Yoshlarni diniy mutaassiblik va aqidaparastlik g’oyalaridan asrash

Yoshlarni diniy mutaassiblik va aqidaparastlik g’oyalaridan asrash

So’ngi yillarda islom dinini o’zlariga niqob qilib olgan bir guruh manfur kimsa va toifalar paydo bo’ldi. Ular jamiyat o’rtasida buzg’unchilik, nohaq qon to’kilish kabi salbiy holatlarni avj oldirib, musulmonlar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarish hamda nifoq solishga harakat qilmoqdalar. O’zlarini «Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa» deb e’lon qilgan holda begunoh musulmonlarning o’limiga sabab bo’lmoqdalar. Eng yomoni, ular o’z hatti-harakatlarini asoslash uchun har bir musulmon uchun muqaddas bo’lgan Qur’oni karim va hadisi-shariflarni o’zlarining maqsadlari yo’lida tafsir va ta’vil qilib musulmonlar o’rtasida nifoq chiqarishga urinmoqdalar.

Islom dini har qanday og’ir sharoitda ham terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta’limotiga ko’ra, nohaq to’kilgan qon kimning qoni bo’lishidan qat’iy nazar, eng og’ir gunoh hisoblanib, uning jazosi ham og’ir ekani ma’lum bo’ladi. Yana oyatga murojaat qilaylik: «Biror jonni o’ldirmagan yoki Erda (buzg’unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o’ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o’ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o’limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir».

Islom dinida insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga hatto yov bilan jang qilish asnosida ham rioya qilishga buyuriladi. Haddan oshish, tajovuzkorlik va zo’rovonlik qattiq qoralanadi. Masalan: «Albatta, Alloh haddan oshuvchilarni (tajovuzkorlarni) yomon ko’rgay».

XX asr insoniyat tarixida diniy ekstremizm va terrorizm kabi illatlar bilan tarixda alohida o’rin egalladi. Terrorizmni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto’g’ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. U kimning va nimaning nomidan qilinishidan qat’iy nazar, uni amalga oshiruvchi shaxs javobgar hisoblanib, tegishli jazoga mahkum etilishi lozim.

Dunyoda tinchlikni saqlash uchun hamma imkoniyat safarbar qilinishi kerak. Biz Alloh taolo tarafidan Er yuzini obod qilishga amr etilganmiz. Bizning dinimiz odamzot u yoqda tursin, oddiy jonivorga ham ozor bermaslikka buyuradi, zeroki u tinchlik dinidir.

Islom nuqtai nazaridan terrorizm so’zini tahlil qiladigan bo’lsak, u Qur’oni karim va hadisi shariflarda «fasod», «e’tido», «safkud-dimo», «qatlunnafs» kabi lafzlar bilan ta’bir etilgan. Ya’ni, er yuzida buzg’unchilik, qo’poruvchilik, nohaq qon to’kish, tajovuzkorlik mazmunida kelgan bo’lib, uni amalga oshiruvchilar qattiq qoralangan.

Er yuzida buzg’unchilik va qo’poruvchilik ishlarini amalga oshirgan shaxslarga nisbatan Qur’oni karimda oliy jazo belgilangan. Masalan: «Darhaqiqat, Alloh va Uning payg’ambariga qarshi jang qiladigan va Er yuzida buzg’unchilik qilib yuruvchilarning jazosi — o’ldirilish yo chormixlanish yoki oyoq-qo’llarining qarama-qarshi tomondan kesilishi yoxud erdan (vatandan) quvg’in qilinish. Ana shu (jazo) ular uchun bu dunyoda sharmandalik, oxiratda esa, ular uchun ulkan azob ham bordir».

Payg’ambarimiz (s.a.v) o’zlarining ko’plab hadisi shariflarida mazkur ishlar to’g’risida ogohlantirganlar. Masalan: «Yov bilan harbiy to’qnashuvni orzu qilmangiz, balki Allohdan xotirjamlik va osudalik tilangiz».

«Qiyomat kuni odamlardan birinchi navbatda nohaq to’kilgan qonlar to’g’risida so’roq qilinur».

Ekstremistlarning aqidasi bo’yicha islomga da’vat etishning yo’li faqat ig’vogarlik, jangu jadal, urush, harbiy to’qnashuvdan iborat.

Hokimiyatni bosib olish yoki konstituttsiyaviy tuzumni ag’darib tashlashga qaratilgan jinoiy harakat sodir etish uchun o’z kuchlarini birlashtirgan shaxslarni islom dini nuqtai nazarida bog’iylar deb atash mumkin. Ya’ni, musulmonlar haqli ravishda hukumdorlik qilayotgan podshoh qo’l ostida tinch va osoyishta yashab turganlarida o’zlari ichidan unga qarshi bosh ko’targan kishilar toifasi bog’iylardir. Bog’iy toifaning xuruji zulm sababli emas, balki o’zlarini haq, podshohni nohaq deb bilish, hokimiyat talashish maqsadida bo’lsa, bunday to’daga qarshi podshohga yordam berishga har bir imkoniyatli kishi harakat qilishi zarur. Chunki bunday toifani Rasululloh sallallohu alayhi vasallam la’natlaganlar. U zot aytganlarki: «Fitna uxlab yotgan bir narsadir. Kimki uni uyg’otib yuborsa, unga Allohning la’nati bo’lsin».

Hozirgi kundagi terroristlar aynan fitnachilarning o’zidir.

