhimi zararsiz ekanini bilish uchun insongga ong va tafakkur kerak.
Oq-qorani tanib ulgurmagan, yaxshi-yomonning farqiga bormagan ayrim yoshlar internet orqali uzatilgan ayrim ma’lumot-xabarlarni mutloq haqiqat deb qabul qilish holatlari uchrayotgani kishini jiddiy xavotirga soladi.
Muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish yo‘lida internetdan foydalanayotgan noqonuniy oqimlar sonining ko‘payib borishi natijasida yoshlarimiz bilib-bilmay ularga qo‘shilib qolmoqda.
Xo‘sh, bunday fitna va xatolardan omonda bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Birinchidan, Alloh taoloning kuzatib turganini, U zot hamma narsadan voqif ekanini doim his qilib turish lozim.
Ikkinchidan, internetga muayyan vaqtlarda, o‘z oldiga muayyan vazifa va aniq maqsadni qo‘ygan holda kirishish kerak.
Uchinchidan, o‘zi aytayotgan, eshitayotgan, naql qilayotgan va o‘qiyotgan narsalar haqida ishonchli ilmga ega bo‘lish lozim. (Chunki internet shunday makonki, unda to‘g‘ri kelgan odam soxta ism ostida to‘g‘ri kelgan narsani yozishi mumkin).
To‘rtinchidan, biron xabar yo voqeadan xabardor bo‘lsa, uni chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish lozim.
Niso surasining 83-oyati tafsirida shunday deyiladi: “Ba’zi kishilar biror xabarni eshitishlari bilan hamma yoqqa tarqatishga shoshiladilar. Bundan musulmonlarga foyda bormi, zarar bormi o‘ylab o‘tirmaydilar. Mazkur xabarni tarqatish musulmonlar uchun yaxshimi yoki tarqatmaslik yaxshimi-o‘ylab ko‘rmaydilar. Oqibatda dushmanlar «sovuq urush» (qurolsiz urush) deb nomlangan qabohatni ishga solib, turli-tuman yolg‘onlarni to‘qib chiqaradilar. Musulmonlar ichida g‘ulg‘ula, kelishmovchilik tarqatadilar. Ruhiy, ma’naviy quvvatlarini sindiradilar. Agar musulmonlar o‘z dinlariga amal qilsalar, bunday laqmalik, nodonlik qilmas edilar. Eshitgan gaplarini darhol yoymas edilar. Chunki, Islom hukmi bo‘yicha, eshitgan gapini tarqataverish mumkin emas” (“Tafsiri hilol“ ikkinchi nashr 1- juz 587-bet. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).
Bugun internet imkoniyatlarini, uning foydali jihatlarini hech kim inkor etolmaydi. Faqat undan foydalanish madaniyatini shakllantirmoq, bolalarni unga o‘rgatmoq zarur. Binobarin, yoshlarimizning ruhiy-ma’naviy olamini zararli unsurlardan himoya qilish orqali taraqqiyot poydevori yaratiladi.
Shu o‘rinda terrorchilarga tegishli internet saytlarini farqlab olish hamda bundan yoshlarni ogoh etish maqsadida, ularga taalluqli bo‘lgan sahifalarning o‘ziga xos xususiyatlarini keltirib o‘tmoqchimiz:
• ular sahifalarida va guruhlarida o‘zlarini yagona to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilar deb hisoblab, o‘zlariga ergashmaganlarni kofir sanashadi;
• iymon keltirmagan yoki boshqa dinga e’tiqod qiladigan har qanday kishini dushman deb aytishadi;
• yer yuzida adolat o‘rnatishning yagona yo‘li-islomiy davlat qurish va shu maqsadda “hijrat” va “jihod” qilish g‘oyalarini ilgari surishadi;
• o‘zlarining jinoyatchi to‘daboshilaridan boshqa olimlarni qoralab, ularni haqoratlashadi va yomonotliq qilishadi;
• davlat hokimiyatiga nisbatdan norozilik kayfiyatini uyg‘otish va mavjud kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali odamlarni vahimaga solishadi;
• xalq bilan go‘yoki yaqinligini bildirish maqsadida ularning qiyinchiligi va tashvishlariga “sherik” qilib ko‘rsatishadi, aslida esa ularning diniy tuyg‘ularidan ustalik bilan foydalanishadi;
• ixtilof chiqaradigan masalalarni o‘z sahifalari orqali yoritib, odamlarga o‘z qarashlari to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishga urinishadi.
Din niqobidagi g‘arazli kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirish maqsadida o‘zlarini “yaqin do‘st” yoki “hidoyatga chorlovchi” sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmoqda.
Ular targ‘ib etayotgan g‘arazli da’vatlar ta’siriga qarshi kurashda yuksak diniy-milliy qadriyatlar-diyonat, poklik, halollik, odamiylik, hayo va iffat kabi fazilatlarning o‘rni beqiyos, albatta.
Ushbu fazilatlarni yosh avlod qalbi va shuuriga chuqur singdirish barobarida ularni har xil zaharlovchi unsurlar yomonligidan asrashda aslo sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Agar biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharli mafkuralardan qat’iyat bilan himoya qilsak, har qanday g‘arazgo‘y kuchlar mamlakat mustaqilligi va uning porloq kelajagiga raxna sola olmaydi.

Azamat USMONOV