Ekstremistik ruhdagi «din himoyachilari» o’zlarining jangovor harakatlari, qo’poruvchilik ishlari va ig’vogarona tashviqotlarini oyat va hadislar bilan isbotlamoqchi bo’lib, dalillarni keltirmoqchi bo’ladilar. Masalan, ular tinch aholini o’zlarining e’tiqodi bo’yicha muqaddas sanalgan jihod va jangu jadalga da’vat etib jumladan ushbu oyatni dalil sifatida keltiradi: «Ey, imon keltirganlar! Sizga ne bo’ldiki, Alloh yo’lida (yovga qarshi) qo’zg’alingiz deyilsa, erga og’irligingizni solasiz (chiqmay o’tirasiz),?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo’lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir». Yoki boshqa bir oyatda: «(Urush) taqiqlangan oylar chiqishi bilan mushriklarni topgan joyingizda o’ldiringiz, tutingiz (asr olingiz), qamal qilingiz va har qanday pistirmalarda ularni kuzatib turingiz» kabi o’nlab oyatlarni hozirgi zamon sharoitiga ham tatbiq etmoqchi bo’ladilar. Vaholanki, bu oyatlar Payg’ambarimiz (s.a.v)ga Alloh tamonidan nozil qilingan payt aynan musulmonlarga qattiq ozor bergan va yurtlaridan haydab chiqargan Makka mushriklaridan qasos olish maqsadida hamda musulmonlarga qarshi qo’shin tortib kelayotgan g’ayridinlar bilan Tabuk jangi munosabati bilan nozil qilingan bo’lib, hozirgi zamonga tatbiq etilishi mutlaqo joiz emas.

Ma’lumki, terrorchi va ekstremistik tuzilmalarning asosiy g’oyasi «jihod» yo’li bilan o’z faoliyatini davom ettirishdir. Bu degani doimiy ravishda qaysidir mamlakat xalqini qurolli hujum orqali majburiy ravishda o’z g’oyalari ta’siriga tortish hamda o’zlariga mos sharoit yaratish maqsad qilingan. Ularning «aqida»si bo’yicha «jihod» islomni yoyish vositasidir.

Biz aytamizki, islom dinini qurol vositasi bilan yoyish davri o’tgan. Endilikda bu g’oyani tatbiq etish maqsadida jangarilarni tayyorlash, harbiy mashqlarni davom ettirish islom dinini dunyoga manfur qilib ko’rsatish demakdir. Buning o’rniga tinchlik yo’li bilan islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shavqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar din ekanini amalda namunali tarzda ko’rsatish yo’lini tanlash lozim.

Ayrim aqidaparast tuzilmalar tomonidan aholisining ko’pchiligi musulmon bo’lgan mamlakatlarda garchi islomning beshta arkoni amalda bajarilib kelinayotgan bo’lsa-da, shu kabi yurtlarni «dorul-harb» ya’ni «urush diyori» deya e’lon qilib, ularga qarshi jihod e’lon qilish lozimligini da’vo qilmoqdalar. Vaholanki, bu da’volari shar’an asossizdir.

Shayxul-islom Burhoniddin Marg’inoniyning shogirdi faqih Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy o’zining «Kitob al-fusul» asarining birinchi faslini «dorul-islom» va «dorul harb» masalalari bilan boshlagan.

Hanafiy mazhabi mujtahidlari dorul-islom qanday qilib dorul harbga aylanib qolishi hususida ixtiloflar qilganlar. Abu Hanifa so’ziga ko’ra, dorul harb bo’lishi uchun u mamlakatda shirk hukumlari joriy qilingan, dorul-harbga sanaluvchi mamlakatga bevosita qo’shni bo’lib, o’rtada boshqa musulmonlar yashaydigan shahar bo’lmagan, biror musulmon yoki zimmiy joniga omonlik berilmagan bo’lishi kerak. Mana shu shartlar topilmasa dorul-islom dorul-harbga aylanmaydi. Yana Abu Hanifa aytadi: Modomiki, islom ahkomidan ozgina miqdorda qolgan bo’lsa ham mamlakat dorul-islom hukmida qolaveradi. Shayxul-islom Abu Bakr ham «Siyarul-asl» kitobining sharhida shunday deydi: Mamlakatda modomiki, islom ahli amal qilayotgan islom ahkomidan ozginasi qolgan bo’lsa ham, garchi ahli islomlik alomati qolmagan bo’lsa ham dorul-harbga aylanmaydi. Shayxul-islom Isbiyjobiy o’zining «Mabsut» nomli kitobida dorul-islom atalib kelinayotgan mamlakatda, garchi bitta islom hukmi joriy bo’lib turgan bo’lsa ham, u dorul-islom hukmida qolaveradi.

Ekstremistik ruh bilan yo’g’rilgan qora kuchlar ilohiy manbalarni noto’g’ri talqin qilish bilan o’zlari Allohning huzurida gunohkor bo’lish bilan birga dunyodagi ko’pchilik musulmonlarni chalg’itish va dunyo jamoatchiligiga tashvish orttirish hamda islom dini yovuzlikka chaqiruvchi din timsolida tanitish kabi zararli faoliyatlari bilan o’ta jinoyatkor bandalar qatoridan joy olayotganlari aniq va ravshandir.

Mazkur holatlarni e’tiborga olgan holda hozirgi davrda islom dunyosining barcha olim va ulamolari hamkorlikda islom dini ta’limotini sof holda asrab avaylash, uning ahkomlarini buzib ko’rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma’rifiy uslublar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisoblayman. Allohning o’zi ezgu niyatli kishilarning pok niyat va istaklarini ro’yobga chiqishida madadkor bo’lsin!

Sanatbek  domla Tursunov

“Usmoni Zinnurayn”

jome masjidi imom -xatibi

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan